Assalomu alaykum! Bugun dekabr oyining 28, haftaning esa muborak juma kuni.
Hafta davomidagi yangiliklar bilan Jumadan jumagacha rukni orqali habardor bo‘ling!
Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Joriy yilning 21 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish jarayoni bilan tanishish maqsadida qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Ayni paytda markaz qurilishi jadal olib borilmoqda. Bosh pudratchisi “12-trest” aksiyadorlik jamiyati bo‘lgan inshoot poydevori quyilib, devor ko‘tarilmoqda. Qurilish ishlari 3 smenada tashkil etilgan, ishchi-muhandislarga zarur sharoitlar yaratilgan. Qurilish ishlarini ko‘zdan kechirish davomida Prezidentimiz ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston tarixi davrlar bo‘yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini ta’kidladi. “Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Poytaxtda yana bir jome poydevoriga g‘isht qo‘yildi
Alloh taologa shukrki, yurtimizda yangi masjidlarni bunyod etish, mavjudlarini zamonaviy shaklda qayta barpo qilish ishlari davom etmokda. Toshkent shahri Uch tepa tumani “Mirbobo ota” jome masjidining yangi binosi zamonaviylik va milliylikni inobatga olgan holda yangi loyiha asosida qaytadan qurish ishlari boshlab yuborildi. 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etib, masjid binosining birinchi g‘ishtini yaxshi tilak va xayrli duolari ila qo‘yib berdilar.
Markaziy Osiyoning eng yirik masjidi 2019 yilda ochiladi
2019 yilda Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Markaziy Osiyodagi eng yirik masjid namozxonlar uchun o‘z eshiklarini ochadi. Hozirgi vaqtda qurilish ishlarining 70 foizi bajarilgan. Ushbu masjidda qurilish yakunlangach bir vaqtning o‘zida 120 ming namozxon ibodatni amalga oshirishi mumkin. ushbu majmua 4 ta har biri 75 metrlik minoraga ega bo‘ladi. Majmuada kutubxona, muzey, anjumanlar xonasi va yig‘ilish, ma’ruza va mehmonlarni qabul qilish uchun joy ajratiladi.
O‘zbekiston Prezidenti Indoneziya xalqiga hamdardlik bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Indoneziya qirg‘oqlarida yuz bergan kuchli sunami oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakat Prezidenti Joko Vidodoga va Indoneziya xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Istambulda Yevroosiyo Fatvo kengashining III-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 21-22 dekabr kunlari Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida Yevrosiyo Fatvo kengashining III-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish “Zamonaviy davrda fatvo mavzusida duch kelinayotgan muammolar hamda dolzarb iqtisodiy masalalar” mavzusi ostida bo‘ldi. Mazkur yig‘ilishda Yevropa, Rossiya, Kavkaz, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston kabi bir qator davlatlardan Fatvo masalalari bo‘yicha mutasaddi ulamolar ishtirok etishdi. O‘zbekistondan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekov qatnashdi. Eslatib o‘tamiz, Yevroosiyo fatvo kengashi 2016 yilning oktyabr oyida Yevroosiyo Islom kengashining IX-yig‘ilishida ta’sis etilgan. Uning asosiy vazifasi yevroosiyo hududida istiqomat qilayotgan musulmonlarning hayotida uchrayotgan diniy masalalarni hamkorlikda hal etishdan iboratdir.
Jidda shahrida xalqaro kitob ko‘rgazmasi
26 dekabr kuni Jidda shahrida 4-xalqaro kitob ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi. Mazkur ko‘rgazmada 40 ta davlatdan 400 ga yaqin nashriyot tomonidan tayyorlangan 180000 mavzudagi ilmiy-ma’rifiy nashrlar namoyish qilinadi. 2019 yilning 15 yanvariga qadar davom etadigan 4-xalqaro Jidda kitob ko‘rgazmasida har kuni 50000 ga yaqin ziyoratchining tashrifi rejalashtirilmoqda. Mazkur xalqaro 4-Jidda kitob ko‘rgazmasi faoliyati mobaynida 50 dan ortiq madaniy suhbatlar, 60 ga yaqin amaliy san’at, fotolavhalar va arab xatlari namunalari namoyish qilinadi, oila, bolalar va odob-axloqqa doir 55 ta hujjatli film taqdim etiladi.
"Vaqf" fondi ko‘magida masjid qurilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416 son Farmoniga asosan masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash"Vaqf" fondi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. ana shunday hayrli ishlardan biri sifatida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi "Ravot" masjidini ta’kidlash mumkin. mazkur masjid"Vaqf" xayriya jamoat fondi ko‘magida qurilmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan "Kimiki masjidga bitta g‘isht qo‘ysa, Alloh unga jannatdan bir qasr va’da qilgan" degan hadis rivoyat qilingan. Aziz hayru saxovat egalari ushbu ajru savobi ulkan bo‘lgan xayrli ishga siz ham o‘z hissangizni qo‘shing!
«Muruvvat karvoni» xayriya tadbiri Zangiota ziyoratgohida o‘tkazildi
21 dekabr kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan “Muruvvat karvoni” xayriya tadbirining navbatdagi moddiy yordamlari Toshkent viloyatiga yetkazildi. Xayriya marosimi Zangiota tumanidagi "Zangiota" ziyoratgohida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etdi. tadbirda kam ta’minlangan oilalarga zaruriy buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar tarqatildi. Bundan tashqari masjidlarga diniy-ma’rifiy mavzudagi kitoblar, audiokitoblar ham topshirildi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan 20 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari taqdim qilindi. Eslatib o‘tamiz “Vaqf” fondi xayru ehsoningizni o‘z egalariga yetkazishda ochiqlik va xolislikni kafolatlaydi, mablag‘larni shaffoflik asosida haqdorlarga yetkazilayotganini vaqf.uz sayti orqali kuzatib boring.
O‘MI Matbuot xizmati
Yer yuziga eng yaqin bo‘lgan yulduz — Quyosh barcha mavjudotlar, jumladan, insonlar uchun hayotiy muhim sayyoradir. Quyosh barcha organik molekulalar hosil bo‘lishida ishtirok etib, insonlar ham quyosh nurisiz yashay olmaydi.
Quyosh nuri triptofan aminokislotasining serotonin gormoniga aylanishida yordam beradi. U bizga quvonch va o‘zimizga ishonch tuyg‘usini beradi, kayfiyatimizni ko‘taradi. Serotonin kuchli antidepressant bo‘lib, miya, mushaklar va ichki organlar faoliyatini yaxshilaydi.
Quyosh nuri orqali turli kasalliklarga davo topish mumkin, jumladan, immuniteti pasaygan, uyqusizlik, gormonal kasalliklar va mavsumiy affektiv kasalliklarga chalingan odamlar uchun quyoshda toblanish foydali bo‘ladi.
Bundan tashqari, quyosh ultrabinafsha nurlarining yana bir muhim xususiyati mavjud: u teri hujayralarida D vitamini ishlab chiqarishda faol ishtirok etadi.
D vitamini organizmga kalsiyning so‘rilishi uchun zarur element hisoblanadi. U osteoporoz rivojlanishining oldini oladi, suyak to‘qimalarining tiklanishiga yordam beradi va bolalarda suyaklar deformatsiyasi va o‘sish bilan muammolarning oldini oladi.
Quyosh nuri depressiyadan qutqaradi, undan hosil bo‘ladigan D vitamini nafas olish va gormonal kasalliklarning oldini oladi va keksayganda demensiya va ateroskleroz rivojlanishidan himoya qiladi.
Ammo uzoq muddatga quyosh nurlari ostida qolish tanaga zarar yetkazadi.
Quyosh nurlari birinchi navbatda teri va ko‘zlarga ta’sir qiladi. Xususan, yoz faslidagi o‘ta issiq havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshadi va fotodermatit kasalligi yuzaga keladi.
Ortiqcha quyosh nuri immunitetni zaiflashtiradi va teri hujayralarida mutatsiyaga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida teri saratoni — melanoma, retinoblastomaga olib keladi.
Quyosh ostida uzoq qolish homilador ayollar uchun xavflidir. Chunki ortiqcha nurlanish homila rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan B9 vitamini, ya’ni foliy kislotasi miqdorini kamaytiradi.
Oftob nurlarining salbiy ta’sirlaridan yana biri, tomirlarni kengaytirishi va oyoqlarda varikoz, yuzda esa ingichka tomirlarning yorilishidan kelib chiquvchi qizil dog‘lar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishidir.
Quyosh nurlari keyinchalik terining barvaqt qarishini keltirib chikaradi. Chunki bu nurlar teridagi to‘qimalarni bo‘shashtiradi va u tezda qurishib-burisha boshlaydi.
Har yili quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’siridan teri saratoni kasaliga uchrab minglab insonlar hayotdan ko‘z yummoqda.
Yosh bolalar uchun quyoshda yurish yanada xavflidir. Bolalik va yoshlik chog‘ida ko‘p quyoshda qorayganlarda yoshi o‘tgandan keyin teri saratoni kasaliga uchrash ehtimoli ortadi.
Ayniqsa, qorayishni “sog‘lik alomati” deb biluvchilar, bolalik chog‘idayoq keyingi yillarda teri saratoni bo‘lishiga kifoya qiladigan miqdorda quyoshning salbiy ta’sirini olishga ulgurgan bo‘ladilar. Yoz mavsumi tugashi bilan tana rangi ochilishiga qaramay, ultrabinafsha nurlari ta’siri ketmaydi.
Quyoshning zararlari haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini 14 asr avval bunday ogohlantirganlar: “Oftobda o‘tirmang. Oftobda o‘tirish kishi tanasini buzib, kuritadi. Ya’ni, namligini tortib oladi, terisini buzadi. Terisi qurib, kiyimi ham eskiradi. U inson badanidagi yashiringan kasalliklarni yuzaga chiqaradi”.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Albatta, haroratning shiddati jahannamning qaynab chiqqan issig‘idandir”, deganlar.
Shuning uchun, jazirama issiq kunlarda oftob ostida ko‘p qolishdan saqlaning hamda ko‘proq “Allohumma, ajirniy minan-naar” (Allohim, meni do‘zaxdan saqlagin) deb duo qilishni unutmang!
Davron NURMUHAMMAD