Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Mart, 2025   |   14 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:18
Quyosh
06:37
Peshin
12:37
Asr
16:42
Shom
18:32
Xufton
19:44
Bismillah
14 Mart, 2025, 14 Ramazon, 1446

Insof - oliyjanoblik belgisi

07.11.2018   8952   4 min.
Insof - oliyjanoblik belgisi

Kel ey komil kamol etsang diyonat

Kishig‘a qilmag‘il xar giz xiyonat

Uzatmas bo‘lsang anga dastu altof

Nechuk bo‘lg‘ay musulmonlig‘da insof. 

So‘fi Allohyor

 

Dinimiz insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda hamisha insof, adolat, xalollik xukmron bo‘lishini talab etadi va musulmonlarni shunga chorlaydi. Bu munosabatlar insonni kamolotga yetaklaydi.

Xalqimiz orasida “Dunyoni obod qiladigan ham, barbod qiladigan ham INSON ! Insonni odam qiladigan ham, ado qiladigan ham INSOF !”, degan ajoyib xikmat bor. Insof xaddan oshmaslikdir. Ba’zan insof xaqida gapiramiz-u, ammo asli insofning nima ekanligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilmaymiz. Hazrat Alisher Navoiyning “Insof ila adl qasrini kur”degan ishorasida qancha ma’no va mazmun yashiringan.

Xar bir insonning insofli bo‘lishida, avvalam bor, uning oilasidagi muhit, ota-ona va maktabdagi o‘qituvchi ustozlarning ta’lim-tarbiyasi katta ahamiyat kasb etadi. Insonni xar bir ishda xam, gapda xam insofli bo‘lishi kerak. Insof bu faqat xaqiqatni aytish emas, balki kishilarning ko‘nglini topa bilish va ularga mexribonlik ko‘rsatishdir.

Hukamolar aytadilar: “O‘n hislatni qo‘ldan bermaslik lozim: to‘g‘rilik, xalollik, insof, muloyimlik, keksalarni xurmat qilish, kichiklarga shafqat qilish, qanoatlik bo‘lish, vafodorlik, iffat va adolat” 

Islom  dini kishilarni insofga odatlantirish uchun amaliy bir uslubni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, uning asosi Qur’oni karimda kelganidek, mo‘minlarning o‘zaro aka-uka ekanliklari, shuningdek, hadisi shariflarda aytilganidek, ularning o‘zaro munosabatlarida bamisoli bir tana kabi ekanliklari haqidagi o‘gitlardan iborat. Jamiyat a’zolari bamisoli bir tana ekan, ulardan biriga nisbatan sodir qilingan insofsizlik va zulm jamiyatning boshqa a’zolariga ham ta’sir qilishi muqarrar. Shu bois ham dinimiz ta’limotlarida insof insoniy aloqalarni muhofaza qilishning asosiy vositasi qilib belgilangan. 
Hazrati Ali karrmallohu vajhahu o‘z o‘g‘illari Imom Hasan raziyallohu anhuga insof borasida shunday o‘gitlar bilan nasihat qilgan ekanlar: “Ey o‘g‘lim! O‘zing bilan o‘zgalar o‘rtasidagi muomalangda o‘z nafsingni mezon qil. O‘z nafsing uchun yaxshi ko‘rgan narsangni birov uchun ham yaxshi ko‘r. O‘z nafsing uchun yomon ko‘rganing ishni birovga nisbatan ham ravo ko‘rma. O‘zingga zulm qilinishini yoqtirmaganing kabi birovga ham zulm qilma. O‘zingga (Alloh tomonidan) ehson-yaxshilik qilinishini sevganingdek, o‘zgalarga ham ehson-yaxshilik qil. Birovning xulqida xunuk sanaganing ishni o‘z xulqingda ham xunuk sanagin. O‘zganing fe’lida go‘zal sanaganing ishlarni o‘z nafsing uchun ham go‘zal va kerakli deb bil. Bilmagan narsangni gapirma. Bilgan narsangni gapir. O‘zingga qarata aytilishini yoqtirmaganing so‘zni birovga ham gapirma”. 
Hazrat Ali raziyallohu anhuning bu so‘zlarida olam-olam ma’no mujassam. Inson o‘zgalar bilan muomalasida o‘z nafsini mezon qilishi. Birov bizga yolg‘on gapirishini, aldashini xohlamaymizmi? Demak, boshqalarga yolg‘on gapirmaylik. Birov biror narsamizni o‘g‘irlashini qabul qila olmaymizmi? Demak, birovdan biz ham hech narsa o‘g‘irlamaylik. Birov bizga kibr qilib, yerga urishini istamaymizmi? Demak, biz ham o‘zgalarga tahqiromuz va takabburona muomala qilmaylik. Shunday qilib, har doim o‘zgalarga nisbatan qiladigan muomalalarimizda o‘zimizga o‘zimiz: “Men shu muomalani o‘zim uchun bo‘lishiga rozi bo‘larmidim?!”, degan savol qo‘yaylik. Mana shu INSOFdir. 

Insof, halollik, adolat va vijdonlilik tushunchalari dinimiz Islomning barhayot ta’limotlarida bot-bot ta’kidlangan muqaddas tushunchalar bo‘lib, ularga doimo rioya qilishimiz, odamlar bilan amalga oshiradigan barcha muomala va munosabatlarimizda og‘ishmasdan amal qilishimiz lozim bo‘lgan ma’naviy mezon hisoblanadi. Agar insof va adolatni, halollik va vijdonni o‘zimizga mezon qilsak, dunyoyu oxirat yaxshiliklariga ega bo‘lamiz, jamiyatimiz yanada jips va mustahkam jamiyat bo‘lib, gullab yashnaydi. Alloh taolo barchamizni O‘zidan qo‘rqadigan, insofli, adolatli va halol insonlardan bo‘lishimizni nasib aylasin!

 

Odiljon Narzullayev

Zangiota tuman “Imomi A’zam”masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Onanizm harommi? Ro‘zaga ta’siri bormi?

14.03.2025   1224   2 min.
Onanizm harommi? Ro‘zaga ta’siri bormi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Cavol: Onanizm (qo‘l bilan shahvatni qondirish)ning hukmi haqida ma’lumot bersangiz. Undan keyin g‘usl qilish shartmi? Ro‘zaga ta’siri bormi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz aytayotgan narsa shar’iy istilohda “istimno” – ya’ni shahvatini o‘z qo‘li bilan qondirish deyiladi. U shariatimizda harom amal sanaladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o‘z jufti halollari va qo‘l ostidagilar (cho‘rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. Bas, kimki shundan o‘zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar haddan oshuvchidirlar (Mo‘minun surasi 5-7-oyatlar).

Qo‘l bilan shahvat qondirishning harom ekaniga ushbu oyati karima dalildir. Ulamolar kishi ayoli yoki qo‘l ostidagi cho‘rilaridan tashqari har qanday yo‘l bilan shahvatini qondirishi – haromdir va qattiq gunohkorlikka sababchidir, deydilar.

Ularning bu fikrlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan: “Qo‘liga nikohlangan la’natlangandir” (Imom Bayhaqiy rivoyati) degan hadis ham qo‘llab quvvatlaydi.

Fiqh kitoblarida uylanishning bir necha darajalarini sanab o‘tilgan. Shulardan kishi agar zino qilib qo‘yish darajasiga borsa, uning uylanishi vojib ekanligi aytiladi. Uylanishga imkoni bo‘lmaganlarni Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam ro‘za tutishga buyuradilar.

Qolaversa, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Nikoh (imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar”, deya marhamat qiladi (Nur surasi, 33-oyat).

Bu tadbirlarning barchasidan ko‘zlangan maqsad insonni istimno kabi sof insoniy tabiatga zid bo‘lgan jirkanch ishdan tiyilishga undashdir. Qo‘l bilan shahvatni qondirish orqali maniy tushadigan bo‘lsa, g‘usl vojib bo‘ladi va ro‘za buziladi. Bu ishni qilgan odam Ramazondan keyin bir kun qazo ro‘za tutib beradi. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi