Zamonaviy texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Butunjahon o‘rgimchak to‘ri deb ataladigan Internetning imkoniyatlari, taraqqiyotning tezligiga tezlik, kuchiga kuch bag‘ishlamoqda. Hozirgi vaqtda ana shu buyuk ixtironing imkoniyatlaridan bahramand bo‘lmagan inson kam qolgan. Biroq bashariyatga foyda keltirishi ko‘zlangan ushbu vositadan o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish maqsadida foydalanuvchilar ham yo‘q emas. Internetdan nimani axtarsangiz, topasiz. Faqat topilgan narsa to‘g‘ri, ishonchli va eng muhimi zararsiz ekanini bilish uchun ong va tafakkur kerak.
Shuni ham ta’kidlash joizki, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari va masjidlarning rasmiy diniy-ma’rifiy saytlari, feysbuk va telegram kanallari, shuningdek, uz. domenidagi rasmiy islomiy saytlar faoliyat olib bormoqda. Ulardan barcha shar’iy masalalarga asosli javob topish mumkin.
Alloh taolo bandalari ichida eng loyiqlarini payg‘ambar etib sayladi va o‘sha payg‘ambarlarga Jabroil alayhissalom vositasida din hukmlarini o‘rgatdi. So‘ngra payg‘ambarlar bu hukmlarni odamlarga yetkazdilar.
Odamlar zimmasidagi amallar sakkiz qismga bo‘linadi: Birinchisi – farz. Ikkinchisi – vojib. Uchinchisi – sunnat. To‘rtinchisi – mustahab. Beshinchisi – muboh. Oltinchisi – harom. Yettinchisi – makruh. Sakkizinchisi – mustakrah.
Ushbu sakkiz amalning ba’zilarini bajarish shart, ba’zilarini bajarmaslik shart. Ayrimlarini esa qilish-qilmaslik ixtiyoriy. Ba’zi kishilar ana shu amallar qolib, ba’zi bir “faloniy”, “pistoniy” nomli mutaassiblarning gaplariga ishonib, chalg‘ib yuribdilar. Undan ko‘ra halol va haromni farqlab, poklik (tahorat, g‘usl va h.k.) qanday bo‘lishi, Alloh taolo yoqtiradigan namoz, ro‘za, zakot, haj, rostgo‘ylik, omonatni ado qilish, ota-onaga yaxshilik ko‘rsatish, silai rahm qilish, ahdga vafo, Alloh taoloning diniga ixlos, U Zotning ne’matiga shukr qilish, qazosiga rozi bo‘lish haqida qayg‘urish afzal emasmi? Qiyomatda Allohning huzuriga qanday boramiz. Falonchi unday dedi, pistonchi bunday dedi kabi mish-mish va uydirmalar zarardan boshqa narsa emas-ku. Binobarin, hadislarda shunday rivoyat qilinadi: “Albatta, Alloh taolo sizlarning suratlaringizga ham, mol-davlatingizga ham qaramaydi, balki qalbingizga va amallaringizga qaraydi” (Imom Muslim rivoyati).
Shu o‘rinda o‘zlariga “faloniy”, “pistoniy” deb nom qo‘yib olgan mutaassib guruhlarga tegishli internet saytlarini farqlab olish hamda bundan ogoh bo‘lish maqsadida, ularga taalluqli bo‘lgan sahifalarning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagicha:
Xo‘sh, bunday fitna va xatolardan emin bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Alloh taoloning kuzatib turganini, U zot hamma narsadan voqif ekanini doim his qilib turish;
Internetga muayyan vaqtlarda, aniq maqsad bilan kirish;
o‘zi aytayotgan, eshitayotgan, naql qilayotgan va o‘qiyotgan narsalar haqida ishonchli ilmga ega bo‘lish lozim. (Chunki internet shunday makonki, unda to‘g‘ri kelgan odam soxta ism ostida to‘g‘ri kelgan narsani yozishi mumkin);
biror voqeadan xabardor bo‘lsa, aql tarozisiga solib ko‘rish lozim. Chunki Niso surasining 83-oyati tafsirida bunday deyiladi: “Ba’zi kishilar biror xabarni eshitishlari bilan hamma yoqqa tarqatishga shoshiladilar. Bundan musulmonlarga foyda bormi, zarar bormi o‘ylab o‘tirmaydilar. Mazkur xabarni tarqatish musulmonlar uchun yaxshimi yoki tarqatmaslik yaxshimi – o‘ylab ko‘rmaydilar. Oqibatda dushmanlar «sovuq urush» (qurolsiz urush) deb nomlangan qabohatni ishga solib, turli-tuman yolg‘onlarni to‘qib chiqaradilar. Musulmonlar ichida g‘ulg‘ula, kelishmovchilik tarqatadilar. Ruhiy, ma’naviy quvvatlarini sindiradilar. Agar musulmonlar o‘z dinlariga amal qilsalar, bunday laqmalik, nodonlik qilmas edilar. Eshitgan gaplarini darhol yoymas edilar. Chunki Islom hukmi bo‘yicha, eshitgan gapini tarqataverish mumkin emas” (“Tafsiri hilol“ ikkinchi nashr 1- juz 587-bet. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan umrimizni besamar o‘tkazmaylik! Alloh taologa taqvo qilaylik! Taqvo qilishning fazilatlari va foydalari juda ham bisyordir, Qur’oni karimda ularning bir qanchalari zikr etib o‘tilgan. Jumladan: “Ey, imon keltirganlar! Agar Allohdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun (haq bilan nohaqlikni) ajrim etuvchi (yordam)ni berur va gunohlaringizdan o‘tib, sizlarni mag‘firat qilur. Alloh ulkan fazl sohibidir (Anfol surasi, 29-oyat).
Taqvodor bandaga har qanday tang holatdan chiqish yo‘llari oson qilib qo‘yiladi, unga rizq eshiklari ham keng ochiladi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
Taqvo tufayli osmonlaru yerdan barakotlar yog‘ilib, xalqlar farovon hayot kechirishlariga muyassar bo‘ladilar. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Agarda (mazkur) yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo‘lur edik” (A’rof surasi, 96-oyat).
Bu oyatda juda katta marhamat bor. Alloh taolo bandalaridan juda ko‘p va og‘ir narsani talab qilmadi. Imon keltirib, shirk va gunohlardan o‘zlarini tiysalar, bas. Shu ishlari evaziga yeru osmondan barakot ato etaman, deb va’da qilmoqda. Bu shart va mukofot va’dasi to qiyomatgacha dunyoga kelib ketuvchi barcha bandalarga tegishlidir.
Fotiha surasidaga: “Iyyaka na’budu” lafzi “faqat Sening aytganingni qilamiz”, ma’nosini anglatadi. Bu esa bandaning Alloh taologa bergan ulkan va’dasidir.
Alloh taolo barchamizni ushbu va’daning ustidan chiqadiganlardan qilsin.
Azamat USMONOV,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.
Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.
Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».
Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.
Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.
Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.
Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.
Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.
Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.
Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.
Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.
Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan