Kunlardan bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriy sahobiylardan birining bog‘iga kirdilar. Bog‘ning salqinroq bir joyida suvi qurib qolgan bir kichikroq quduq bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib shu quduqqa muborak oyoqlarini solib o‘tirdilar. Ortlaridan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu u zotni qidirib kelib, u kishi ham oyoqlarini solib o‘tirdilar, ketlaridan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kelib, xuddi shunday o‘tirdilar. So‘ng Usmon ibn Affon roziyallohu anhu kelib qoldilar. Holbuki, u kishiga bu quduqda joy qolmaganligi uchun boshqa joyga o‘tirdilar. Alloh taoloning taqdiri bilan bu ajralmas uch do‘stning bir quduqqa oyoqlarini solib o‘tirishlari hikmati ularning qabrlari bir joydaligiga bog‘liq bo‘ldi…
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kasalliklari kuchayib ketganidan keyin barcha ayollaridan Oisha roziyallohu anhoning uyida qolishga izn so‘radlar. Chunki, Oisha roziyallohu anho ayollarining ichida eng yoshi edilar. Ayollari ruxsat bergach, o‘sha uyda turdilar va shu uyda, oltmish uch yoshlarida vafot etdilar. Dafn etilgan joylari ham shu uy bo‘ldi.
Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin o‘rinlariga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘lganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu “Vafot etganimda meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oyoq tomonlariga dafn etinglar”, deb iltimos qildilar. Barcha bunga rozi bo‘ldi. U zot ham oltmish uch yoshlarida vafot etdilar va vasiyat qilgan joylariga, Oisha onamizning uyi, Nabiy alayhissalomning oyoq taraflariga dafn etildilar.
Vafotlaridan keyin o‘rnilariga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifa bo‘ldilar. U zot ham vafot etsalar, Oisha roziyallohu anhodan shu uyga qo‘yilishga ruxsat so‘radilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: “Men bu joyni o‘zimga saqlayotgan edim, mayli, o‘rnimni Umarga berdim” dedilar. Hikmatni qarangki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham oltmish uch yoshlarida vafot etib, shu uyga dafn etildilar. Bu uyda bo‘sh joy qolmaganligi bois Oisha roziyallohu anho boshqa yerga qo‘yildilar.
“Qiyomatli do‘st – ajralmas”, deb, bekorga aytilmaydi. Mana bir ming to‘rt yuz yildan o‘tibdiki, bu uch do‘st hali ham bir uyda, bir joyda, hali ham birgalar..!
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV