Joriy yil 28 iyun' – 10 iyul' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili, Toshkent viloyatidagi Zangiota tumanida joylashgan “Abu Bakr Siddiq” jome' masjidi imom-xatibi Nurilla Mavlonov Rossiyaning Ural federal okrugidagi Sverdlovsk, Chelyabinsk, Kurgan va Tyumen viloyatlari bo'ylab amaliy safari davomida ushbu hududlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtlarimiz va o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvlar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qurbon hayiti kuni Sverdlovskoy viloyatining Verxnyaya Pishma shahrida, keyingi ikki juma namozi kunlari Yekaterinburg va Tobol'sk shaharlaridagi jome' masjidlarida o'zbekistonlik diniy ulamoning ma'ruzalari tinglandi.
Mamlakatimiz Bosh konsulligida Ural tog'-kon universiteti va Ural federal universitetida tahsil olayotgan talabalarimiz bilan ma'naviy-ma'rifiy suhbat ham o'tkazildi.
Safar doirasida Ikkinchi jahon urushi davrida Sverdlovsk viloyatining Nev'yansk shahridagi qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi zavodlarida “mehnat armiyasi” safida xizmat qilib, turli sabablar bilan vafot etgan hamyurtlarimizning jamoaviy qabri ziyorat etilib, Qur'on tilovat qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi vakilining Qur'oni karim va Payg'ambarimiz hadislariga asoslangan, Vatanga muhabbat, ota-ona va farzand hamda rafiqaga munosabat borasidagi milliy va diniy ijtimoiy odoblar bilan yo'rg'alangan ma'ruzalari vatandoshlarimizda katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuvlar savol-javoblarga boy bo'ldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mas’ul xodimlaridan iborat ilmiy guruhning Indoneziyaga tashrifi ushbu mamlakatning yetakchi bosma va elektron nashrlari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, Indoneziyaning "CNN Indonesia" axborot agentligi "O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyaga tashrif buyurdi" sarlavhali maqolani e’lon qildi. Unda Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universitetida "Movarounnahrdan Janubi-Sharqiy Osiyoga: hadis ilmlari va intellektual aloqalar" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgani va mazkur anjumanda O‘zbekistondan yetakchi olimlar ishtirok etgani ma’lum qilingan.
"Tadbir ilmiy muloqot shaklida tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida Imom Buxoriy merosini o‘rganish, Mavarounnahr ulamolarining Indoneziya orollarida islom dinini tarqatishda tutgan o‘rni, hadisshunoslik yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi", – deb yozgan axborot agentligi.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan qator tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasida islomiy ma’rifat, ta’lim, diniy bag‘rikenglik va tarixiy merosni asrab-avaylash sohalarida aloqalarni yanada mustahkamlashi ta’kidlangan.
Maqolada xabar qilinishicha O‘zbekiston ilmiy-ma’rifiy doiralari vakillari Indoneziya xalq manfaatlari va huquqlarini himoya qilish vaziri Muxaymin Iskandar, ekologiya vaziri o‘rinbosari Dias Xendrapriono, Ulamolar Kengashi va "Nahdatul ulamo" tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
"Businessreview" veb-sayti "Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligi diniy mo‘tadillik va islom ta’limi tizimini mustahkamlaydi" sarlavhali maqolani e’lon qildi.
Nashrda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligida Indoneziya poytaxtida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgani qayd etilgan.
Materialda yozilishicha, anjumanda Mavorounnahr tarixi, Imom Buxoriy merosi, Markaziy Osiyo ulamolarining Indoneziyada islom ta’limotini tarqatishda tutgan o‘rni kabi mavzular muhokama qilindi.
Ushbu mamlakatdagi "Aspirasi Nusantara" elektron nashri Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari "Nahdlatul ulamo" tashkiloti faoliyati bilan tanishgani haqida yozdi. Ma’lum qilinishicha, shu yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov Indoneziyadagi eng yirik tashkilot "Nahdlatul ulamo" rahbariyati bilan uchrashdi.
"Nahdlatul ulamo" tashkiloti qoshidagi Ilmiy markaz rahbari Abshor Abdullo Imom Moturidiy ta’limoti sunniy kalom ilmida mo‘tadil, aql va mantiqqa tayanadigan yo‘nalish ekanini qayd etdi" – deb yozgan elektron nashr.
Tomonlar ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirish, talabalar almashuvini amalga oshirish va ziyorat turizmi yo‘nalishida dasturlar ishlab chiqish kabi mavzularda fikr almashdilar.
Indoneziyaning "Jakarta Merdeka" onlayn portali esa "Bogor Botanika bog‘ida do‘stlik daraxti ekildi" sarlavhali maqolani e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bogor shahridagi Indoneziya Milliy Botanika bog‘ida daraxt ekish marosimida ishtirok etgani va Indoneziya ekologiya vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazgani ma’lum qilingan.
"Vazir o‘rinbosari Dias Xendrapriono Imom Buxoriy to‘plagan hadislar orasida tabiatni asrashga oid nasihat va tavsiyalar ko‘p ekanini ta’kidladi. Bu esa islom ta’limotida ekologik bilim va ong asosiy o‘rin tutishining yaqqol dalilidir", – deb yozilgan "Jakarta Merdeka" maqolasida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati