Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Yuz yillar muqaddam Maxmudxo‘ja Behbudiy hazratlari: “Taraqqiy etgan millatlarning onalari o‘qitur ekan, biz avval onalarimizni o‘qitib, ularga til o‘rgatmog‘imiz kerak. Chunki bizning ilm va tilsizligimiz ulardandir”, deya bong urgan edi.
Bu bong hanuzgacha o‘z jarangida qolmoqda. Millatimizning yetuk namoyondalari hayotiga nazar tashlasak, ularni aynan onalari ilmli qilib tarbiyalaganlarini ko‘ramiz: Muqumiy onasi Oishabibidan, Munavvarqori onasi Xosiyatxondan, Fitrat onasi Bibijondan, Isoqxon Ibrat onasi Hurbibidan tarbiya va ilk ilm sirlarini o‘rganishgan.
Abdulla Avloniy: “Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur?” – degan savolga, “Birinchi – uy tarbiyasi. Bu ish ona vazifasidir”, deya javob bergan.
Afsuski, bugungi kunda aksar ayollarimizning mashg‘ulotlari kiyim-kechak, gap-gashtak, qozon-tovoq, mehmon kutish, teleseriallar ko‘rish bo‘lib qoldi, ular oldi-qochdi mavzularga boy gazetalar o‘qishdan nariga o‘tishmaydi. Bu holat uchun asosan erlar javobgarlikni bo‘yinlariga olishlari darkor.
Modomiki xotinlar farzand tarbiyasiga so‘nggi vazifa sifatida qarab, yoinki uni boshqalarga topshirib, mas’uliyatsizlik ko‘rsatar ekan, millatimiz shafqatsiz dardga giriftor bo‘lishi turgan gap. Bola onadan tarbiya olmas ekan, uni hech bir muallim tuzata olmaydi.
Bekobod tumani “Ulug‘bek” jome masjidi
imom-xatibi Xolboyev X.
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi