Bugun 26 dekabr kuni Jidda shahrida 4-xalqaro kitob ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi. Mazkur ko‘rgazmada 40 ta davlatdan 400 ga yaqin nashriyot tomonidan tayyorlangan 180000 mavzudagi ilmiy-ma’rifiy nashrlar namoyish qilinadi. 2019 yilning 15 yanvariga qadar davom etadigan 4-xalqaro Jidda kitob ko‘rgazmasida har kuni 50000 ga yaqin ziyoratchining tashrifi rejalashtirilmoqda.
Mazkur xalqaro 4-Jidda kitob ko‘rgazmasi faoliyati mobaynida 50 dan ortiq madaniy suhbatlar, 60 ga yaqin amaliy san’at, fotolavhalar va arab xatlari namunalari namoyish qilinadi, oila, bolalar va odob-axloqqa doir 55 ta hujjatli film taqdim etiladi.
Xalqaro ko‘rgazma faoliyatida ma’rifiy mavzularga doir bir qator seminarlar ham tashkil qilinadi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.