Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Yulduzlar ham bo‘ysunadi

24.12.2018   3810   4 min.
Yulduzlar ham bo‘ysunadi

Boshingizni ko‘tarib, osmonda qum kabi sochilib ketgan sayyoralar va yulduzlarga boqar ekansiz, shunday bir savol tug‘ilishi mumkin: qachonlardir yulduzlar va sayyoralar to‘qnashib ketmasmikan? Fizik qonunlarga ko‘ra hech qanday kuch ta’sir doirasida bo‘lmagan jismlar tartibsiz harakat qiladi va o‘zaro to‘qnashib ketish ehtimoli bor. Demak, fizik qonunlarga ko‘ra sayyoralar va yulduzlar to‘qnashib ketishi mumkin. Ammo, astronomlardek fikrlaydigan bo‘lsak xulosa o‘zgaradi.

Biz osmonga boqqanimizda, qaysi sayyora yoki yulduz boshqasiga nisbatan Yerdan qanchalik olisroq ekanini aniqlay olmaymiz. Buni yaxshiroq anglab olish uchun Quyosh sistemasiga murojaat qilamiz. Olimlarning ta’kidlashicha sayyoralar hech qachon Quyoshning tortish zonasidan chiqib keta olmaydi. Ular doimo unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan aylana shaklidagi o‘z orbitasi bo‘ylab harakat qiladi. Sayyoralarning harakat tezligi esa ular bilan Quyosh o‘rtasidagi masofaga bog‘liq holda belgilanadi. Fikrimizni isbotlash uchun tasavvuringizga tayangan holda siz bilan kichkina ilmiy tajriba o‘tkazib ko‘ramiz.

O‘z boshingizni Quyosh deb va u Quyosh sistemasida, Quyoshning o‘rnida joylashgan, deb faraz qiling. U holda boshingiz turli diametrdagi bir necha aylana markazida bo‘ladi. Bu aylanalar sayyoralarning Quyosh atrofida harakatlanadigan orbitasidir. Agar boshingiz markazda joylashgan bo‘lsa, Merkuriy sizdan 6 metr narida bo‘ladi. Uning boshingizga nisbatan o‘lchami ushbu gap oxiridagi nuqtaga tengdir. (Boshingizning o‘lchami Quyosh o‘lchamiga teng ekanini unutmang.) Venera — Cho‘lpon 11,9 metr naridagi orbita bo‘ylab harakatlanadi, uning o‘lchami “o” harfiga teng. Uchinchi aylanada bizning sayyoramiz Yer joylashgan. U Veneradan bir oz kattaroq. Boshingiz bilan uning o‘rtasidagi masofa — 16 metr (aslida esa bu masofa, taxminan, 150 000 000 km.ni tashkil etadi). To‘rtinchi aylanada Yerdan bir oz kichikroq Mars — Mirrix joylashgan. Uning boshingizdan uzoqligi — 25 metr. Navbatdagi sayyora — Yupiter — Mushtariydir. U — sayyoralar ichida eng yirigi. Boshingiz (Quyosh) bilan taqqoslaganda, u shisha sharcha kattaligidadir, o‘rtadagi masofa futbol maydoni bo‘yicha keladi. Oltinchi aylanadagi sayyora Saturn — Zuxaldir. Uning diametri — 12 mm, Yupiterga nisbatan ikki marta olisda joylashgan. Diametri 5 mm Uran Saturndan ham ikki marta uzoqdadir. Urandan bir oz kichik bo‘lgan Neptun Uran bilan Quyosh o‘rtasidagi masofaning yarmida joylashgan. Yerdan ikki marta kichik bo‘lgan Pluton esa Yupiterdan 8 marta uzoqda joylashgan. Ularning barchasi atrofingizdagi o‘z orbitalari bo‘ylab hech bir o‘zgarishsiz harakat qilayotganini esga olsangiz, ularning o‘zaro to‘qnashib ketish ehtimoli deyarli yo‘q ekanligini anglab yetasiz.

Ushbu tajribadan xulosa qilish mumkinki, Quyosh sistemasidagi, umuman butun koinotdagi sayyoralar va yulduzlar ma’lum bir qoidaga asosan harakatlanadi. Olimlar esa mazkur holatga quyidagicha izoh bergan: osmon jismlarining barchasi tartib bilan qandaydir kuchga bo‘ysunib harakatlanadi. O‘sha kuch tomonidan o‘zlariga tegishli vazifani bajarish uchun bo‘ysundirilgandek, go‘yo. Olimlar haq edi! Zero, Alloh taolo O‘z kalomi bo‘lmish Qur’onu karimda shunday marhamat qiladi:

“...quyosh, oy, yulduzlarni O‘z amriga musaxxar (mute) qilib qo‘ygan Allohdir. Ogoh bo‘lingizki, yaratish va buyurish Unga xosdir”. (A’rof, 54)        

“U sizlar uchun kecha va kunduzni, Quyosh va Oyni bo‘yin sundirib qo‘ydi. Yulduzlar ham Uning amriga bo‘yin sundirilgandir. Albatta, bunda anglaydigan kishilar uchun (Uning qudratiga dalolat qiluvchi) alomatlar bordir”. (Nahl, 12)        

“(Yulduzlar harakat qiladigan) yo‘llar egasi bo‘lmish osmon bilan qasamyod etamanki...” (Zoriyot, 7)      

“Na Quyosh Oyga yetishi mumkin va na tun kundan o‘zuvchidir. (Quyosh, Oy va yulduzlarning) har biri (bir) falakda suzib yuradilar”. (Yosin, 40)

Nafaqat osmon jismlari, sayyoralar va yulduzlar balki butun borliq va undagi yaratilganlarning barchasi Alloh taolo belgilab bergan qoidalar asosida harakatlanadi, yashaydi va o‘z vazifasini bajaradi.

Xoliq va Qodir bo‘lgan Zotga behisob hamd-u sanolar bo‘lsin!

Xulosa o‘zingizdan!

 

Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ibodatga sarf qilingan pul qachon isrof hisoblanadi?

31.01.2025   949   7 min.
Ibodatga sarf qilingan pul qachon isrof hisoblanadi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Keling, o‘zimizga bir necha savollar beraylik. Isrof nima? Ibodatga sarf qilingan pul qachon isrof hisoblanadi? Umraga borayotgan inson sadaqa qilishga majbur, Turkiyaga borayotganlarga bu shart emasmi? To‘yda ming dollarga mebel olish zarurat, qayta-qayta hajga borish ortiqcha ish bo‘lib qoldimi? O‘zi nafl haj va umralarga salafi solihlarimiz qanday qarashgan? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘rt marta umra qilganlarida Madinadagi barcha ehtiyojlarni ravo qilib, keyin ketganlarmi? Eng muhim savol: Dinga adovati bor kimsalar, musulmonlarning iymoniy ehtiyojlarini qachon ehtiyoj o‘rnida qabul qilasiz?

Ushbu kichik maqolamizda, qayta-qayta umra qiladigan insonlarni boshqa ehtiyojlarga pul ajratmaganlikda ayblashni shar’iy mezonda tahlil qilamiz. Haqiqatan ham islom dinida ko‘p bora umra qilish xush ko‘rilmaydimi? Bu muborak safarga mukkasidan ketish umrni va mablag‘ni isrof qilishga kiradimi? Avvalo, isrof nimaligiga biroz to‘xtalsak.

Isrof nima? Isrofga bir qancha ta’riflar berilgan. Shulardan asosiy uchtasini keltiramiz:

Isrof – to‘xtash talab etiladigan chegarani buzib o‘tishdir (Tafsiru g‘aribil Qur’an, 3/147)

Isrof – shariatda man qilingan har qanday ishni qilishdir (Ta’vilotu ahli sunna, 3/25)

Imom Jurjoniy: Arzimagan ishga ko‘p pul sarflash isrofdir, degan (Mavsu’atul axlaqil islamiya, 2/109)

Demak, nafl umra qiluvchilarni isrofgarlikda ayblaydiganlar nazdida umra arzimagan ish ekan. Darvoqe, bir tanishim ikki marta Tayland davlatiga besabab borib, bir nechta umraning pulini ishlatib kelganda bironta odam uni isrof qilganlikda ayblamadi, aksincha, dam olib keladi-da, deyishdi. Endi o‘ylab ko‘ring, sohil bo‘yida dam olish ehtiyoju, iymoniy hirsini qondirish ehtiyoj emasmi?

Yuqoridagi ta’riflardan ma’lum bo‘ladiki, to‘xtash talab etilgan chegaradan narisi isrof hisoblanar ekan. Shariatda umraning chegarasi bormi? Biron kitobda falon adaddan keyingi umra makruh deyilganmi? Istinjoda ko‘proq tosh ishlatishning hukmiga to‘xtalib o‘tgan shariat umraning adadiga ham to‘xtalishi kerak edi. Biroq nega sukut qildi. Chunki Allohning nazdida bu ibodatning isrof adadi yo‘q. Aksincha, umrani qayta-qayta qilishga ishora qiluvchi hadis bor: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Umra keyingi umraga qadar oradagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir” deganlar. (Muttafaqun alayh).

Takror haj yoki umra qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berish borasida salafi solihlarning munosabatlari qanday bo‘lgan?

Abdurazzoqda keladi: Tovusdan so‘rashdi: Nafl haj afzalmi yo sadaqami? U kishi hajning afzal ekaniga ishora qilib: “Safar, bedorlik, tik oyoqda yurish, Baytni tavof qilish, Bayt oldida namoz o‘qish qayerda-ya” dedi.

Bu masalaga mazhabboshi mujtahidlar xulosasi quyidagicha bo‘lgan:

  1. Shayx Taqiyyuddin: Haj sadaqa qilishdan afzaldir. Ahmadning qavli ham shu”, degan (Al-insof, 7/315).
  2.  Abu Hanifa: “Nafl haj sadaqadan yaxshidir” degan. (U’yunul masoil, 332). Ibn Obidin: “Abu Hanifa hajdagi mashaqqatlarni ko‘rib, nafl haj sadaqadan afzal degan so‘zga qaytgan. Shuning uchun sadaqa qilmoqchi bo‘lgan puli evaziga haj qilgani afzal” (Raddul muhtor, 6/662).
  3. Molik aytdi: Haj sadaqadan afzal, illo ochlik yetgan davrda sadaqa afzal. (Zaxira, 2/290)

(Bu qavllarda nafl haj haqida gap ketmoqda. Zotan, farz hajning sadaqadan ustun ekani kundek ravshan).

Nafl hajning sadaqadan afzal ekani barcha ulamolar bir ovozdan aytgan qavl emas, albatta. Ba’zi olimlar nazdida nafl umra yoki haj o‘rniga sadaqa qilishi mustahab. Biroq shuni unutmangki, sadaqa qilmay umra qilayotgan inson uzog‘i borsa, mustahab amalni tark qilayotgan bo‘ladi. Holbuki, bir kishi mustahab amalni tark qilgani uchun birov unga tanbeh berish mumkin emas, illo qo‘l ostidagi kishilarga mumkin (Anvarshoh Kashmiriy, Fayzul Boriy, 2/406).

Albatta, ocharchilik kelsa, boshqalarga yordam berish hatto farz hajdan ham afzal bo‘lishi mumkin. Biroq bizning jamiyatimizdagi holat ocharchilik zamoniga tushmaydi. Qanchadan qancha oilalar och-ku, deyishingiz mumkin. Biroq bu holat doim bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Qolaversa, nega o‘sha och oilalar o‘zingiz tansiq taomlarni paydar-pay yeganingizda esingizga kelmay, birov ibodatga bormoqchi bo‘lganda tinchingizni buzadi?!

Ibrohim alayhissalom ahli va farzandini Makkaga tashlab kelib, Alloh taologa shunday duo qiladi: “Bas, Sen O‘zing odamlarning dillarini ularga moil qilib qo‘ygil” (Ibrohim surasi, 37-oyat).

Aytingchi, ba’zi musulmonlarning Makkaga muhabbati qattiq bo‘lsa, har yili umra qilib kelmasa qalbi xotirjam bo‘lmasa, bu Ibrohim alayhissalomning ayni duolariga mos holat emasmi?  Oyat tafsirida Suddiy: “Oyat musulmonlarning qalblarini Makkaga talpinadigan qilgin, degan ma’noda” degan.

Ha, bizning Makkaga mukkamizdan ketishimiz Ibrohim alayhissalomning duosi ijobatidir. Ibrohim o‘sha duoda qayta-qayta borishni emas, balki shunchaki mushtoq bo‘lib yashashimizni so‘ragan, desangiz, unda Ibrohim bizga azobni so‘ragan ekanda. Zotan, visolsiz ishtiyoq azobdan boshqa narsa emas.

Islomning ustuni bo‘lgan zotlar necha marta umra va haj  qilishganini bir sira ko‘rib chiqib, maqolamizni yakunlaymiz.

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 4 marta umra, bir marta haj qilganlar (Buxoriy rivoyati).
  2. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Rasululloh hayotlik paytlaridayoq ikki marta haj qilgan.
  3. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘n marta, ba’zi qavllarga ko‘ra to‘qqiz marta haj qilgan.
  4. Usmon roziyallohu anhu ham to‘qqiz marta haj qilgan.
  5. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu ming marta umraoltmish marta haj qilgan (An-najmul vahhaj, 10/462)
  6. Jannat rayhoni, Rasulullohning nabiralari Hasan ibn Aliy roziyallohu anhu yigirma marta haj qilganlar
  7. Amr ibn Maymun (Abu Bakr va Umardan hadis rivoyat qilgan katta tobe’in) yuz marta umra qilgan.
  8. Yosin ibn Abdulloh yigirma marta haj qilgan.

Bu ro‘yxat shunchalik uzunki, yig‘sangiz kitob bo‘ladi. Undan ko‘ra, nafl haj va nafl umra qilmaganlarni sanash osonroq bo‘lsa kerak. Endi o‘ylab ko‘ring, ularning zamonida jamiyatda pulga muhtojlar yo‘qmidi? Faqirlar tugaganmidi? Yo‘q, albatta. Lekin biron olim ularni birovga pul bermasligda ayblagan emas.

Birodarlar! Bu tahlilimizdan maqsad birovni qayta-qayta umraga borishga targ‘ib qilish emas. Balki umraga borayotganlarni tanqid qilayotganlarni ogohlantirish. Har kim o‘zi topgan puliga o‘zi xo‘jayin. O‘zingiz zarur bo‘lmagan narsalarga pul sarflab turib, ko‘zingizga birovning umra puli ko‘rinmasin. Buni inson o‘zi ilg‘amasa-da, tagida hasad va adovat yotadi. Qalbingizni keng qiling. Qalbi Makka yoki Madinaga bog‘lanib qolganlardan kir izlamang, aksincha, “Muhabbati kuchli-da”, deb qo‘ying bas. “Odamlar boshqa niyatda umra qilishga o‘tib ketishyapti” degan vajh ham o‘tmaydi. Bu muammo odamlarni umradan sovutish bilan hal bo‘lmaydi, balki ularga ixlosni o‘rgatish kerak. Zotan, yomon niyatda namoz o‘qiydigan odamni namozni tark etishga chaqirilmaganidek, boshqa ibodatlardan ham turli bahonalar bilan odamlarni qaytarish joiz emas.
 

Abdulbosit Abdulvohid

Maqolalar