Aljirda Qur’oni karim mo‘jizalariga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda International Quran News Agency.
Tashkilotchilarning fikrlariga ko‘ra, Qur’oni karimning haqiqiyligi zamonamizning turli xil kashfiyotlari va ilmiy yutuqlari bilan o‘z tasdig‘ini topmoqda.
(Qur’oni karim oyatlarida bayon etilgan ilmiy mo‘jizalar bilan bog‘liq yangiliklar kundan-kunga kashf etilib, unga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.)
“Qur’oni karim va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” simpoziumi ishtirokchilari ilmiy klub tashkil etib, unda Qur’oni karim va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalarning sharhini amalga oshirish, shuningdek yangi majlislarni o‘tkazish taklifini ilgari surishdi.
Seminarda Aljir va xorijiy mamlakatlarning turli universitetlari (Falastin, Tunis, Buyuk Britaniya va boshqalar) dan tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.