Alloh taolo insonni azizu mukarram etib, uni juft holida, ya’ni erkak va ayol jinsida yaratdi. Ayol zoti erkaklarga nafaqat umr yo‘ldosh, orom-sakinat baxsh etuvchi, oilaning chirog‘i va posboni, balki farzandlarni tarbiya etuvchi murabbiyasi qilib yaratilgan. Alloh taolo insoniyatning nasl rishtasini davom ettirish uchun ayolga onalik baxti va mas’uliyatini ato etdi. Shuning uchun ayolni ham jufti halol, ham ona deb ulug‘lanadi.
Islomda tug‘ilgan farzand qiz bo‘lsa, quvonchni bo‘rttiribroq qilishi tavsiya etilgan. Odatda esa, o‘g‘il tug‘ilganda xursandchilik kattaroq bo‘ladi. Ammo shariatda aynan qiz tug‘ilganda xursandchilikni kattaroq qilishning tavsiya etilishi johiliyat amaliga qarshi ish yuritish uchundir.
Ayol o‘zi aslida bashariyat nasli ko‘payishining sababchisi, odamzod bolasining boqiy davom etishi vositasi, ilm, kamolot, fazilat ahli, qahramonlar va buyuk kishilarning onasidir.
Islom ta’limoti ayolni ulug‘labgina qolmay, balki erkakka bergan barcha huquq va vojibotlardan benasib etmadi. Ilm olishni erkagu xotinlarga baravar farz qilingan. Hatto moliyaviy muomalalarda ayol o‘z moli va boyliklarini tasarruf qilish ixtiyoriga ega. Eri yoki otasining aralashuvisiz tijoriy shartnomalarni ixtiyoriy ravishda ayolning o‘zi tuzishga mutlaqo haqlidir. Erkaklar moliyaviy muomalalarda qanday haq-huquqlarga ega bo‘lishsa, ayollar ham xuddi shunday huquqlarga egadir. Dinimiz ta’limotlariga rioya qilgan holda ayolning joni, sog‘lig‘i, aqlini aqliy va jismoniy kamol toptirish bilan bog‘liq barcha ishda erkakdan aslo past ko‘rilmaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Salimjon qori Qodirovning yangi nashrdan chiqqan “Ayolni e’zozlagan din” nomli kitobi – ayni shu mavzuga bag‘ishlandi.
Muallif risolada musulmon ayollarining oila va jamiyatdagi o‘rni, Islom dinida nozik xilqat vakilalariga bo‘lgan e’tibor va e’tirofni ilmiy dalillar, hayotiy voqe’liklar orqali o‘quvchiga tushunarli tarzda yoritib bergan.
Afsuski, o‘tayotgan asrimizda ham ayrim kishilar tarafidan ayolga nisbatan johiliyat qarashlari bilan o‘ylaydiganlar ham topilmoqda. Ana shunday illatlarga barham berish, ayollar haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida har yili butun dunyo bo‘ylab “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” nomi ostida kampaniya o‘tkaziladi. Ushbu kampaniya ayollarga nisbatan zo‘ravonlik inson huquqlariga zid harakat ekanini ifodalovchi fikr bilan ramziy bog‘langan ikki voqea “25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish kuni”da boshlanib, “10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni”da yakuniga yetadi. O‘zbekistonda ham ushbu kampaniya 2011 yildan buyon “Uydagi osoyishtalikdan dunyodagi tinchlik sari”shiori ostida muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda.
Bu yil ham mazkur tadbir 26 noyabr kuni Toshkent shahrida o‘z ishini boshladi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan ham ishtirok etdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari ayollarning haq-huquqlari mavzusiga diniy tomondan izoh berib, Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Salimjon qori Qodirovning yangi nashrdan chiqqan “Ayolni e’zozlagan din” kitobini ushbu tadbir ishtirokchilariga taqdim etdi.
Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosariga ko‘ra, mazkur kitob asosida Xalqaro Islom akademiyasida ham alohida davra suhbatlari tashkil etiladi hamda kelayotgan juma kuni barcha jome’ masjidlarda tezislarda ayollar mavzusiga alohida urg‘u bergan holda, musulmon kishining ayollarga munosabati qanday bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritiladi.
Qolaversa, O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat ekanini hisobga olgan holda, Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi yaqin orada qoraqalpoq va rus tillarida ham chop etilishi rejalashtirilgan.
Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi matbuot xizmati
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir.
Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir.
Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi.
14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi