O‘zbekistonlik ziyoratchilar joylashgan mehmonxonadan maxsus avtobus yurtdoshlarimizni “Masjidul haram”ga yaqinroq bo‘lgan avtobuslar to‘xtash joyiga olib keldi. Uyog‘iga yurishning imkoni yo‘q. Harakat cheklangan. Avtobusdan ziyoratchilar talbiyani aytib tushdilar. Shunda bir onaxon umrani o‘zlari yurib ado eta olmasliklari, arava kerakligini aytdilar. Avtobus oldiga arava xizmatini taklif qilib kelgan kishilardan birini gaplashdik. Kelishilgan narx evaziga to‘liq umra qildirib, qaytib ana shu avtoturargohga olib kelishga kelishildi. Xizmatchi onaxonni aravalar uchun belgilangan maxsus joydan haramga olib kirib ketdi.
Umra amallari birin ketin ado etilib, Safo va Marva orasidagi sa’y yakunlandi. Marvada sochlarini kestirgach, onaxon mahramlari, turmush o‘rtoqlarini uchratganlar. Otaxon hali sa’ylari yakuniga yetmagani mana shu joyda ularni kutib tursalar, birga chiqib ketishlarini aytganlar. Onaxon aravachi xizmatchi kutib qolmasin deb, unga: Men shu joyda tushaman, erimni kutaman, rahmat sizga, ketaverishingiz mumkin deb, ishora bilan tushuntirib, xizmat haqqini bermoqchi bo‘ldilar. Biroq aravachi bunga ko‘nmadi va onaxonni aytishicha, arab tilida bir nimalar deb uni olib ketmoqchi bo‘ldi. Til muammosi... o‘rtada tushunmovchilik.... Shunda aravachi yigit arab tilini biladigan o‘zbekni topib onaxonga tushntirishini iltimos qildi: “Men avvalda sizning vakillaringiz bilan gaplashganda umra qildirib, yana avtobuslar to‘xtash joyigacha olib kelishga kelishganman. Garchand siz rozi bo‘layotgan bo‘lsangiz ham sizni bu joyga tashlab keta olmayman. Zimmamdagi vazifamni oxirigacha ado etishim shart”, deya turib oldi. Onaxon yigitning muddaosini tushungach, bunga rozi bo‘ldi va uning taqvosiga, diyonatiga lol qolib, haqqiga duolar qildi.
Baytulloh muhiti undagi musulmonni mana shunday tarbiyalab qo‘yadi. Bu joyda avvalo qalb o‘zgaradi....
Zoirjon Sodiqov
Makka shahri
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati