Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Qanchadan qancha xo‘roz “Men qichqirganim sababli Quyosh chiqadi” deb ishonadi va qanchadan qancha ahmoq “Mensiz hayot davom etmaydi” deb o‘ylaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Johil kimsaning tortishuvda yengilishi amri maholdir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ba’zi odamlardan hayot har qancha olsa ham, ular boy bo‘lib qolaveradilar.
Ba’zi odamlar hayotdan har qancha olsalar ham, kambag‘al bo‘lib qolaveradilar.
Shams Tabriziy rahimahulloh
*****
Bo‘sh idishlar jarangdor ovoz chiqaradi. Ichi to‘la idishlar unday emas. Odamlar ham shunday. Faqat aqli bo‘sh kishilargina shovqin-suron, baqir-chaqir qilib yurishadi. Sen ular bilan tortishib, vaqtingni zoye qilma.
“Hikmat durdonalari”
*****
Suv bemaza so‘zlarni aytuvchi tildan boshqa hamma narsani yuvib, tozalaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Vatanlar urush sababli o‘lmaydi. Balki ular o‘z farzandlarining xiyonati sababli o‘ladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar meni yomon ko‘rmoqchi bo‘lsang, bu sening ishing. Bu borada senga hech narsa deya olmayman. Lekin o‘zingni meni yaxshi ko‘radigandek tutma.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi.
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.
Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.
Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.
— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.
Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.
Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman.
Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi.
Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".