Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Otasi alsgeymer kasalligi bilan og‘ridi. O‘g‘lidan:
— Otang o‘zi seni uning o‘g‘li ekaningni biladimi, esidami? deb so‘rashdi. Shunda u:
— Bu muhim emas. Muhimi men haliyam uning o‘g‘li ekanimni bilaman, deb javob berdi.
Ma’lumot uchun aytamizki, alsgeymer kasalligi bilan og‘rigan odam xotirasidan ayrilib, hatto o‘zining kimligini ham eslolmaydi.
*****
Inson har qancha go‘zal bo‘lmasin, agar xulqi, xarakteri chatoq bo‘lsa, chiroyi ko‘zga ko‘rinmay qoladi.
*****
Yomon o‘rtoq chivinga o‘xshaydi. Uning yomonligini seni chaqib ketganidan keyin bilasan.
Mustafo Manfulutiy
*****
Qaysi bir shaxs ilm o‘rganishdan to‘xtasa, u xoh yigirma yosh bo‘lsin, xoh sakson yosh bo‘lsin, ojiz, qari kishidir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Hech kim zulmatni bosib o‘tmay turib tongga yeta olmaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Universitetda ba’zi fanlarning imtihonida yiqildim. O‘shanda bir do‘stim hamma fanlardan muvaffaqiyatli o‘tgan edi. Hozir u Maykrosoft kompaniyasida muhandis (injener) bo‘lib ishlayapti. Men esa o‘sha kompaniyaning rahbariman.
Bill Geyts
*****
Seni o‘ldirgan kishi deb faqat o‘q otib o‘ldirganni emas, balki orzu-umidlaringni o‘ldirganni ham aytiladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Kek saqlash – muvaffaqiyatsizlikning eng oxirgi bosqichidir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Hatto shamollar kelib uzr so‘ragan taqdirda ham, shox singanicha qolaveradi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Sukut – nafratning eng afzal ta’biridir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ishing o‘ngidan kelganda do‘stlaring sening kimligingni bilishadi. Ishing orqaga ketganda sen o‘zing do‘stlaring kimligini bilasan.
Ibrohim Faqiy
*****
Donishmandlar, aqllilar jim turaversa, ahmoqlar ko‘payib ketadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Pul, mol senga haqiqiy do‘stlarni emas, balki ko‘plab “madaniyatli” (ya’ni dushmanligini sezdirmaydigan) dushmanlarni jalb etadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Uzlat, xoli qolish ikkiyuzlamachilarning shovqin-suronidan afzaldir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Odamlar bir-birlariga o‘zlaridagi mavjud nuqson miqdoricha aziyat beradilar.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Uyingdagi muammo sening o‘zingga xos muammodir. Gapirishdagi odobing esa suhbatdoshlaringning sendagi haqqidir. O‘zingning shaxsiy muammolaring va ichki iztiroblaringni boshqalar bilan qilayotgan muomalangga aralashtirma!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Odamlar bilan bo‘ladigan ilk muomalalardagi o‘zini namunali tutishlarga aldanma. Matematika fani ham rang-barang olmalarni va yong‘oqlarni bir-biriga qo‘shish va ayirishdan boshlanadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Boshqalarga ziyo ulashgan, ammo o‘zini yondirib, eritgan sham kabi bo‘lma.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!
Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi.
Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz.
ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik!
Akbarshoh RASULOV