Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin.
“Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmika va astaqdiruka biqudrotika va as'aluka min fazlikal ’aziym. Fainnaka taqdiru va la aqdiru va ta’lamu va la a’lamu va anta ’allamul g‘uyub. Allohumma in kunta ta’lamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ’aqibati amriy, ’ajili amriy va ojilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta ta’lamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ’aqibati amriy, ’ajili amriy va ojilihi fasrifhu ’anniy vaqdurlil xoyro haysu kana summa rozziniy bih” deb, hojat aytiladi.
“Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Allohim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et va oson qil. So‘ng uni menga barokotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, mendan uni uzoqlashtir, qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et”.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga har bir ishda, xuddi Qur’ondan sura o‘rgatgandek, istixora qilishni o‘rgatar edilar”.
“Allohumma, Robbas samaavaatis sab’i va Robbal arshil a’ziym. Robbanaa va Robba kulla shayin, munzilat Tavrooti val Injiyli val Qur’aani! Faaliqol habbi van navaa! A’uuzu bika min sharri kulli shayin anta aaxizun binaa siyatihi, antalAvvalu fa laysa qoblaka shayun. Va antal Aaxiru fa laysa ba’daka shayun. Va antaz-Zohiru fa laysa vafqoka shayun. Va antal Baatinu fa laysa duunaka shayun! Iqzi ’anni addayna va ag‘ninii minal faqri” (Imom Muslim Imom Termiziy rivoyati).
“Allohim! Yetti osmonning Robbi va ulug‘ Arshning Robbi! Robbimiz va barcha narsaning Robbi! Yo Tavrot, Injil va Qur’onni nozil qiluvchi! Yo donni va danakni yoruvchi! Men Sendan O‘zing peshonasidan tutuvchi har narsaning sharridan panoh tilayman. Sen avvalsan! Sendan oldin hech narsa yo‘q! Sen oxirsan! Sendan keyin hech narsa yo‘q! Sen zohirsan! Sendan ustun hech narsa yo‘q! Sen botinsan! Sening ortingda hech narsa yo‘q! Meni qarzimdan qutqar! Meni faqirlikdan boy qil!”.
“Laa ilaaha illallohul Haliymul Kariym, subhaanallohi Robbil- arshil ’aziym. Alhamdulillaahi Robbil ’aalamiyn. Asaluka mujibaati rohmatik va ’azaaima mag‘firotik val g‘oniymata min kulli birrin vas salaamata min kulli ismin. Laa tada’ lanaa zanban illa g‘ofartah va laa hamman illa farrojtah va laa haajatan hiya laka rizon illa qozoytah yaa Arhamar Rohimiyn”.
“Halimu Karim Allohdan o‘zga (ibodatga sazovor) iloh yo‘q. Ulug‘ Arshning Robbi Alloh pokdir. Olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo‘lsin. Men Sendan rahmatingni vojib qiluvchi, mag‘firatingni taqozo qiluvchi narsalarni so‘rayman, barcha yaxshiliklardan nasiba, barcha yomonliklardan salomat bo‘lishni so‘rayman. Mening hech bir gunohimni qo‘ymay mag‘firat qilgin, hech bir g‘amimni qo‘ymay kushoyish qilgin, O‘zing rozi bo‘lgan hech bir hojatimni qo‘ymay albatta ravo qilgin, Yo Rahmlilarning rahmlisi!”.
“Robbim! Oson qilgin, qiyin qilma. Robbim, (ishimni) yaxshilik bilan tugatgin”.
“Allohim, Sendan manfaat beradigan ilm, keng rizq va qabul qilinadigan amal so‘rayman!”.
“Robbim! Men uchun nima yaxshilik (rizq) tushirsang, o‘shanga muhtojdirman” (Qasos surasi, 24-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vassalom: “Alloh senga taqsim qilgan narsaga rozi bo‘l, odamlarning eng boyi bo‘lasan”, deganlar.
Alloh taolo rizqimizni keng qilsin, halolidan bersin. O‘zidan o‘zgaga muhtoj etmasin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Ummatga qilingan so‘nggi vasiyat
“Hajjatul vado’” ya’ni “Vado xutbasi” lug‘atda “Vidolashuv xutbasi”, “xayrlashuv, ayriliq xutbasi-xitobi” degan ma’nolarni bildiradi.
Hijriy o‘ninchi yilning 9 zulhijja oyida (milodiy 632 yil 8 mart) Payg‘ambarimiz alayhissalom so‘nggi haj ibodatini ado etganlarida xutba qilganlar. Unda Makkada jami 124 ming musulmon to‘plangan edi.
U zot alayhissalom Qasvo degan tuyalariga minib, Arafot vodiysida ummatga so‘nggi vasiyatlarini bayon etganlar. Bu xitob faqat o‘sha joyda to‘plangan hojilargagina emas, balki qiyomatga qadar keladigan butun insoniyatga qaratilgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatga bunday vasiyat qildilar:
“Ey insonlar! So‘zimni yaxshilab tinglang... Bu yildan so‘ng sizlar bilan bu yerda yana ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Buguningiz qanday ham muqaddas kun, bu oylar qanday ham muqaddas oy, bu shahar (Makka) qanday ham muqaddas bir shahar bo‘lsa, Robbingiz bilan ko‘rishgunga qadar qonlaringiz, mollaringiz, obro‘larinigiz ham ayni shaklda muqaddasdir va bir-birlaringizga haromdir!
Ey sahobalarim! Ertaga Robbingizga ro‘para bo‘lib va bugungi holingiz haqida javob berursiz. Mendan so‘ngra eski zalolatlarga qaytib, bir-biringizning bo‘yningizga urmangiz!...
Ey insonlar! Ayollaringizga yaxshi muomala qilishingizni va Allohdan qo‘rqishingizni tavsiya qilaman. Chunki ular amringiz ostidadir. Siz ularni Allohning bir omonati o‘laroq oldingiz va ularning nomuslarini va iffatlarini Alloh oldida so‘z beraroq halol etingiz.
Yaxshi bilingki, sizning ayolingizda haqqingiz bo‘lganidek, ularning ham sizda haqlari bor.
Ey mo‘minlar! So‘zimni tinglang. Yaxshi tushinib oling. Batahqiq Robbingiz birdir. Otalaringiz ham bittadir. Alloh huzurida eng xayrligingiz, Allohdan eng ko‘p qo‘rqqaningizdir.
Arablarning ajamdan, ajamning esa arabdan, oq irqlining qora irqlidan, qora irqlining oq irqdan hech qanday ustunligi yo‘qdir. Ustunlik yolg‘iz taqvodadir.
Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing, rahbar qilib ustingizga burni, qulog‘i kesik bir qulni saylab qo‘ysa, Allohning Kitobi ila hukm etgani qadar uni tinglang va unga itoat eting!
Ey insonlar! Sizga bir omonat qoldirayapman-ki, uni mahkam ushlasangiz yo‘lingizdan adashmaysiz! U omonat Allohning Kitobi va payg‘ambarining sunnatidir.
Ey mo‘minlar! Allohdan qo‘rqing! Besh vaqt namozingizni o‘qing! Ramozon oyidagi ro‘zalaringizni tuting!
Mollaringizning zakotini bering! O‘zlaringizdan bo‘lgan amr sohiblariga itoat eting-ki, Robbingizni jannatiga kirursiz.
Ey insonlar! Haddan oshishlikdan saqlaning. O‘tgan ummatlarning halokatining sababi, dinlarida haddan oshish edi.
Bu sanadan so‘ngra yana siz bilan bu yerda ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Ertaga men xaqimda sizdan so‘raganlarida nima deysiz? Risolatni yetkazdimmi? Ilohiy vazifani ado qildimmi?”, dedilar.
Bunga butun as’hobi kirom shunday javob berdilar: “Albatta, qasam ichamizki siz Allohning xabarini tablig‘ etdingiz, vazifani bajardingiz. Bizga tavsiya va nasihatda bo‘ldingiz. Hammasiga shohidlik beramiz!”
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak ko‘rsatgich barmoqlarini samoga ishorat qildirib, jamoatga boqib bunday dedilar: “Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim!”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv xutbasini yakunlagach, Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:
“Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).
Nabiy alayhissalom vado hajidan qaytishda yo‘lda xastalandilar. Xastaliklari 13 kun davom etdi. Hijriy 11 yili robi’ul avval oyining dushanba kuni Oisha onamizning xonalarida muborak ruhlarini Allohga topshirdilar va o‘sha joyda dafn qilindilar...
Sollallohu alayhi vasallam
Davron NURMUHAMMAD