Islom olami uyushmasi Bosh kotibi va Musulmon ulamolari uyushmasi raisi, shayx, doktor Muhammad bin Abdulkarim Al-Iso uyushmaning Hindiston Respublikasiga tashrif buyurgan delegatsiyasiga boshchilik qilmoqda. Hindiston hukumati rasmiy taklif etgan etuk ulamo xalqaro islomiy tashkilotning rahbari sifatida Hindiston zaminidagi barcha islomiy va noislomiy din rahbarlari tomonidan olqishlangan holda kutib olindi.
Islom olami uyushmasining ma'lum qilishicha, dastavval doktor Muhammad Al-Iso Hindiston yarim orolidagi eng katta va qadimgi masjidlardan birida namozxonlarga imom bo'lib, ma'ruza qiladi.
Tashrif davomida doktor Muhammad Al-Iso Hindiston Prezidenti, Bosh vaziri, yuqori martabali islomiy va noislomiy diniy etakchilari bilan muloqot o'tkazadi, birodarlik va do'stona munosabatlar borasida Islom jamoatchiligi va turli hind vakillari ishtirokidagi o'zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, ikki tomon manfaatlariga asoslangan ko'plab masalalarni muhokama etish maqsadida o'tkaziladigan qator tadbirlarda qatnashadi.
U, shuningdek, qator vazirlar, parlament mutasaddilari va yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashadi va butun Hindiston uchun ahamiyatli bo'lgan bir qancha masalalar borasida suhbat olib boradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
I.Ahmedov tayyorladi
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati