Hozirgi kunda til o‘rgatuvchi o‘quv markazlari ko‘paydi. Ko‘pchilik til o‘rganishga qiziqib, mazkur o‘quv markazlarida ta’lim olishmoqda.
Til o‘rganish yaxshi ish. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuga ibroniy tilni o‘rganishni amr qilganlarida, u kishi qisqa muddat ichida bu tilni o‘rganib olib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tarjimonlariga aylanganlar.
Biz yangi bir tilni o‘rganishimiz uchun o‘sha til borasidagi grammatika kitoblarini o‘qiymiz. Harflar va so‘zlarning talaffuz qilinishi, bir-biriga qo‘shib, gap tuzilishi, gapning bo‘laklari va hokazo jihatlarini sinchkovlik bilan o‘zlashtiramiz. Bu ish uchun ikki-uch yilni sarflaymiz. O‘zimiz o‘rganayotgan tilda biroz gaplasha oladigan bo‘lganimizdan keyin birov bilan o‘sha tilda gaplashsak, aytadigan so‘zlarimizni xayolimizda tuzib olib, xato qilmaslikka urinib, asta gapiramiz. O‘z ona tilimizda gapirganimizda esa, “xayolda so‘z tuzish” degan mashaqqat bo‘lmaydi, bu narsa hatto xayolimizga ham kelmaydi.
Biz o‘rta-maxsus islom bilim yurtida, keyinchalik Islom institutida ta’lim olganimizda ingliz tili, fors tilidan ham saboq olganmiz. O‘sha tilga oid lug‘atlarni yodlab, so‘zlarni qo‘shishni, fe’llarni zamonga moslashni o‘rganganmiz. Ammo o‘sha tilda gapirmoqchi bo‘lsak, avval xayolimizda gap tuzib, so‘zlarni o‘z o‘rniga joylashtirib, keyin asta gapirardik.
Fors tilini esga oldik. Misolni ham shu haqida keltirsak.
Ko‘chada yurganimizda, fors-tojik tilida gaplashadigan insonlarning o‘zaro suhbatlarini eshitib qolamiz. Bir ayol bolasining boshiga urdi. Shunda bolakay “Man chi kardam?” (“Men nima qildim?”) deb darhol javob berdi.
Bu hol insonni o‘ylantiradi. Agar mening ham boshimga kimdir urib, urishining sababini fors-tojik yoki boshqa tilda so‘rashimni shart qilib qo‘yganida, “Bu odam boshimga urdi. Endi undan “Nega uryapsiz?” yoki “Men sizga nima qildim?” deb so‘rashim kerak. Fors tilida “men” degani nima edi, “sizga” degan so‘z qanday ifoda qilinardi, “nima qildim?” deb forschada qanday aytilardi?” degan savollar miyamda aylanishni boshlar, xayolimda lug‘atlarni topib, gapni tuzib bo‘lib, oradan bir muddat o‘tgach, o‘sha insondan nega urgani sababini fors tilida so‘rar edim.
Ammo haligi bolakay o‘ylanib o‘tirmadi. Xayolida gap ham tuzmadi. Gapirganda xato ham qilmadi. Xuddi o‘zim o‘zbek tilida gapirganimda qanday tezkorlik bilan javob bersam, u ham tojik tilida shunday tez javob berdi.
Bu nima ekanini bilasizmi? Bu Allohning qudratiga dalolat qiladigan jarayondir!
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
الرَّحْمَنُ عَلَّمَ الْقُرْآنَ خَلَقَ الْإِنسَانَ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ
“Rohman. Qur’oni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi” (Rohman surasi, 1-4-oyatlar).
Mufassirlarimiz “Unga bayonni o‘rgatdi” oyatidan murod “Unga halol-haromni, dunyo va oxirat ishlarini, inson ehtiyoji tushadigan hamma narsani, nutqni, gapirishni va hokazolarni o‘rgatdi”dir” deyishgan.
Ha, azizlar, biz o‘z ona tilimizda qiynalmay gapirishimiz, o‘z fikrimizni erkin ifoda eta olishimiz, xohish-istaklarimizni bayon qilishimiz Allohning ne’mati, rahmatidir.
Nozimjon Iminjonov
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.
Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.
Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.
Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz.
Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar” (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya berganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!
G‘ayrat BOZOROV,
Dehqonobod tumani
“Oqrabot ota” jome masjidi
imom-xatibi