Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2025   |   28 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:48
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2025, 28 Zulqa`da, 1446

Tafakkur qilish vaqti keldi!

18.12.2018   5413   6 min.
Tafakkur qilish vaqti keldi!

Taraqqiyot. Yerda Odam bolalari tarqalgandan beri bashariyatning eng katta maqsadlaridan biri taraqqiyot bo‘lib kelmoqda. Chunki, Alloh taolo tomonidan faqat insonlargagina taraqqiy etish ne’mati tortiq etilgan. Asrlar davomida ajdodlarimiz ham taraqqiyot sari olg‘a intilganlar! Va bu intilish, ilm-fan, madaniyat, iqtisod va boshqa taraqqiyotga olib boruvchi omillarning shakllanishiga turtki bo‘ldi. Bugun ham, Yer yuzidagi barcha xalqlar, taraqqiyotning yuksak marrasi uchun “kurash” olib bormoqda. Gap shundaki, bu jarayon turli hududlarda turli darajalarda shakllanyapti. Ya’ni, rivojlanish mamlakatlarda aholisining dunyo qarashi, ilmiy salohiyati va fikrlash doirasidan kelib chiqib jadal, o‘rta yoki asta-sekinlik bilan sodir bo‘lmoqda. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: Yuksak taraqqiyotga erishishning eng asosiy omili nima? Qanday qilib xalq orasida o‘tmishda o‘tgan ajdodlari singari favqulodda iste’dod va iqtidor egalarini tarbiyalash mumkin? Yuqoridagi savollarga javob qidirish jarayonida benazir bir manbaga ko‘zim tushdi va javob topgandek bo‘ldim. Quyida bizni qiynayotgan savollarga javob bo‘lgan asardan qisqa parcha keltiramiz:

Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bir soatlik tafakkur bir yil ibodat qilgandan xayrliroq”, deb marhamat qilganlar. Qur’oni karimda tadabbur, e’tibor, nazar va fikr qilishga undaydigan oyatlar ko‘p.

Sir emaski, fikr nurlar kaliti va bilish uchun harakat asosidir. Shuningdek, fikr ilmlarni o‘zida tutib qoladigan to‘r, maqsad va tushuncha tuzog‘idir. Ko‘pchilik ilmning fazl va martabasini bilsa ham, uning haqiqati, samarasi, masdari, makoni, paydo bo‘lish joyi, yo‘li va kayfiyatidan xabardor emas. Shu bilan birga, inson qanday tafakkur qilish, nima to‘g‘risida va nima uchun tafakkur qilishni, talab etilgan narsa ayni maqsad yoki maqsad emasligini ham to‘g‘ri hal qilib ololmagan.

Alloh taolo tafakkur va mushohadaga buyurib, tafakkur kishilarini maqtab, shunday deydi: “Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) “Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin! (Oli Imron surasi, 191-oyat)

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadiki: “Bir qavm Alloh azza va jalla to‘g‘risida tafakkur qilib o‘tirishgandi. Nabiy alayhissalom ularga: “Alloh yaratgan narsalar xususida fikrlanglar, Alloh xususida fikrlamanglar. Sizlar hech qachon uning o‘lchovini idrok etolmaysizlar”, dedilar. Boshqa bir rivoyatda keladiki, Nabiy alayhissalom bir kuni bir qavmning oldiga bordilar. Ular tafakkur holatida o‘tirishgan ekan. Nabiy alayhissalom: “Sizlarga nima bo‘ldi, gapirmaysizlar”, dedilar. Ular: “Alloh yaratgan maxluqlarni o‘ylab o‘tiribmiz”, deyishdi. Buni eshitib Nabiy alayhissalom: “Shunday davom etaveringlar, Alloh yaratgan maxluqlarni fikrlanglar, uning o‘zi to‘g‘risida fikrlamanglar...”, dedilar. 

 Hasan Basriy: “Bir soatlik tafakkur bir kechani ibodat bilan uxlamay o‘tkazgandan xayrliroq”, degan. Fuzayl aytadiki: “Fikr senga yaxshi va yomon amallaringni ko‘rsatib turadigan ko‘zgudir”.

Bir rivoyatda kelishicha: Ibrohimga buncha uzoq tafakkur qilib o‘tirasan, deyishdi. U: “Fikr aqlning iligidir”, deb javob berdi.        Sufyon ibn Uyayna ko‘pincha mana bu she’riy parchani o‘qishni yoqtirardi:

“Yigit kishida bo‘lsa gar fikr,

Har narsada unga ibrat bor”.

Tovus aytadiki: “Havoriylar Iyso alayhissalomga: Ey Ruhulloh! Bugun yer yuzida sizga o‘xshagan kishi bormi, deb so‘rashdi. U shunday javob berdi: “Kimning nutqi zikr, sukuti fikr va nazari ibrat bo‘lsa, albatta u menga o‘xshabdi”. Hasan Basriy: “Kimning so‘zi hikmat bo‘lmasa, u larv (behuda)dir, kimning sukuti tafakkur bo‘lmasa, u xato, kimning nazari ibrat olish bo‘lmasa, u lahv (befoyda amal)dir”, degan.

Alloh taolo O‘z Kalomida: “Yer (yuzi)da nohaqlik bilan kibrlanib yuruvchilar (ongi)ni oyatlarimiz (idroki)dan chetlatib qo‘yajakmiz” deya marhamat qiladi. (A’rof surasi, 146-oyat) Alloh taolo mazkur oyatda ularni tadbirim to‘g‘risida tafakkur qilishdan to‘sib qo‘yaman, deya ta’kidlamoqda.

Abu Sa’d Xudriy rivoyatida Nabiy alayhissalom: “Ko‘zlarga ham ibodat haqini beringlar”, dedilar. “Ey Rasululloh, uning ibodat haqi nima?” deb so‘rashdi. U zot: “Mus'hafga qarash (tilovat qilish) va undagi ajoyibotlar zikri o‘tganda u haqda tafakkur qilish”, dedilar.

Abdulloh ibn Muborak bir kuni Sahl ibn Alini fikrga cho‘mib, jim o‘tirgan holda ko‘rib: “Qayerga yetib bording?” deb so‘radi. “Sirotga”, deb javob berdi u.

Xulosa shuki, taraqqiyotning eng asosiy omili bu tafakkur ya’ni fikrlashdir. “Fikrlayapmanmidemak, yashayapman!” degan edi mashhur faylasuf Rene Dekart. Inson fikrlagani uchun qadri baland, fikrlagani uchun hayvondan farqlanadi, fikrlagani uchun rivojlanadi va yuksak ilm-fan yutuqlariga erishadi. Bunga tarix ham guvoh! Al-Xorazmiy tafakkur ila “Algebraga” asos soldi, Al-Beruniy fikriyat ila “Geodeziya” haqida asar yozib, globusni yasadi, Al-Farobiy tafakkuri ila “Al-muallim as-soniy” – “Ikkinchi muallim” unvoniga sazavor bo‘ldi, Al-Farg‘oniy ilm-tafakkur ila Nilni “jilovladi”, Ibn Sino tibbiyot qonunlarini yozdi, az-Zamaxshariy tafakkuri bir xalqning unutilayozgan tilini qutqardi, Mirzo Ulug‘bek esa yulduzlarga “narvon qo‘ydi”. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo, ular o‘tmishda qoldi biz esa bugunning egalarimiz. Demak, ajdodlarimiz bilan shunchaki faxrlanib, kibrlanmasdan faqatgina ibrat olib, iste’molchilik, boqimandalik kayfiyatidan voz kechgan holda, ongimiz va aqlimizni harakatga keltirish hamda Yaratganning yaratgan ne’matlari haqida, borliq va olam xususida fikrlashgina bizni taraqqiyot sari odimlaydi. Shunda biz ham dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olamiz!

Tafakkur qilish vaqti keldi!

Abu Homid G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” asarining

“Tafakkur kitobi” asosida Saidabror Umarov tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kataraktaning davosi

21.05.2025   4397   7 min.
Kataraktaning davosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


(Qur’oniy dori)

Savol: Ko‘zga oq tushganda jarrohlik yoki dori tomizishdan boshqa muolajalar ham bormi?

Javob: Ilmiy qo‘llanma va ilmiy nazariyalarda umumiy urinishlar bor. Ular ko‘proq proteinni almashtirishga, xususan, oq tushgan ko‘zni avvalgi holatiga qaytarishga qaratilgan. Gohida kimyoviy yo‘l bilan imkon topiladi. Bu o‘zgartirish juz’iy xolos, mukammal bo‘lmaydi. Ammo kimyoviy yo‘lni ko‘z gavharidagi proteinga qo‘llash mumkin emas.


Savol: Mana shunday nuqsonli yechimlargina mavjud bo‘lgan kasallikka qanday qilib siz Qur’oni karim orqali davo topdingiz?

Javob: Yuqorida aytib o‘tganimdek, ko‘z gavharining tashqi yuzasi parda bilan qoplangan bo‘lib, unda protein bor. O‘sha proteinning tarkibi o‘zgarsa, gavharning holati ham o‘zgarib, oqibatda xiralik kelib chiqadi. Shuning uchun biz o‘sha proteindagi fiziologik o‘zgarishni tiklashning tabiiy uslubini qidirdik. Bunda bizga Yusuf surasidagi quyidagi oyatlar yordam berdi:

«U bulardan yuz o‘girib, «Esizgina Yusuf!» dedi va qayg‘udan ko‘zlariga oq tushdi. U dardini ichiga yutdi (ojiz bo‘lib qoldi)» (84-oyat). Yusuf alayhissalom Robbimizdan kelgan vahiy sababli akalaridan otalari huzuriga ko‘ylagini olib borishni talab qildilar:

«Mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, ko‘zi ochilur. So‘ng barchangiz ahlingiz ila huzurimga kelinglar. Karvon (Misrdan) yo‘lga chiqqan vaqtda otalari (Ya’qub alayhissalom o‘z uylarida turib, huziridagi kishilarga): «Meni aqldan ozgan demanglar u, lekin men Yusufning hidini sezmoqdaman», dedi. Ular: «Allohga qasamki, albatta, sen eski adashuvingdasan», dedilar. Xushxabarchi kelib, (ko‘ylakni) uning yuziga tashlagan edi, u yana ko‘radigan bo‘ldi. U: «Men sizlarga: «Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman», demaganmidim?» dedi» (Yusuf surasi, 93–96-oyatlar).

Yusuf alayhissalomning ko‘ylaklarida qanday shifo bo‘lishi mumkin edi? Bu haqda o‘ylab-o‘ylab, terdan boshqa narsani topmadik. Shundan so‘ng inson tanasidan ajraladigan terning tarkibiy elementlarini o‘rgandik. An’anaviy jarrohlik yo‘li bilan ko‘zdan chiqarib olingan, xiralashgan gavharni olib, terga botirib ko‘rganimizda uning biroz shaffoflashganini ko‘rdik. So‘ngra savol tug‘ildi: bu holatda terdagi barcha moddalarning shunday ta’siri bormi yoki undagi qaysidir bir moddaningmi? Javob shuki, bu uning tarkibidagi bir moddaning – karbamidning («mochevina») ta’siri ekan. Bu moddani kimyoviy usul bilan ham tayyorlab, laboratoriya sharoitida ko‘zi xiralashgan yoki ko‘ziga oq tushgan hayvonlarda sinab ko‘rildi. Biroq kuzatuvlar davomida kimyoviy yo‘l bilan tayyorlangan o‘sha malham bu kasallikni tuzatmadi, balki ko‘z gavhariga oq tushishiga sabab bo‘ldi. Bu narsa yo‘naltirilgan maxsus chiroq (slit lamp), ultratovush hamda ko‘z gavharidan akslangan ultrabinafsha nur yordamida tekshirib ko‘rildi. Bundan keyin kompyuterdagi fiziologik okulyarda 250 ming dollar to‘lab, yarim soat tajriba o‘tkazilganida uning yorug‘lik akslantirish darajasi 2 foizdan oshmadi. Lekin inson teridan tayyorlangan tomchi quyilganda 15 daqiqada 2 foizdan 60 foizga yorug‘lik darchasi ochildi. 20 daqiqada 90 foizga ziyodalashdi. 30 daqiqada 95 foizga ziyodalashdi. 60 daqiqada 99 foizga ziyodalashdi.


Savol: Bu tomchida nojo‘ya ta’sirlar kuzatildimi?

Javob: Mutlaqo. Ter tanadan ajralib chiqadigan modda bo‘lib, yuqorida aytganimizdek, uning tarkibi karbamidning tarkibi bilan deyarli bir xil. Shuning uchun bu malham konsentratsiyasini o‘n barobarga oshirib, hayvonlarda tajriba o‘tkazish lozim. Bunda malham organizmga og‘iz orqali yoki bevosita yurakning protein pardasiga kiritish orqali singdirildi. Ushbu tajribada ham nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi, malham jigar, buyrak, miyaga yoki qon tarkibiga umuman ta’sir ko‘rsatmadi.


Savol: Bu tajriba quyonlar ustida o‘tkazilgan ekan. Agar buni insonning fiziologik ko‘zi ustida o‘tkazilsa, nima bo‘ladi?

Javob: Bunday tajriba 250 ta ko‘ngilli ishtirokchi ustida o‘tkazilganida 90 foizdan ko‘proq kishilarning ko‘zidagi oqlik ketib, ko‘rishi avvalgi holiga qaytdi. Klinik tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, qolgan 10 foiz kishilarning ko‘z gavharida shaffoflik kuzatilgan, biroq ko‘z to‘rida boshqa kasallik bo‘lgani uchun ularning ko‘rishi yaxshilanmagan.


Savol: Ana shu tomchi ko‘zdagi kataraktadan boshqa ko‘z kasalliklariga shifo bo‘la oladimi?

Javob: Ha, ko‘zdagi shox pardaga ham shifo bo‘ladi. Ko‘z zaiflashganda oqlik yuzaga kelishi ana shu shox parda sirtida sodir bo‘ladi. Bu qon quyilgandagi yoki shox parda tarkibidagi proteinining tabiatida o‘zgarish bo‘lgandagi holatdir. Tajribalardan sobit bo‘ldiki, ushbu tomchini ikki hafta davomida har kuni ikki martadan quyib borilsa, ko‘rish xususiyati yaxshilanib, asl holiga qaytadi.


Savol:  Shox pardadagi oqlik avvallari qanday muolaja qilinar edi?

Javob: Avvallari o‘lgan kishining ko‘z shox pardasini ko‘chirib o‘tkazish orqali muolaja qilinar edi. Ilova qilib aytadigan bo‘lsak, bunda ko‘rish quvvati avvalgi holiga qaytmas edi.


Savol: Siz o‘zingizni qanday his qildingiz? Chunki siz butun insoniyatga Qur’on voqeligidan muolaja taqdim qildingiz. Vaholanki, ichimizdagi ba’zi kishilar dunyoviy ishlarga yoki ilmiy bahslarga Qur’onning aloqasi yo‘q deb hisoblashadi.

Javob: Men bu ishim bilan ilmning zakotini ado qildim, deb hisoblayman. Axir molning zakoti chiqarilganidek, ilmning ham zakoti chiqariladi-ku? Axir ilm insonlarning yaxshi kuniga xizmat qilishi kerak! Bundan tashqari, ushbu amaliy tajriba sababli Qur’oni karimning azamatini va ulug‘ligini yana bir bor his etdim. «Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas» (Isro surasi, 82-oyat). Shunga binoan, bu ulug‘ Kitobga qaytishni umid qilaman. Agar haqiqiy ma’noda qaytsakkina, avvalgi davrimizni qo‘lga kiritib, butun insoniyatni hidoyatga chorlay olamiz.


Savol: Bu dori bozorlarga chiqarilganida unga «Qur’oniy dori» deb ishora qilinadimi?

Javob: Ha, biz bu dorini ishlab chiqaruvchi shirkatga «Bu Qur’oniy dori», deb yozib qo‘yishni shart qilganmiz. Toki butun olam ana shu Qur’onning rostligini, dunyo va oxiratda odamlarni baxtli qilishda faol ekanini bilsin. Suhbatimiz oxirida yangi bir bahsni, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadisi sharifda vasf qilganlaridek, ko‘z tibbiyotidagi boshqa bir dorini taqdim etmoqchiman. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) «Qo‘ziqorin ham bir ovqat turi bo‘lib, uning suvi ko‘z uchun shifodir», deganlar.

Inshaalloh, Allohning izni bilan mana shu bahs ham kelajakda keng qamrovli ilmlarni ochib beradi.

“Qur’on va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” kitobidan