Yurtimiz mustaqillikka erishgach, diniy qadriyatlar tiklandi. Sof Islom diniga bo‘lgan munosabat, qarashlar ham asl holiga qaytdi. Muqaddas dinimizning ulug‘ ibodatlari bo‘lgan Haj va Umra ibodatlarini fuqarolarimiz tomonidan ado etish borasida ham yildan yilga islohatlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan joriy yildan e’tiboran yurtimizdan muborak Umra ibodatlarini ado etish uchun boradigan fuqarolarimizning soni borasidagi cheklovlar olib tashlanganligi, Umra ibodatiga boruvchilar endi avvalgidek faqat yilning bahor faslida yoki Ramazon oyidagina emas, balki butun yil davomida Umra ibodatlariga borishlari mumkin bo‘ldi.
Avvallari muborak safarga boruvchilarga bunday qulay sharoitlar bo‘lmagan. Muborak safarga borish uchun yillar davomida navbatda turilgan. Saudiya Arabistoni mehmonxonalaridagi sharoitlar, avtobuslarda ziyoratchilarni tashish, qo‘yinki Muqaddas ziyoratni amalga oshirish uchun yurtdoshlarimiz juda katta qiyinchiliklarga duch kelar edi.
Xozirda esa, yurtimizdan Umra safariga borgan yurtdoshlarimiz Madinai Munavvara shahrida besh yulduzli “Pullman Zamzam Madina Hotel” mehmonxonasi va Makkai Mukarrama shahrida 4 yulduzli “Al Kiswah Hotel Towers” mehmonxonalarida istiqomat qilmoqdalar. Ziyoratchilarimizga tajribali ishchi guruhi, malakali shifokorlar hamda yurtimizdan borgan mohir oshpazlar ham xizmat ko‘rsatmoqdalar.
Ular tomonidan ziyoratchilar uchun shved stoli shaklida lazzatli ovqatlar tayyorlanmoqda.
Avvalari ziyoratchilar o‘zlari uchun ajratilgan soatni kutib turishar, oshxonalarda navbat kutib ovqat olishar, shu bilan birga ancha qiyinchiliklarga duch kelgan edilar.
Ushbu mehmonxonalar ikki Haramga ham juda yaqin joyda joylashgan bo‘lib,. Ziyoratchilarni Harami sharifga olib borish uchun kunu-tun davomida eng so‘ngi rusumdagi mikroavtobuslar tashkil qilinganligi o‘z navbatida yurtimizdan borgan ziyoratchilarni besh vaqt namozlarini Harami sharifda o‘qishlari uchun imkon beradi degani.
Bundan esa ziyoratchilarning ko‘ngillari to‘layotganligini ham ko‘rishimiz mumkin.
Makka shahri mehmonxonasida ziyoratchilarimiz ikki kishilik xonalarda istiqomat qilishmoqda. Avvallari esa mehmonxonalardan to‘rt kishilikdan boshlanib, o‘n ikki kishilik xonalarda ham istiqomat qilishgan. Mehmonxonalarda qat’iy ravishda erkaklar alohida, ayollar esa alohida xonalarda istiqomat qilishgan. Bu esa juda katta qiyinchilik tug‘dirardi. Xozirda esa ziyoratchilarimiz mehmonxonalarda mahrami bilan, ya’ni er-xotin yoki ona-bola bo‘lsa bitta xonada yotishlari uchun sharoitlar muhayyo qilingan. Bu esa o‘z navbatida otasi yoki onasi bilan birga kelgan ziyoratchilarimiz ota-onalarining xizmatlarida bo‘lishib, ularning duolarini olishga musharraf bo‘lmoqdalar. Bu esa necha yillardan beri amalga oshmay kelayotgan ishlardan biri edi.
Muborak Umra ziyoratiga borgan yurdoshlarimiz Makkai Mukarrama shahridagi mehmonxonaga kelganlarida ularni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni madh etuvchi turli hil nashidalar bilan kutib olinayotganligi, ularning poyiga gullar sepilayotganligi, ularga yuksak e’tibor va ehtirom ko‘rsatilayotganligidan behad kishi ko‘ziga yosh keladi. Makkai Mukarrama shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarimizga ko‘rsatilgan yuksak e’tibordan ziyoratchilarimizning ko‘zlaridan yosh kelmoqda.
Aslida ham mana shundoq bo‘lishi ham kerak edida. Zero Alloh ta’oloning baytini ziyoratiga borgan odam Allohning mehmoni bo‘ladi. Allohning mehmonlariga esa shunday izzat va hurmat ko‘rsatilishi kerak.
Madinai Munavvarada yurtdoshlarimiz Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning Ravzai mutohharalarida ziyorat va ibodatlarda bo‘lmoqda. Shuningdek, ular Madinai Munavvarada Qubo va Qiblatayn masjidlari, Uxud tog‘i ziyoratlarida ham bo‘lishmoqda.
Ushbu muqaddas joylarda ziyoratchilar Islom dini tarixidagi ibratli voqealarni eshitib, duoi-xayrlarda ham jam bo‘lmoqdalar.
Makkai Mukarramada esa, oppoq ehromlar ila muborak Umra amallarini bajarib, muqaddas Ka’bai Muazzamada ibodatlarda qoim bo‘lmoqdalar.
Bu muqaddas joyda Rahmat tog‘i (Arofot), Nur tog‘idagi Hiro g‘ori, Savr tog‘idagi g‘or va dinimiz tarixidagi diqqatga sazovor bo‘lgan maskanlarni ham ziyorat qilmoqdalar.
Yurtimizdan borgan ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromdan juda mamnun ekanligini ularning ko‘zlaridan ko‘rish mumkin.
Ular doimo ibodatlarida, duolarida Yurtboshimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bunday islohatlar, ko‘lga kiritilayotgan yutuqlar, xalqning g‘amini hamma narsadan ustun qo‘yishi oqibatida muborak ziyoratlarning yaxshi sharoitlarda tashkil qilinayotganligidan xursand bo‘lib, duoi-xayrlar qilmoqdalar.
Alloh ta’olo yurtimizdan borgan barcha yurtdoshlarimizning ibodatlarini O‘zi dargohida qabul aylasin. Yurtboshimizni tinch va salomat qilsin. Doimo xalq dardiga malham bo‘lib, yurt ravnaqiga ravnaq qo‘shib yurishlikning Allohni o‘zi nisibi ro‘zi aylasin.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Asokir Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Masjid tomon yurdim. Sarpo kiyib olgan bir qurayshlik odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin yana bir sarpo kiyib olgan qurayshlik odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin pastroq sifatli sarpo kiyib olgan ansoriy odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
U (Muhammad ibn Maslama) masjidga kirib, baland ovoz bilan takbir aytdi va:
«Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi! Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» dedi.
Umar roziyallohu anhu uning ovozini eshitdi va unga «Oldimga kel», deb odam yubordi. U ikki rak’at namoz o‘qib olib, keyin borishini aytdi. Umar vositachini yana qaytarib yuborib, «Kelishingni azm qildim», dedi.
U kelganda Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu: «Men ham o‘zimcha ikki rakat namoz o‘qimasdan turib, uning oldiga bormaslikka azm qildim», dedi. Bas, Umar roziyallohu anhu kelib, uning yoniga o‘tirdi. Namozini o‘qib bo‘lganidan keyin unga:
«Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozgohlarida ovozingni ko‘tarib, takbir aytganingning va «Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» deganingning xabarini ayt. Bu nima?» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, masjid tomon yurdim. Yo‘limda sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, ikki sarpodan pastroq sifatli sarpo kiyib olgan Falon ibn Falon ansoriyni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ogoh bo‘linglar! Albatta, sizlar mendan keyin birovni birovdan ustun ko‘rishni ko‘rasizlar», deganlar. O‘sha narsa sening qo‘ling-la bo‘lishini xohlamadim, ey mo‘minlarning amiri!» dedi.
Umar roziyallohu anhu yig‘lab yubordi va «Astag‘firulloh! Endi qaytarmayman», dedi. O‘sha kundan keyin birorta qurayshlikni birorta ansoriydan afzal ko‘rmadi».
Muhammad ibn Maslama hazrati Umar roziyallohu anhuning eng ishonchli taftishchilari edi. U kishi Muhammad ibn Maslamani eng nozik ishlarni, xususan, amirlar ustidan tushgan arizalarni taftish qilish uchun yuborar edilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu esa bunday ishlarni hazrati Umar roziyallohu anhu kutganlaridan ham a’lo darajada ado etib kelar edi.
Bu safar ushbu daqiq taftishchining panjasiga Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘zlari tushib qoldilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu o‘z vijdoni amriga binoan taftish yuritdi. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari tomon yurib borayotib, yo‘lda odatdagidan boshqacha kiyimlar kiyib olgan kishilarni ko‘rdilar. Ulardan kiyimlari haqida so‘rab bildilar.
Shu bilan birga, uning taftishchilik qobiliyati o‘z-o‘zidan ishga tushib, birovning, hatto adolati ila tillarda doston bo‘lgan xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ham xayollariga kelmagan nozik narsalarni ilg‘ab oldilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlariga yaqin bo‘lgan muhojirlarga ansoriylarga qaraganda yaxshiroq, sifatliroq kiyimlar sovg‘a qilgan edilar. Albatta, sovg‘a bermoqchi bo‘lgan odam kimga nimani xohlasa, o‘shani beradi. Ammo rahbarning, xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning jamiyat mulkidan bo‘lgan narsalarni bu xilda hadya qilishga haqlari yo‘q edi. Shuning uchun Muhammad ibn Maslama masjidga kirishi bilan Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan adolatsizlik sodir bo‘lganini, unga bildiradigan darajada baland ovoz bilan aytib, dod soldi.
Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning kimligini hech kim bilmasa ham, hazrati Umar roziyallohu anhu yaxshi bilar edilar. Shuning uchun u kishi o‘zlarini qo‘yishga joy topa olmay qoldilar. Muhammad ibn Maslamaning nimadan norozi ekanligini tezroq bilishga shoshilib qoldilar va uni huzurlariga chorlab, odam yubordilar.
Lekin Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu ham anoyilardan emas edi. Xalifaga xushomad emas, taftishchilik qilmoqchi edi. Shuning uchun xalifa ikki marta odam yuborsa ham bormay, namozini o‘qiyverdi. Bu esa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning tashvishlarini yana ham oshirdi. Endi u kishi Muhammad ibn Maslamani chaqirish u yoqda tursin, uning namoz o‘qiyotgan joyiga o‘zlari kelib oldilar va namoz o‘qib bo‘lishini kuta boshladilar.
Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning achchiq tanqidlaridan keyin dunyodagi eng kuchli jamiyatning rahbari, zabardast xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘z xatolarini tan olib, darhol tavba qildilar. Shu bilan birga, o‘sha xatoni qayta takrorlamaslikka va’da berdilar va va’dalarining ustidan chiqdilar.
Bunday ishni qilish uchun mas’ul kishi iymonli, ixlosli bo‘lishi kerak edi.
Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Alloh taolodan qo‘rqadigan bo‘lishi kerak edi.
Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bo‘lishi kerak edi!
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi