Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2026   |   24 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:28
Asr
17:37
Shom
20:00
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2026, 24 Zulhijja, 1447

Bu kecha boshqacha, chiroylik

22.11.2018   5483   11 min.
Bu kecha boshqacha, chiroylik

Bismillahir Rohmanir Rohim

Bugun – Rahmon, Rahim, Qodir Allohning eng suyukli do‘sti, Rasuli, yer yuzidagi so‘nggi Payg‘ambari, insoniyat sarvari Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning tavallud topgan, u zotni sog‘ingan, suygan, ko‘rsatgan yo‘llarida sobit bo‘lish orzusi, intilishida yashayotganlarning salavotu salomlari falakka to‘layotgan kunlarda bu zamonlarga yeta olmagan ota-onalarimiz, boboyu momolarimiz, ustozlarimizni o‘ylarkan... xotiralar qatidagi go‘zal ma’noyu maqsadlardan angladim: garchi sobiq sovet tuzumi xalqimiz qalbiga dinsizlik, jaholatni shafqatsizlik, qattollikka tayanib singdirmoqchi bo‘lgan esa-da, muqaddas Qur’on ta’lim-tarbiyasiyu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari ko‘rsatmalarini katta avlod qalbida quyoshdek asrab, o‘z amallari bilan farzandlari qalbiga singdirib ketgan ekanlar. Zero, Parvardigori olam quyoshni dunyo hayoti uchun yorug‘lik, harorat manbai qilib yaratgan ekan, toki Alloh taoloning hukmi o‘zgarmaguncha, yaratilmishlardan hech bir kuch oftobning nurini, issig‘ini to‘sa olmaydi. Quyosh bulut orqasida qolishi yoki qishda yer sharining biz yashayotgan mintaqalaridan uzoqlashi mumkin, lekin bu vaqtinchalik holat ekani ongimizga quyilgan. Xalloqi olam bir-biriga uyg‘un bog‘lagan fasllar O‘zining irodasi bilan ba’zan ertaroq yoki kechoq kelishi, odatdagidan issiqroq yoki sovuqroq, seryog‘in yohud quruqroq kechishi ko‘p kuzatilgan, faqat ularning vazifasini, tartibini isloh qilish yaratilmishlarning qo‘lidan kelmaydi...

Hech esimdan chiqmaydi: bundan o‘ttiz to‘rt yil oldin kutilmaganda markazko‘mning g‘oyaviy ishlar bo‘yicha kotibasi majlisga chaqirdi. Yetti oylik qizimni tashlab ketolmasligimni aytgandim, umuman quloq solishniyam, tushunishniyam istashmadi. Bolani bir qo‘shniga tashlab bordim. Kotibaning yuzi, ko‘zi, so‘zlaridan zahar tomib majlis o‘tkazishiga mashhur shoirlarimizdan biri dunyo adabiyotining durdonalaridan bo‘lgan asarni o‘zbek tiliga o‘girganda Xudo so‘zini ishlatgani ekan. Katta xonani to‘ldirib o‘tirgan ijodkorlardan birontamiz: “Axir, asl manbada qo‘llanilgan bu so‘z tarjimada ham bo‘ladi-da!” degan gapni aytishga jur’at etolmaganmiz. Chunki imonsizlikka asoslangan sobiq tuzum ulamolarni qatag‘onu surgunlarga mahkum etib, diniy adabiyotlarni yoqib-yo‘qotib, xalqni e’tiqodsiz mutelarga aylantirish uchun zulm tegirmonini beayov aylantirardi. Ammo qalblarga Allohdan o‘zga kimning hukmi o‘tardi?!

Ota-onalarimiz qo‘limizga non berayotganda, uyquga ko‘zimizni yumib-ochganda, ostona xatlaganda, tilimizga “Bismilloh”ni o‘rgatishdi. Rahmatli otam mulla Muhammadxon: “Mening tirikligimda olgan bilimlaring – eng katta meros” degan gapni ko‘p qaytaradilar. Aqlimizni tanib-tanimay ota-onamizni quvontirgan dastlabki amallarimizdan biri  ular o‘rgatgan “Chorqul” suralarini yodlab aytib berganimiz bo‘lsa kerak. Payg‘ambarimiz  sollallohu alayhi va sallamning “Qul huvallohu ahad” va “Muavvazatayn”ni kechqurun va ertalab uch martadan o‘qib qo‘ygin, seni hamma yomonliklardan asraydi” (Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati) degan sunnatlari u mehribonlarimni ko‘z oldimga keltiraveradi.

Jismu ruhimiz otajonim tong saxarlarda o‘qigan Qur’on suralaridan nur, shifo oldi. “Davoning eng yaxshisi Qur’ondir” (Ibn Moja rivoyati) deb marhamat qilganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.

 Ona shahrim Marg‘ilon odamlarining halimligi, muomalasi muloyimligini ko‘pchilik e’tirof etadi. Otamning ayol-qizlarga muomalalari boshqacha mayin edi. O‘ta talabchan onamning ovozlarini ko‘targanlari, so‘kib urishganlarini eslolmayman. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ham shaloq so‘zlamas, o‘zgalarning ham shaloq so‘zlashiga yo‘l qo‘ymas edilar. “Darhaqiqat, sizlarning yaxshilaringiz xulqi yaxshilaringizdir”, – derdilar” (Imom Buxoriy rivoyati) – ayni shu fazilatni xonadonimizning, qo‘ni-qo‘shniyu qarindoshning ulug‘lari maktabida ko‘rib o‘rgandik.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning farzandlariga hadya berishda adolat qilmagan sahobalariga: “...Bu durust emas, bu ishingga mendan boshqani guvoh qil. Men zulmga, gunohga guvoh bo‘lmayman. Allohdan qo‘rqinglar, farzandlaringiz o‘rtasida adolat qilinglar...”, deganlarini har gal o‘qiganimda, mulohaza qilganimda, ko‘z oldimga otajonimning yong‘oqdekkina ne’matni ham oltita teng bo‘lakka bo‘lib, biz – olti farzandning oldiga qo‘yib, mehribon jilmayib turganlari hamon ko‘zlarimdan minnatdorchilik yoshlarini oqizaveradi. Bola ekanman-da, yetti-sakkiz yoshlarda bo‘lsam kerak, otamga singlimdan shikoyat qilibman. Dadam indamay eshitdilar, keyin: “Shu gaplarni Mukarramxon haqida aytdingizmi? – dedilaru qo‘shimcha qildilar. – Agar shu singlingiz yuz-qo‘lini yuvgan suvni olib kelsangiz, men uni ichib qo‘yaman”. Tabiatan juda nozikta’b, ozodalik talab bo‘lgan otamning bu gaplarini dastlab tushunmadim, hayron bo‘ldim. Ammo yuzlaridan kayfiyatlari buzilganini sezdim: demak, aytgan gapim, aniqrog‘i, singlimdan nolishim yoqmadi. Bu voqea menga bir umrlik saboq bo‘ldi. Keyinchalik angladimki, ota-onaning bolalariga adolat qilishi mohiyatida o‘zaro ahil, mehr-oqibatli aka-ukayu opa-singillar, demakki, bir-birini qo‘llab-quvvatlovchi jamiyat ildizlarini mustahkamlash maqsadi ham mujassam ekan.

Yoshi biroz ulg‘ayganda farzand ko‘rgani uchunmi, bolalar orasiga tushib janjallashadigan qo‘shnimiz biznikigayam akamdan shikoyat qilib chiqardi, xumoridan chiqqunicha urishib olardi. Onam indamasdilar, qo‘shnining gapiga loyiq javob qaytarmaganlaridan bizning jahlimiz chiqardi. Ammo hech qancha vaqt o‘tmasdan o‘sha qo‘shni bir sabab-bahona topib: “Ayajon-uv” deb kirib kelardi. Onam hech narsa bo‘lmagandek uni qarshilab so‘riga boshlardilar. Shunga o‘xshash voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Nazarimda, onajonim uchun Payg‘ambarimiz alayhissalomning “Eng yomon ko‘radiganim adovati qattiq kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), degan hadislari doimiy shior bo‘ldi. Bu fazilatlari sharofatidan xonadonimiz hamisha yaxshi mehmonlar bilan, hayotdan erta ketgan otamdan keyin ham barakotlar bilan obod bo‘ldi, menimcha.

Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kimda kim mehribonlik qilmas ekan, o‘zi ham mehribonlik ko‘rmagay” (Imom Buxoriy rivoyati). Ko‘chamiz, mahalla, maktabimiz, undan so‘ng oliy ta’lim dargohida, eh-he, bizga mehr bilan ta’lim-tarbiya bergan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, hunar o‘rgatgan odamlarning son-sanog‘i yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yetimlar boshini silaganlar jannatda o‘zlariga yonma-yon bo‘lishini aytganlar. Erta vafot etib ketgan ikkita ammamning farzandlarini bizga opa, aka qilib oilamizga qo‘shgan, “Bularning ko‘ngli yarim, yetimligi bilinib o‘ksib qolmasin”, deya o‘sha opa-akalarimizga bizdan ham ko‘proq mehr berishga uringan otam, onam jannatda olamlar sarvari qavatlarida bo‘lsalar, inshoalloh!

O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim bolalik, o‘smirliklarini xotirlab ushbu voqeani so‘zlab bergandilar: “Mahallamizdagi Siddiqa otinoyida savod chiqarganman. O‘n ikki yoshlarda edim. Bir kuni meni o‘qishdan olib kelib, kasal yotgan opamning oldiga olib kirishdi. U yerda Qur’ondan Yosinni o‘qib uzoq o‘tirdim. Og‘ir ahvolda bo‘lgan opamning yuziga qarashga yuragim betlamasdi. Bir payt ayollar kirishib, ishora bilan o‘qishimni to‘xtatishdi. “Opang vafot etdi, tashqariga chiq, kitobingni yuqori tokchaga qo‘y”, deyishdi”. Aziz ustozning o‘tgan asrda hayot va zamonning barcha sinovlari (ikki akaning fojiali o‘limi, yana bir akaning qatag‘on qurboni bo‘lishi, opasining vafoti, sevikli turmush yo‘ldoshidan 29 yoshida beva qolishi)ni iroda, sabr bilan yengib, hech kimdan, hech narsadan nolimay matonat bilan prkiza yashashi Allohning taqdiriga taslimlik ekanini yuqoridagi xotiralarini eshitganimda chuqurroq angladim.

Umrimning katta qismi “yagona sovet millati”ni shakllantirishga tish-tirnog‘i bilan safarbar bo‘lgan zamonda kechdi. Maktabda, oliy ta’lim dargohida odam bolasini yer yuzidan tortib koinotgacha hukmdor qilish (Astag‘firulloh!) g‘oyalariga xizmat qilgan “...izm”, “...izm”larni o‘qish-o‘rganishga uvol ketgan vaqtlarning hisobi yo‘q. Ammo o‘sha paytlarda baho olish uchungina o‘rganilgan u “bilim”lar qurigan barglar kabi xotiradan to‘kilib ketdi-yu... o‘sha zamonning “olim”lari bilimsiz, ma’rifat-madaniyatdan yiroq deb qadrini, obro‘-sha’nini yerga urib kelgan otalarimiz, onalarimiz, boboyu buvilarimiz qalbimizga ekkan to‘g‘rilik, xalollik, rostgo‘ylik, tinchliksevarlik, mehribonlik, kichikka shafqatu keksalarga g‘amxo‘rlik, mehnatsevarlik, kechirimlilik, ozodalik, bag‘rikenglilik, saxovat, kamtarlik... kabi hislatlar urug‘lari nish urdi, ko‘kardi. Chunki bu fazilatlarni ikki dunyo saodati kaliti sifatida o‘zi suygan bandalari qalbiga jo etishni va shu asosda yashashni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ulug‘ ibratlari orqali o‘rgatishni Qodir Alloh iroda etdi.

...1978 yilda vafot etgan qashqadaryolik ajoyib inson Najmiddinxon eshonboboning ota-bobolari o‘tgan asrning birinchi yarmida qatag‘on qurboni bo‘ldi, aslida namanganlik bo‘lgan oila surgunga, qochqinlikka duchor etildi. Yigima yoshida ikkinchi jahon urushiga ketgan Najmiddinxon polki bilan dushmanga asirlikka tushadi. Uni ham o‘lim pechida yoqib yuboriladiganlarga qo‘shadilar. Najmiddinxonning ko‘z o‘ngida qancha-qanchalab maxbuslarni navbat bilan olovli kameraga olib kirib ketadilar. Shunday fojiali taqdir oldida o‘zini tamoman yo‘qotib qo‘yayotgan dindoshlari uchun qanday yordami, ezgu amali bo‘lishini o‘ylagan Najmiddinxon musulmon masxbuslarning asirlik raqami yozilib ko‘kragiga osib qo‘yilgan taxtachaning orqasiga “La-a ilaha illalloh!” kalimasini yozib beradi va ularga o‘lim oldidan bu kalimani qayta-qayta o‘qishni o‘rgatadi... Alloh marhamati keng, Alloh – Qodir. Qarangki, ko‘p o‘tmay kutilmaganda Najmiddinxon va minglab maxbuslar ozod qilinadi. “La-a ilaha illaloh” kalimasini ishonch, ixlos bilan ko‘p takrorlashning fazilatlari, ikki dunyomiz uchun qanchalar saodatbaxsh ekani haqida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ta’limlari e’tiqodimizga mayoq bo‘lsin.

Men... o‘rganishga, tinglashga muxtoj bir banda... Fikrlarim bayonida ilmsizlik, mohiyatga yetolmaslik qusurlari bo‘lishi tabiiyligidan andisha, hijolatligimni bir yorug‘ umid yengdi: Allohning muborak Islom dinida yaratgan bandasi, Muhammad alayhissalomning ummatlari ekanimga shukronalar bilan, zamonlar qanchalar evrilmasin, to Qiyomatgacha meni va avlodlarimizni dunyo hayotini yoritgan qutlug‘ Kalomulloh, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam sunnatlarini o‘ziga haqiqiy ilm manbai va dasturi amal qilib olganlar qatorida etishini tiladim. Sizdan-da shunday duo so‘rayman, aziz do‘stim.

Bu kecha boshqacha, chiroylik,

Yulduzlar mavjida oy – bolig‘.

Dunyoning qalbidan shu’ladek –

Salavot yog‘ilar... ming oylik.

 

Bu kecha boshqacha, chiroylik,

Havolar anbarin ziloldek.

Xayolning har yo‘li – nurafshon,

Shukrona atalgan saroylik.

 

Bu kecha boshqacha, chiroylik,

Solihlar ko‘zlari nur – soylik.

Salavot, salom daryolarin

Rasulingga yetkaz, yo Xoliq!

 

Rabiul avval, 11-13-kun

Muhtarama ULUG‘OVA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi

10.06.2026   2393   6 min.
Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
 

Mamlakatimizda milliy o‘zlikni anglash, boy tarixiy-ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish, ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ayni shu yo‘nalishda milliy va xalqaro ahamiyatga ega zamonaviy madaniy-ma’rifiy platforma sifatida shakllanmoqda.


Taqdimotda o‘tgan davrda markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.


Markaz joriy yilning 17 mart kuni muhtasham binoda rasman ish boshladi. 1 iyun holatiga ko‘ra, markazga yarim million nafar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar kelgan. Kunlik tashriflar soni o‘rtacha 6 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu davrda muassasaga 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 ming nafardan ziyod xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan. 


Majmua tarkibida Bolalar muzeyi tashkil etildi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Binoda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi joylashtirildi. Gid-ekskursovodlar va nazoratchilar xizmati tashkil qilindi.


Ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirildi. Bu ishlarda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etdi.


Markazda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, mahorat darslari va kitob taqdimotlari tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarga bugunga qadar 5 mingdan ziyod ishtirokchi jalb etildi. 


Madaniy merosni qaytarish va fondlarni boyitish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jami 1 mingdan ziyod artefakt O‘zbekistonga qaytarildi. Markaz kutubxona fondi ham boyitilmoqda. Hozirgi kunda fond tarkibida 3 mingdan ortiq nodir nashr mavjud bo‘lib, 762 tasi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan. Fond raqamlashtirilmoqda, elektron chiplar o‘rnatilmoqda.


Muassasa faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar va raqamli innovatsiyalar ham keng joriy etilmoqda. Mehmonlar uchun robot-gidlar xarid qilindi, multimedia va interfaol qurilmalar ekspozitsiyalarga joylashtirildi.


Markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida “Ginnessning jahon rekordlari kitobi”ga kiritildi. 


Taqdimotda markazni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar ham ko‘rib chiqildi.


Avvalo, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Markazning ilmiy jurnalini xalqaro “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kiritish, ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini yaratish, qo‘lyozmalarning raqamli katalogini tayyorlash rejalashtirilgan.


Diniy-ma’rifiy sohadagi magistr va doktorantlar uchun “Islom ma’rifati” stipendiyasini joriy etish, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Kelgusi bosqichda 20 ming nafar yoshlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, jumladan, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish ko‘zda tutilmoqda. 


Madaniy merosni qaytarish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishda jahon auksionlari, muzeylar, xususiy kolleksiyalar va xalqaro san’at bozorlarida O‘zbekistonga mansub nodir artefaktlarni izlash, aniqlash, ilmiy o‘rganish, ekspertizadan o‘tkazish, muzokaralar olib borish va ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha doimiy mexanizm yaratish zarurligi qayd etildi.


Shuningdek, dunyo bo‘ylab O‘zbekiston madaniy merosini doimiy monitoring qilish, madaniy meros obyektlarining yagona raqamli ma’lumotlar bazasi va xalqaro reyestrini shakllantirish, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.


Bu borada Xitoy, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga oid kolleksiyalar bo‘yicha ham ishlar olib boriladi. 


Media va xalqaro targ‘ibot ishlarini kuchaytirish rejalari ham muhokama qilindi. 


“Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida I xalqaro Islom forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, BMTning Nyu-York va Jenevadagi tuzilmalari hamda UNESCOning Parijdagi qarorgohida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilmoqda.


Markaz taqdimotlarini 55 ta davlatda tashkil etish, “Islomda ayollarning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish, Oksford islom tadqiqotlari markazi, ICESCO, IRCICA, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi.


Xorijiy jurnalistlar va xalqaro media tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida press-turlar, xalqaro media klublar va media anjumanlar tashkil etiladi. Markaz brendini global miqyosda mustahkamlash uchun fotoko‘rgazmalar, tematik taqdimotlar hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda davra suhbatlari o‘tkaziladi.


Shuningdek, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga keluvchi ziyoratchi va sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, tashriflarni tartibli va mazmunli tashkil etish, ularga axborot va gid xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.


Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy madaniy merosi, ma’rifatparvarlik an’analari va Yangi O‘zbekistonning ma’naviy yuksalishini dunyoga namoyon etadigan maskan bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.


Mutasaddilarga markaz faoliyatini tizimli rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini kengaytirish, madaniy merosni qaytarish bo‘yicha doimiy mexanizm yaratish, muzey fondlarini boyitish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro media targ‘ibotni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.


President.uz

Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi
O'zbekiston yangiliklari