Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nubuvvat tushishidan oldin, har yili bir oy davomida Makkadagi hayotdan uzoqlashib, Hiro g‘orida toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Tog‘dan tushgach, Ka’bani tavof kilib, uyga qaytardilar. Bir kuni Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam butun vujudlari titrab uyga kirib keldilar va Xadicha roziyallohu anho onamizga:
- Meni o‘rab qo‘ying, meni o‘rab qo‘ying, — dedilar. Xadicha roziyallohu anho nima voqea yuz berganini so‘raganlarida:
- Yo Xadicha, o‘zimdan qo‘rqdim, - dedilar. Suyukli zavjalari esa e’timod va ishonch bilan:
- Yo‘q, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Sabr qiling, balki bu hodisa bir xushxabardir. Chunki sizning to‘g‘riso‘z va halol inson ekaningiz hammaga ma’lum. Umid qilamanki, siz bu ummatga payg‘ambar bo‘lasiz, — dedilar. So‘ngra maslahat so‘rab, amakivachchalari Varaqa ibn Navfal huzuriga bordilar. Varaqa Rasululloh sollallolohu alayhi va sallamdan voqea tafsilotini eshitgach:
- Muborak bo‘lsin, ey Muhammad (sollallolohu alayhi va sallam). Bu Muso alayhissalomga tushgan farishta Nomusdir. Muhaqqaq sen bu ummatning payg‘ambari bo‘libsan, - deya nido qildi. Bu xushxabarni eshitgan Xadicha roziyallohu anho darhol imon keltirdi. Allohga va uning Rasuliga imon keltirgan, Alloh oyatlarini tasdiqlagan ilk inson va ilk musulmon ayol Hazrati Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anho bo‘ldilar. Rasuli Akram alayhissalomni eng qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlagan, mashaqqatlarga to‘la hayotida doimo Nabiy sollallolohu alayhi va sallamning yonidan ayrilmagan ayol ham Hazrati Xadicha roziyallohu anho edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
- Yo Xadicha, olamlarning Robbisi Alloh taolodan Jabroil (alayhissalom) senga salom keltiryapti, — dedilar. Xadicha roziyallohu anho:
- Salom Allohga bo‘lsin. Salom Undan keladi va Unga qaytadi, Jabroil (alayhissalom)ga ham salom bo‘lsin, - dedilar. Shu kundan e’tiboran Rasululloh sollallohu alayhi va sallam barokatlar va mashaqqatlarga to‘la bo‘lgan yangi bir hayotni boshladilar.
Saidabror Umarov tayyorladi
Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.
Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.
Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV