Saudiya Arabistonining ommabop «Swift News» veb-saytida «Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi turizm sohasini yanada rivojlantirishni qo'llab-quvvatlaydi» sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida O'zbekistonda sayyohlik sohasini yanada rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotganligi bois turizm yangi bosqichga ko'tarildi,- deyiladi maqolada. -Ushbu sohada ko'plab me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha investitsiya dasturlari ishga tushirildi, xalqaro standartlar asosida turistlarga xizmat ko'rsatish tizimi yaratildi».
Nashrda 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, turizm ob'ektlari infratuzilmasini rivojlantirish hamda 8 mingdan ortiq madaniy meros ob'ektlaridan samarali foydalanish bo'yicha davlat dasturi qabul qilinishi ta'kidlangan.
«O'zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi mamlakatga kelayotgan sayyohlar sonini 4,5 milliondan 10 million nafarga ko'paytirishni rejalashtirgan. Shu sababli, O'zbekiston sayohatga qo'yilgan barcha cheklovlarni bekor qildi, - deb yoziladi materialda. - Sayohat cheklovlarini bekor qilish to'g'risidagi qarorlar turistlar oqimining ko'payishiga xizmat qilmoqda. Bu esa O'zbekistonning Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarida mehmonxonalar bilan bandlik ko'rsatkichlarining 83,6 foizga va hostellarning 70,8 foizga oshishiga olib keldi».
Maqolada ta'kidlanishicha, so'nggi to'rt yilda O'zbekistonda 833 ta yangi mehmonxona ishga tushirilib, ularda 75 mingdan ortiq mehmon qabul qilinyapti. Sayyohlik ko'chalari va qishloqlari tashkil etilyapti, zarur infratuzilmalar rivojlantirilmoqda.
«Sayyohlik ob'ektlari qatorida dunyoning 90 ta davlati fuqarolarining O'zbekistonga vizasiz kirishi, shuningdek, 60 ga yaqin davlat fuqarolariga tezkor viza olish imkoniyatlari yaratildi», - deb yozadi «Swift News».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti jamoasi Buxoro va Samarqand viloyatlariga uch kunlik ilmiy safarga chiqishdi.
Muftiy hazratlari xayrixohligi va institut rektori tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy safarning birinchi kunida Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Sayyid Mir Kulol, Bahouddin Naqshband, Abu Hafs Kabir hamda Chor Bakr kabi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorat qilindi. Ulamolar hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mir Arab madrasasida ham talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
An’anaga muvofiq, Muhammadrasul Abdullayev, Faxriddin Mamanosirov, Jahongir Ne’matov, Jahongir Ro‘ziyev va boshqa o‘qituvchilar ishtirokida talabalar Masjidi Kalonda Imom Buxoriyning buxorolik ustozlaridan rivoyat qilgan hadislarni o‘qishdi.
Imom Buxoriy mana shu masjidda minglab talabalarga "Sahihi Buxoriy"dan dars bergani tarixdan ma’lum. Aynan shu yerda tahsil olish bugungi talabalar uchun ilm barakasidan nasibador bo‘lishga umidvorlik bor.
Toshkent islom instituti jamoasining safari Samarqandda davom etdi. Ustoz va talabalar Hadis ilmi maktabida ham bo‘lishib, “Sahihul Buxoriy” kitobidan oxirgi hadislarni o‘qishdi. Shundan so‘ng 70 dan ortiq bitiruvchi kurs talabalariga “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari topshirildi.
Qur’on xatmlari nihoyalanib, xalqimiz farovonligi va yurtimiz osoyishtaligini tilab duolar qilindi.
Ma’lumot uchun, Toshkent islom institutida diniy ta’limning “xatmi kutub” uslubi bo‘yicha hadis, fiqh, aqida, tafsir, faroiz, tasavvuf kabi fanlarga oid mo‘tabar kitoblar dars jarayonlari va to‘garaklarda to‘liq o‘qib tugatiladi. “Sahihul Buxoriy” kitobi 2 yil mobaynida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchilari ustozligida o‘qib xatm qilindi. “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari har yili Buxoro va Samarqanddagi ilmiy safar yakunida topshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati