Taraqqiyot. Yerda Odam bolalari tarqalgandan beri bashariyatning eng katta maqsadlaridan biri taraqqiyot bo‘lib kelmoqda. Chunki, Alloh taolo tomonidan faqat insonlargagina taraqqiy etish ne’mati tortiq etilgan. Asrlar davomida ajdodlarimiz ham taraqqiyot sari olg‘a intilganlar! Va bu intilish, ilm-fan, madaniyat, iqtisod va boshqa taraqqiyotga olib boruvchi omillarning shakllanishiga turtki bo‘ldi. Bugun ham, Yer yuzidagi barcha xalqlar, taraqqiyotning yuksak marrasi uchun “kurash” olib bormoqda. Gap shundaki, bu jarayon turli hududlarda turli darajalarda shakllanyapti. Ya’ni, rivojlanish mamlakatlarda aholisining dunyo qarashi, ilmiy salohiyati va fikrlash doirasidan kelib chiqib jadal, o‘rta yoki asta-sekinlik bilan sodir bo‘lmoqda. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: Yuksak taraqqiyotga erishishning eng asosiy omili nima? Qanday qilib xalq orasida o‘tmishda o‘tgan ajdodlari singari favqulodda iste’dod va iqtidor egalarini tarbiyalash mumkin? Yuqoridagi savollarga javob qidirish jarayonida benazir bir manbaga ko‘zim tushdi va javob topgandek bo‘ldim. Quyida bizni qiynayotgan savollarga javob bo‘lgan asardan qisqa parcha keltiramiz:
Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bir soatlik tafakkur bir yil ibodat qilgandan xayrliroq”, deb marhamat qilganlar. Qur’oni karimda tadabbur, e’tibor, nazar va fikr qilishga undaydigan oyatlar ko‘p.
Sir emaski, fikr nurlar kaliti va bilish uchun harakat asosidir. Shuningdek, fikr ilmlarni o‘zida tutib qoladigan to‘r, maqsad va tushuncha tuzog‘idir. Ko‘pchilik ilmning fazl va martabasini bilsa ham, uning haqiqati, samarasi, masdari, makoni, paydo bo‘lish joyi, yo‘li va kayfiyatidan xabardor emas. Shu bilan birga, inson qanday tafakkur qilish, nima to‘g‘risida va nima uchun tafakkur qilishni, talab etilgan narsa ayni maqsad yoki maqsad emasligini ham to‘g‘ri hal qilib ololmagan.
Alloh taolo tafakkur va mushohadaga buyurib, tafakkur kishilarini maqtab, shunday deydi: “Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) “Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin! (Oli Imron surasi, 191-oyat)
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadiki: “Bir qavm Alloh azza va jalla to‘g‘risida tafakkur qilib o‘tirishgandi. Nabiy alayhissalom ularga: “Alloh yaratgan narsalar xususida fikrlanglar, Alloh xususida fikrlamanglar. Sizlar hech qachon uning o‘lchovini idrok etolmaysizlar”, dedilar. Boshqa bir rivoyatda keladiki, Nabiy alayhissalom bir kuni bir qavmning oldiga bordilar. Ular tafakkur holatida o‘tirishgan ekan. Nabiy alayhissalom: “Sizlarga nima bo‘ldi, gapirmaysizlar”, dedilar. Ular: “Alloh yaratgan maxluqlarni o‘ylab o‘tiribmiz”, deyishdi. Buni eshitib Nabiy alayhissalom: “Shunday davom etaveringlar, Alloh yaratgan maxluqlarni fikrlanglar, uning o‘zi to‘g‘risida fikrlamanglar...”, dedilar.
Hasan Basriy: “Bir soatlik tafakkur bir kechani ibodat bilan uxlamay o‘tkazgandan xayrliroq”, degan. Fuzayl aytadiki: “Fikr senga yaxshi va yomon amallaringni ko‘rsatib turadigan ko‘zgudir”.
Bir rivoyatda kelishicha: Ibrohimga buncha uzoq tafakkur qilib o‘tirasan, deyishdi. U: “Fikr aqlning iligidir”, deb javob berdi. Sufyon ibn Uyayna ko‘pincha mana bu she’riy parchani o‘qishni yoqtirardi:
“Yigit kishida bo‘lsa gar fikr,
Har narsada unga ibrat bor”.
Tovus aytadiki: “Havoriylar Iyso alayhissalomga: Ey Ruhulloh! Bugun yer yuzida sizga o‘xshagan kishi bormi, deb so‘rashdi. U shunday javob berdi: “Kimning nutqi zikr, sukuti fikr va nazari ibrat bo‘lsa, albatta u menga o‘xshabdi”. Hasan Basriy: “Kimning so‘zi hikmat bo‘lmasa, u larv (behuda)dir, kimning sukuti tafakkur bo‘lmasa, u xato, kimning nazari ibrat olish bo‘lmasa, u lahv (befoyda amal)dir”, degan.
Alloh taolo O‘z Kalomida: “Yer (yuzi)da nohaqlik bilan kibrlanib yuruvchilar (ongi)ni oyatlarimiz (idroki)dan chetlatib qo‘yajakmiz” deya marhamat qiladi. (A’rof surasi, 146-oyat) Alloh taolo mazkur oyatda ularni tadbirim to‘g‘risida tafakkur qilishdan to‘sib qo‘yaman, deya ta’kidlamoqda.
Abu Sa’d Xudriy rivoyatida Nabiy alayhissalom: “Ko‘zlarga ham ibodat haqini beringlar”, dedilar. “Ey Rasululloh, uning ibodat haqi nima?” deb so‘rashdi. U zot: “Mus'hafga qarash (tilovat qilish) va undagi ajoyibotlar zikri o‘tganda u haqda tafakkur qilish”, dedilar.
Abdulloh ibn Muborak bir kuni Sahl ibn Alini fikrga cho‘mib, jim o‘tirgan holda ko‘rib: “Qayerga yetib bording?” deb so‘radi. “Sirotga”, deb javob berdi u.
Xulosa shuki, taraqqiyotning eng asosiy omili bu tafakkur ya’ni fikrlashdir. “Fikrlayapmanmi, demak, yashayapman!” degan edi mashhur faylasuf Rene Dekart. Inson fikrlagani uchun qadri baland, fikrlagani uchun hayvondan farqlanadi, fikrlagani uchun rivojlanadi va yuksak ilm-fan yutuqlariga erishadi. Bunga tarix ham guvoh! Al-Xorazmiy tafakkur ila “Algebraga” asos soldi, Al-Beruniy fikriyat ila “Geodeziya” haqida asar yozib, globusni yasadi, Al-Farobiy tafakkuri ila “Al-muallim as-soniy” – “Ikkinchi muallim” unvoniga sazavor bo‘ldi, Al-Farg‘oniy ilm-tafakkur ila Nilni “jilovladi”, Ibn Sino tibbiyot qonunlarini yozdi, az-Zamaxshariy tafakkuri bir xalqning unutilayozgan tilini qutqardi, Mirzo Ulug‘bek esa yulduzlarga “narvon qo‘ydi”. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo, ular o‘tmishda qoldi biz esa bugunning egalarimiz. Demak, ajdodlarimiz bilan shunchaki faxrlanib, kibrlanmasdan faqatgina ibrat olib, iste’molchilik, boqimandalik kayfiyatidan voz kechgan holda, ongimiz va aqlimizni harakatga keltirish hamda Yaratganning yaratgan ne’matlari haqida, borliq va olam xususida fikrlashgina bizni taraqqiyot sari odimlaydi. Shunda biz ham dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olamiz!
Tafakkur qilish vaqti keldi!
Abu Homid G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” asarining
“Tafakkur kitobi” asosida Saidabror Umarov tayyorladi.
Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?
Zamzam suvi
Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.
Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).
Zamzam suvining nomlari
Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:
1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan, shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.
2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.
3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.
4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.
5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.
6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.
7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.
8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.
9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.
10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.
11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.
12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.
13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.
14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.
15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.
16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.
17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.
18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam tufayli shifo bergan.
19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.
20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.
21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.
22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.
23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.
24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.
25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.
Zamzam suvining foydalari
Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:
1. Erta qarishning oldini oladi.
2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.
3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.
4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.
5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.
6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.
7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.
8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.
Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida
Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.
Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).
Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.
Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.
Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.
Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.
Abdulloh Kamolov