Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Rosulullohdan (s.a.v.) uch vasiyat

23.11.2018   4861   7 min.
Rosulullohdan (s.a.v.) uch vasiyat

Jobir (r.a.) aytdilar: “Rosululloh (s.a.v.) bizga xutba qildilar va aytdilar “ Ey insonlar! Vafot etmasingizdan avval Alloh taologa tavba qilinglar. Mashg‘ul bo‘lib qolishingizdan oldin solih amallarga shoshilinglar. Alloh taoloni ko‘p zikr qilishlik, Yashirin hamda oshkora sadaqani ko‘paytirish ila Alloh bilan o‘zlaringizni o‘rtalaringizni bog‘lab olinglar. Shunday qilsangiz; rizqlanasizlar, yordam berilasizlar va mukofotlanasizlar”. (Ibni Moja)

Ushbu hadisi sharifda Rosululloh (s.a.v) bizni dunyo va oxirat hayoti uchun zarur bo‘lgan to‘rt amalga buyurmoqdalar hamda ushbu amallarga beriladigan ne’mat va mukofotlardan uchtasini bashorat bermoqdalar.

Vafot etmasingizdan oldin tavba qilinglar”. Inson bolasi borki, xatokor va gunohkordir. Chunki, inson ojiz, notavon. Har qancha harakat qilmasin, zaifligi sabab xato qiladi, adashadi hamda Robbisiga gunoh qilishda davom etaveradi. Bu haqida Rosululloh s.a.v. boshqa bir hadislarida shunday deganlar: “ Barcha odam bolasi xatokorlardir. Xatokorlarning yaxshisi sertavbalardir”. (Termiziy, Ibn Moja va Hokim rivoyati)

Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa Rosululloh (s.a.v.) shunday dedilar: “ Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar gunoh qilsangiz, gunohingiz yer bilan osmongacha bo‘lib ketsa ham tavba qilsangiz, Alloh taolo kechiradi. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar siz gunoh qilmaganingizda Alloh sizlarni ketkazib, o‘rningizga gunoh qilib istig‘for aytadigan bir qavmni keltirur va ularni mag‘firat qilur”.  (Imom Ahmad va Muslim)

Agar Robbimizning muborak Kalomiga e’tibor beradigan bo‘lsak Alloh taolo judayam ko‘p joylarda O‘z bandalarini tavba qilishga va istig‘for aytishga buyurdi. Biror joyda mutloq gunoh qilmaslikka buyurmadi. Bu ham Alloh taoloning bizga bergan marhamatidandir. Chunki Alloh taolo bandalarining toqati yetmaydigan narsaga mukallaf qilmagan. Mutloq xato qilmaslikka esa insonning toqati yetmaydi. Alloh taoloning bizga bo‘lgan yana bir mexribonchiliklaridan biri, gunohkor kishi uchun gunohidan poklanishi uchun nixoyatda ko‘p imkoniyatlar va til uchun yengil bo‘lgan kalimalarni ham O‘zi o‘rgatdi. Istig‘forni biz uchun najot kalimasi qildi.Hazrati Ali (r.a.) aytdilar: “ Najot o‘zi bilan birga bo‘lib turib halok bo‘lgan kishidan ajablanaman”.  “ Najot nima?” deb so‘rashdi.  Ali (r.a.): “Istig‘for”, deb javob berdilar.

Qolaversa, istig‘for zikrlarning eng afzalidir. Ulug‘larimizdan so‘rashdi: “ Alhamdulillah”, “ Subhanalloh” kabi zikrlarni aytish afzalmi yoki “ Astag‘firulloh” deyishmi? Javob shu bo‘ldiki: “ Libosingga xushbo‘y sepishdan oldin uni turli xil kirlardan tozalash zarur bo‘lganidek, gunohlardan tozalanib olish uchun avval istig‘for aytgan afzal”.

Shuning uchun ham Rosululloh (s.a.v.) ushbu hadisning eng avvalida Alloh taologa tavba qilishga chaqirmoqdalar.

“Mashg‘ul bo‘lib qolishingizdan oldin solih amallarga shoshilinglar”. Ya’ni, yoshligingda gardaningga ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishi tushmasdan , tirikchilik uchun mashg‘ul bo‘lmasdan oldin, badaning va aqling sog‘lomligida, biror bemorlik va parishonxotirlik bilan mashg‘ul bo‘lmasingdan oldin, umring poyoniga yetib, Azroil (a.s.) o‘z vazifasini ado qilish uchun kelgan vaqtida ko‘zingga xech narsa ko‘rinmay o‘zing bilan o‘zing mashg‘ul bo‘lib qolishingdan oldin savobli ishlarga shoshil. Oxiratda seni Robbingning azobidan qutqaradigan, jannatlarga kiritadigan, darajoting yuqori bo‘ladigan va yaqinlaring uchun ham shafoatchi bo‘lishingga kifoya qiladigan xayrli va solih amallarni Alloh uchun xolisona va ko‘proq qilib qol. Hamda yaqinlaring va boshqa insonlarni ham bu ishlarga chaqir. Chunki Alloh taolo: “ Bas, yaxshi ishlarga shoshilingiz”, (Baqara,148) degan. Boshqa bir oyatda esa Robbimiz: “ Asr bilan qasam. Albatta inson xusrondadir. Illo, iymon keltirganlar va solih amal qilganlar, bir-birlarini haq yo‘lga chaqirganlar va bir-birlarini sabrga chaqirganlar (undoq emasdir)”. (Asr, 1.2.3.) Ya’ni, qiyomat kuni mana shu to‘rt toifa kishilardan tashqari hamma bu dunyoda  o‘tkazgan umri uchun, behuda sarflangan mehnati uchun afsus, xasrat  va nadomatda bo‘ladi.

“Alloh taoloni ko‘p zikr qilishlik, Yashirin hamda oshkora sadaqani ko‘paytirish ila Alloh bilan o‘zlaringizni o‘rtalaringizni bog‘lab olinglar”.  Alloh taologa ibodat qilishdan ko‘zlangan  eng asosiy  maqsad ham u Zotni eslash va zikr qilishdir. Ibodatlarning eng ulug‘laridan bo‘lgan namoz haqida  Alloh taolo: “ Meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et”, (Toha,14) degan.  Ankabut surasining 45-oyatida: “ Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir”, deya, Jum’a surasining 10-oyatida esa: “ Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad najot topsangizlar”, deb marhamat qilgan.  

Sadaqada esa, judayam ko‘p  maqtalgan xislatlar bor. Bulardan dunyoda: molni xaromdan  va badanni gunohlardan poklash, kasallik va balolarni daf qilish, miskinlarga xursandchilik ulashish, rizqning keng va molning barakali bo‘lishi bor. Oxiratda esa: Qattiq issiqdan soya, hisobning yengil bo‘lishi,tarozida amallarning og‘ir bo‘lishi, sirot ko‘prikdan o‘tishga ruxsatnoma va jannatdagi darajalarni yuqori bo‘lishligi bor. Shuning uchun Umar ibn Abdulaziz (r.a.) aytadilar: “ Namoz seni yo‘lning yarmiga yetkazib qo‘yadi. Ro‘za olamlar podshohi xuzuriga yetkazadi. Sadaqa esa U Zotning xuzuriga olib kiradi”.

Alloh taolo aytadi: “ Sadaqani oshkora qilsangiz , qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz , bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir”. (Baqara,271)

Mufassirlarimiz  oshkora sadaqadan murod, Alloh berishlikni farz qilgan zakot, fitr kabi moliyaviy ibodatlardir, yashirindan murod esa, banda o‘z ixtiyori bilan beradigan nafl sadaqalardir, deganlar.

Demak, Rosulullohning (s.a.v.) hadisdagi ushbu gaplarini, Alloh sizlarga farz qilgan sadaqalarni  va qo‘shimcha nafl sadaqalarni muntazam berish bilan Alloh taoloning roziligini topib, U Zotning suyukli bandalari safiga qo‘shilib qolinglar, deya tushunish kerak.

Agar shunday qilsangiz, bu dunyoda xotirjam xayot va barakali umr bilan, pokiza rizq va solih-soliha zurriyotlar bilan rizqlanasiz.

Nafs va shayton nomli ikki dushmanga qarshi, faqirlik va baxillik kabi xislatlarga qarshi kurashda, Alloh taoloni roziligini topish uchun qilayotgan xarakatlaringizda yordam berilasizlar.

Va oxiratda Alloh taoloning taqvodor bandalari uchun tayyorlab qo‘ygan jannatdagi mukofotlari hamda eng oliy mukofot bo‘lgan Allohning diydorini ko‘rishlik baxti bilan mukofotlanasizlar.

 

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Islomov Yorbek    

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Haqiqatni qachon yashirish kerak?

31.01.2025   1716   2 min.
Haqiqatni qachon yashirish kerak?

Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.

Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.

Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir. 

Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:

1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.

 

Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.