Mashhur sahobalardan Zubayr ibn Avvom ibn Huvaylid Asadiy Qurayshiy roziyallohu anhuning nasabi Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam nasablari bilan Kilobda tutashadi. U Xadicha onamiz roziyallohu anhu singari Bani Asad urug‘idan. Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam ammalari Sofiya binti Abdulmuttalib roziyallohu anhoning o‘g‘li bo‘lgan.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayh “Tobaqotul Kubro” asarida Sofiya binti Abdulmuttolib roziyallohu anho o‘g‘li Zubayrga qattiqqo‘llik bilan tarbiya berayotganini ko‘rib odamlar: “Axir uni juda qiynab yubording”, deganlarida: “Men uni pishisin, qat’iyatli bo‘lsin deyman”, deb aytganini keltirgan.
Yillar o‘tib, onaning orzusi ushaldi. Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu baland bo‘yli, o‘ta chidamli bo‘lib voyaga yetdi. Unda vafodorlik, birso‘zlik, saxiylik kabi fazilatlar mujassam edi. Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning qo‘lidan tutib: “Har bir payg‘ambarning xos yordamchisi bo‘lgan, mening xos yordamchim Zubayr ibn Avvomdir” deb marhamat qildilar (Imom Hokim).
Zubayr roziyallohu anhu oldiniga faqirona hayot kechirdi. Ayoli Asmo roziyallohu anho uy ishlaridan tashqari chorva boqish, o‘tin terish kabilar bilan turmush o‘rtog‘iga yordamlashdi. Keyinroq Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu tijorat bilan shug‘ullanib, boyib ketdi. Ammo saxiyligi tufayli uyida biror narsa turmagan. Katta mablag‘ tushsa, uyigacha yetib bormay, yo‘ldayoq odamlarga tarqatib yuborardi.
Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam Zubayrning uyida chiroq yonib turganini ko‘rdilar va “Ey Oisha, Asmo farzandli bo‘lganga o‘xshaydi. Unga ism qo‘ymay turinglar. Men o‘zim qo‘yaman”, dedilar. U zot chaqaloqni Abdulloh deb atadilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar”» (Imom Termiziy).
Hazrat Umar roziyallohu anhu maslahat olgan olti sahoba, “ahli sho‘ro”ning biri Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu bo‘lgan.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning zamoniga kelib Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu eng ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biriga aylandi.
Zubayr ibn Avvom Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bir lahza ham ajramadi. Doimo xizmatlarida bo‘lib, buyurilgan ishni sidqidildan ado etardi. U kishi Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallamdan jami o‘ttiz sakkizta hadis rivoyat qildi. Hijriy o‘ttiz to‘rtinchi sanada (milodiy 656) Basrada vafot etdi.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi ma’rupov Oybek
Manbalar asosida tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا عيسى بن أحمد العسقلاني أنا يزيد بن هارون أنا فضيل بن مرزوق نا أبو سلمة الجهني عن القاسم بن عبد الرحمن عن أبيه عن عبد الله قال: قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”ما قال عبد قط إذا أصابه هم أو حزن: اللهم إني عبدك ابن عبدك ابن أمتك ناصيتي بيدك ماض في حكمك عدل في قضاؤك أسألك بكل اسم هو لك سميت به نفسك أو أنزلته في كتابك أو أعلمته أحدا من خلقك أو استأثرت به في علم الغيب عندك أن تجعل القرآن ربيع قلبي ونور صدري وجلاء حزني وذهاب همي إلا ذهب الله بهمه وأبدله مكان حزنه فرحا“ قالوا: يا رسول الله ينبغي لنا أن نتعلم هؤلاء الكلمات قال: أجل ينبغي من سمعهن أن يتعلمهن.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bunday dedilar: “Agar bandaga g‘am va xafalik yetsa bunday degan bo‘lardi: “Allohim, Sening qulingman, qulingning zurriyotiman, cho‘ringning farzandiman. Peshonam Sening “qo‘ling”da (ya’ni meni Sen boshqarasan).
Hukming mening ustimda joriydir. Sening huk ming odildir. O‘zingni nomlagan yoki kitobingda nozil qilgan, yo xalqingdan biror kishiga o‘rgatgan, yoxud g‘ayb ilmingda saqlab qo‘ygan ismlaring bilan so‘raymanki, Qur’onni qalbimning bahori, dilimning nuri, mahzunligimni arituvchi va g‘amimni ketkazuvchi qil!”.
“Yo Allohning Rasuli, biz bu kalimalarni o‘rganishimiz kerakmi?” dedilar. U zot alayhissalom: “Ha, buni eshitgan odam o‘rgatishi kerak bo‘ladi”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi