Alloh taolo insonni jonzotlar ichida mukarram qildi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi, 70-oyat).
Demak, inson va uning a’zolari mukarram, hatto vafot etgan kishining hukmi ham shundayligicha qoladi, ya’ni vafot etgan kishining jasadini xo‘rlash yoki biror a’zosini kesib olish katta gunoh sanaladi.
Inson a’zolarini sotish joiz emas, chunki u savdo moli hisoblanmaydi. Inson a’zolari mulk emas, uni sotishga shar’an ruxsat berilmaydi, evaz ham olinmaydi, chunki bu mulkida bo‘lmagan narsani sotishdir. Xuddi shunday, insonning a’zolari vorislariga ham mulk emas, ular ham mayyitning a’zolarini sota olmaydilar.
Odam a’zolarini sotish uning hurmatiga, mukarramligiga zid keladi.
Shariatimizdagi yana bir asl qoida: musulmon kishi xoh tirik, xoh o‘lik bo‘lsin unga jarohat yoki kesish bilan ozor berish harom hisoblanadi. Ana shu qoidadan boshqasiga o‘tish yoki istisno qilishga majbur qiladigan dalil bo‘lmasa, asl qoida o‘z holida qoladi.
Ulamolar inson a’zolarini transplantatsiya qilish (ko‘chirish) amaliyotining joizligiga “insonga manfaat berish va undan zararni daf qilish” shar’iy qoidasini asos qilib olganlar. Ushbu qoidaga binoan amaliyot jarayonida boshqa bir insonni halokatga duchor qilmaslik shart bo‘ladi.
Bu amaliyotni bajarishda boshqaning hayoti uchun juda katta manfaat borligi sabab o‘z a’zolarini olib, muhtojga qo‘yishga ruxsat berilishi insonning a’zolari mukkarram ekanini saqlash tushunchasiga zid emas. Ikki taraf muvofiq kelgan taqdirda quyidagi shartlar asosida a’zoni ko‘chirish amaliyoti mumkin bo‘ladi:
1. Biror a’zosini hadya qiluvchi odamning a’zosi olinganda uning hayoti xavf ostida qolmasligi.
2. O‘z a’zosini hadya qiluvchi odam ixtiyoriy ravishda bo‘lishi, hech kim tomonidan majbur qilinmasligi.
3. A’zoning ko‘chirilishiga sabab haqiqatan ham muhtoj bo‘lgan bemorning kasalligi tibbiyot jihatidan faqat shu yo‘l bilangina tuzalishi mumkin degan xulosaga kelingan bo‘lishi.
4. A’zosi olinayotgan va yangi a’zo qo‘yilayotgan ikki taraf uchun ham jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli tarzda o‘tishi va kutilgan natijaga erishilishi tajribalarda kuzatilgan va unga ishonch hosil qilingan bo‘lishi zarur.
Ko‘chirish mumkin bo‘lmagan a’zolar:
- bir insonning nasli boshqasiga o‘tishiga sabab bo‘ladigan irsiy a’zolar (erkak va ayolning jinsiy a’zolari), shu sifatlarni tashuvchi va homilaga sabab bo‘luvchi a’zolar;
- insonning yashashiga bevosita bog‘liq bo‘lgan yurak kabi a’zolar;
- insonning to‘kis yashashiga bilvosita bog‘liq bo‘lgan ko‘z qorachig‘i kabi a’zo;
Umuman, inson sha’ni, obro‘si va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan tibbiy amaliyotlarning barchasi shar’an ta’qiqlanadi.
Yuqorida zikr qilingan, a’zolarni zarurat bo‘lganda ko‘chirishga bir nechta shartlar qo‘yilmoqda. Eng muhim nuqta – a’zo ko‘chirilganda ham sotilmaydi, balki tabarru’ (ehson) qilinadi.
Endi ba’zida quloqqa chalinib qoladigan bolalarni o‘g‘irlash va ularning tana a’zolarni sotish holatlarida bir nechta katta gunohlar jam bo‘ladi. Bu yerda odamning joniga qasd qilish bor. Qur’oni karimda bir odamni nohaq o‘ldirish barcha odamlarni o‘ldirishga barobarligi aytilgan. Buning ustiga shariatimizda mol (tovar) deb hisoblanmagan narsa (odam a’zolari)ni sotish – harom pul topishdir. Bunday jirkanch gunohga qo‘l uradigan kimsalarni agar tavba qilmasalar, dunyoda xorlik va oxiratda alamli azob kutadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi
Nuqtayi nazar
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatapti. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta – 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yil 25 fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjat vijdon erkinligiga bo‘lgan huquq va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy o‘quv yurtidir.
Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni nafaqat diniy-ma’rifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi.
Sodiq Toshboyev,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 25 aprel, 84-son