Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti

16.11.2018   6403   4 min.
O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti

YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrda o‘tkazilgan 28-sessiyasida qabul qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat qabul qilingan sana — 16 noyabr butun dunyoda Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida belgilangan.

Poytaxtimizda ayni sana munosabati bilan “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekistondagi islom sivilizitsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Milliy madaniy markazlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ekspertlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va jurnalistlar qatnashdi.

Seminarda alohida qayd etilganidek, bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinadi.

Bu, ayni paytda O‘zbekistonning barcha sohadagi islohotlarida ham o‘z aksini topgan. Xususan, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo‘nalishi aynan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangani mamlakat Prezidenti va hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy vazifalarga qaratayotgani yuksak e’tiborining namunasi hamdir.

Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortgan edi. Mazkur hujjat barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashish, eng muhimi, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.

Seminarda O‘zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Anjuman ishtirokchilaridan biri — Toshkent va O‘zbekiston Yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiyning ta’kidlashicha, “O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakatlari bilan biz tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikda hayot kechirmoqdamiz. Mamlakatda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillarining yaratuvchanlik kayfiyatida yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan”.

“Bugungi kunda bag‘rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir. Bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan bo‘lib qolaveradi. O‘zbekistonda turli konfessiya vakillari o‘rtasida mustahkam do‘stlik, bag‘rikenglik muhiti ta’minlangan”, deydi O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeje Matsulevich.

Ilmiy-amaliy seminarda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyati, ularning o‘z ona tili, millati tarixi, qadriyatlari va madaniyatini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida kelajak avlod egalari – yoshlarga ma’lumot berildi.

Anjuman doirasida diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini o‘zida aks ettirgan videolavhalar, bosma nashrlar, suratlar, turli xalqlarning amaliy san’ati durdonalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   2853   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi