Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

“Va qachonki dudga puflansa”

25.12.2018   2937   3 min.
“Va qachonki dudga puflansa”

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

فَإِذَا نُقِرَ فِي النَّاقُورِ

“Va qachonki dudga puflansa” (Muddassir surasi, 8-oyat).

Ushbu oyatdagi “dud” deb tarjima qilingan so‘z arabchada “naaquur” bo‘lib kelgan. Bu Qiyomat oldidan chalinadigan, puflanadigan surdir. Ko‘plab mufassirlar, jumladan, Ibn Abbos roziyallohu anhumo, Mujohid, Sha’biy, Zayd ibn Aslam, Hasan, Qatoda, Zahhok, Rabiy’ ibn Anas, Suddiy va Ibn Zayd kabi ulug‘lar oyatdagi “Naaquur”ni “Sur” deb tafsir qilishgan. “Sur” dunyo oxirlaganda chalinadigan narsa bo‘lib, u chalingach, odamlar qayta tirilib, mahshar maydoniga to‘planadi.

Mujohid rahimahulloh “U (hayvonning shoxidek) shoxga o‘xshagan narsa” deganlar.

“Naqr” degan so‘z arabcha bo‘lib, o‘zbekchada “taqillatmoq”, “chertmoq”, “zarba bermoq”, “chalinadigan narsani chalmoq” kabi “ovoz chiqarish” ma’nolarida keladi.

Qushning daraxtga tumshug‘ini tez-tez urishini ham naqr so‘zi bilan ifoda qilinadi. Shuning uchun qushlarning tumshug‘ini ham “minqor” deyiladi. Bu so‘z ham “naqr” so‘zidan olingan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida “Sur sohibi surni olib, puflashga tayyor bo‘lib, qachon puflashga amr qilinishini kutib turgan bo‘lsayu, men qanday qilib (dunyo ne’matlari bilan) lazzatlanib yuraman” degan mazmundagi hadisni rivoyat qilgan ekanlar. Hadisning davomida sahobalar “Bizga nimani buyurasiz, ey Rasululloh?” deb so‘rashganda, u zot alayhissalom: “Hasbunalloh va ne’mal vakiyl. ’alallohi tavakkalnaa” deb aytinglar” degan ekanlar.

Ulamolar ushbu oyatdagi puflash ikkinchi sur chalinishi ekanini aytishgan. “Bu birinchi sur chalinishi” degan olimlar ham bor. Surni Isrofil alayhissalom puflaydilar.

Abu Janobdan ushbu oyat bilan bog‘liq mana bu rivoyat keltirilgan: “Zurora ibn Avfo bizga imom bo‘ldi. (Muddassir surasini o‘qib,) “Faizaa nuqiro fin naaquur” oyatiga yetganda, joni uzilib, yerga yiqildi”.

Alloh taolo oyatning davomida bunday degan: 

فَذَلِكَ يَوْمَئِذٍ يَوْمٌ عَسِيرٌ عَلَى الْكَافِرِينَ غَيْرُ يَسِيرٍ 

“O‘shal kun, qiyin kundir. U kofirlarga oson emasdir (Muddassir surasi, 9-10-oyatlar).

Ha, bu kun juda og‘ir, shiddatli kundir. Allohga, Payg‘ambarlarga iymon keltirmaganlarga juda og‘ir kun bo‘lib, aslo oson emas. Vallohu a’lam.

Alloh taolo bizga u kunni oson qilsin! Barchamizni jannatiga mehmon aylab, do‘zaxidan panoh bersin, omin! 

 

Ibn Kasir, Tabariy, Qurtubiy tafsirlari asosida

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan amaliy tadbir (videolavha)

10.01.2025   945   1 min.

 

Videolavhalar