Boshingizni ko‘tarib, osmonda qum kabi sochilib ketgan sayyoralar va yulduzlarga boqar ekansiz, shunday bir savol tug‘ilishi mumkin: qachonlardir yulduzlar va sayyoralar to‘qnashib ketmasmikan? Fizik qonunlarga ko‘ra hech qanday kuch ta’sir doirasida bo‘lmagan jismlar tartibsiz harakat qiladi va o‘zaro to‘qnashib ketish ehtimoli bor. Demak, fizik qonunlarga ko‘ra sayyoralar va yulduzlar to‘qnashib ketishi mumkin. Ammo, astronomlardek fikrlaydigan bo‘lsak xulosa o‘zgaradi.
Biz osmonga boqqanimizda, qaysi sayyora yoki yulduz boshqasiga nisbatan Yerdan qanchalik olisroq ekanini aniqlay olmaymiz. Buni yaxshiroq anglab olish uchun Quyosh sistemasiga murojaat qilamiz. Olimlarning ta’kidlashicha sayyoralar hech qachon Quyoshning tortish zonasidan chiqib keta olmaydi. Ular doimo unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan aylana shaklidagi o‘z orbitasi bo‘ylab harakat qiladi. Sayyoralarning harakat tezligi esa ular bilan Quyosh o‘rtasidagi masofaga bog‘liq holda belgilanadi. Fikrimizni isbotlash uchun tasavvuringizga tayangan holda siz bilan kichkina ilmiy tajriba o‘tkazib ko‘ramiz.
O‘z boshingizni Quyosh deb va u Quyosh sistemasida, Quyoshning o‘rnida joylashgan, deb faraz qiling. U holda boshingiz turli diametrdagi bir necha aylana markazida bo‘ladi. Bu aylanalar sayyoralarning Quyosh atrofida harakatlanadigan orbitasidir. Agar boshingiz markazda joylashgan bo‘lsa, Merkuriy sizdan 6 metr narida bo‘ladi. Uning boshingizga nisbatan o‘lchami ushbu gap oxiridagi nuqtaga tengdir. (Boshingizning o‘lchami Quyosh o‘lchamiga teng ekanini unutmang.) Venera — Cho‘lpon 11,9 metr naridagi orbita bo‘ylab harakatlanadi, uning o‘lchami “o” harfiga teng. Uchinchi aylanada bizning sayyoramiz Yer joylashgan. U Veneradan bir oz kattaroq. Boshingiz bilan uning o‘rtasidagi masofa — 16 metr (aslida esa bu masofa, taxminan, 150 000 000 km.ni tashkil etadi). To‘rtinchi aylanada Yerdan bir oz kichikroq Mars — Mirrix joylashgan. Uning boshingizdan uzoqligi — 25 metr. Navbatdagi sayyora — Yupiter — Mushtariydir. U — sayyoralar ichida eng yirigi. Boshingiz (Quyosh) bilan taqqoslaganda, u shisha sharcha kattaligidadir, o‘rtadagi masofa futbol maydoni bo‘yicha keladi. Oltinchi aylanadagi sayyora Saturn — Zuxaldir. Uning diametri — 12 mm, Yupiterga nisbatan ikki marta olisda joylashgan. Diametri 5 mm Uran Saturndan ham ikki marta uzoqdadir. Urandan bir oz kichik bo‘lgan Neptun Uran bilan Quyosh o‘rtasidagi masofaning yarmida joylashgan. Yerdan ikki marta kichik bo‘lgan Pluton esa Yupiterdan 8 marta uzoqda joylashgan. Ularning barchasi atrofingizdagi o‘z orbitalari bo‘ylab hech bir o‘zgarishsiz harakat qilayotganini esga olsangiz, ularning o‘zaro to‘qnashib ketish ehtimoli deyarli yo‘q ekanligini anglab yetasiz.
Ushbu tajribadan xulosa qilish mumkinki, Quyosh sistemasidagi, umuman butun koinotdagi sayyoralar va yulduzlar ma’lum bir qoidaga asosan harakatlanadi. Olimlar esa mazkur holatga quyidagicha izoh bergan: osmon jismlarining barchasi tartib bilan qandaydir kuchga bo‘ysunib harakatlanadi. O‘sha kuch tomonidan o‘zlariga tegishli vazifani bajarish uchun bo‘ysundirilgandek, go‘yo. Olimlar haq edi! Zero, Alloh taolo O‘z kalomi bo‘lmish Qur’onu karimda shunday marhamat qiladi:
“...quyosh, oy, yulduzlarni O‘z amriga musaxxar (mute) qilib qo‘ygan Allohdir. Ogoh bo‘lingizki, yaratish va buyurish Unga xosdir”. (A’rof, 54)
“U sizlar uchun kecha va kunduzni, Quyosh va Oyni bo‘yin sundirib qo‘ydi. Yulduzlar ham Uning amriga bo‘yin sundirilgandir. Albatta, bunda anglaydigan kishilar uchun (Uning qudratiga dalolat qiluvchi) alomatlar bordir”. (Nahl, 12)
“(Yulduzlar harakat qiladigan) yo‘llar egasi bo‘lmish osmon bilan qasamyod etamanki...” (Zoriyot, 7)
“Na Quyosh Oyga yetishi mumkin va na tun kundan o‘zuvchidir. (Quyosh, Oy va yulduzlarning) har biri (bir) falakda suzib yuradilar”. (Yosin, 40)
Nafaqat osmon jismlari, sayyoralar va yulduzlar balki butun borliq va undagi yaratilganlarning barchasi Alloh taolo belgilab bergan qoidalar asosida harakatlanadi, yashaydi va o‘z vazifasini bajaradi.
Xoliq va Qodir bo‘lgan Zotga behisob hamd-u sanolar bo‘lsin!
Xulosa o‘zingizdan!
Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Jannat sizlarning har biringizga kavushining bog‘ichidan ham yaqinroqdir, do‘zax ham xuddi shunday” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sharh: Ushbu hadisda ozgina bo‘lsada, yaxshilik qilib qolishga targ‘ib va ozgina bo‘lsada, ham yomonlik qilishdan qaytarish bor. Chunki toat-ibodat insonni jannatga yaqinlashtiradi, gunoh-ma’siyat esa, uni do‘zaxga yaqinlashtiradi. Alloh taolo aytadi: “Kim bir zarra miqdoricha yaxshilik qilsa, uni ko‘radi. Kim bir zarra miqdoricha yomonlik qilsa, uni ham ko‘radi” (Zalzala surasi, 7-8-oyatlar).
Homidjon qori ISHMATBЕKOV