Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446

Oliy diniy ta’lim muassasasiga qabul e’lon qilinadi

6.11.2018   4531   1 min.
Oliy diniy ta’lim muassasasiga qabul e’lon qilinadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi ochilishi munosabati bilan 2018-2019 o‘quv yili uchun qabul e’lon qiladi. Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Maktabda o‘qish muddati 5 yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabda “Hadisshunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi.
Maktabga 2018/2019 o‘quv yilida 10 ta talaba qabul qilinadi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari tanlov asosida saralab olinadi.
Hadis maktabiga qabul 2018 yilning 8 noyabridan 15 noyabrigacha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
- o‘rta maxsus islom bilim yurtini tugatganligi haqida hujjatning (diplom) asl nusxasi;
- 086-U-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma;
- pasport nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
- 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
- yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma;
- harbiy xizmatga aloqadorligi haqida hujjat (asli).

Hujjatlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida qabul qilinadi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi 18-berk ko‘chasi 47-uy. Murojat uchun telefon: (71) 227-42-37.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Jannat ahli nimadan pushaymon bo‘ladi?

7.03.2025   4164   3 min.
Jannat ahli nimadan pushaymon bo‘ladi?

Oldiga qo‘ygan  oliy maqsadiga erishgan va jannatni qo‘lga kiritgan odam g‘am-tashvish chekishi mumkinmi? Bu savolga avvalgiyu oxirgilarning sayyidi Muhammad sollallohu alayhi vasallam javob berib: “Jannat ahli biror narsaga qayg‘urmaydi, faqatgina Allohni zikr qilmay o‘tkazgan onlariga afsus qiladilar, xolos”[1], deganlar.

E’tibor bering-a! Ular jannat bog‘larida bo‘la turib nimaga achinadilar, nimaga afsus qiladilar? Faqatgina Allohni zikr qilmay o‘tkazgan onlariga! Bizning esa qanchadan-qancha vaqtimiz Allohning zikridan xoli tarzda o‘tib ketyapti... Bu dunyoda o‘tgan vaqtimiz uchun achinyapmizmi?!

Imom Avzoiy aytadilar: “Dunyodagi biror vaqt yo‘qki, bandaga qiyomat kuni ko‘rsatilmasa. Bandaning dunyodagi o‘tkazgan vaqti soniyama-soniya, daqiqama-daqiqa, soatma-soat, kunma-kun ko‘rsatiladi. Biror vaqt Allohning zikrisiz o‘tib ketgan bo‘lsa, bandaning qalbi hasratdan tilka-pora bo‘ladi. Bordi-yu, shu tarzda soat ketidan soat, kun ketidan kun Allohning zikrisiz, istig‘for va tafakkursiz o‘tkazilgan bo‘lsa, u yog‘ini tasavvur qilavering...".

Nabiy alayhissalom: “Yakka-yakkalovchilar o‘zib ketishdi”, dedilar. Sahobalar: “Yakka-yakkalovchilar kimlar, yo Allohning Rasuli”, deya so‘radilar. U zot alayhissalom: “Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va ayollar”[2], dedilar.

Alloh taolo Ra’d surasi, 28-oyatida: «Ular iymon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir...», deya marhamat qiladi. Kim nimani yaxshi ko‘rsa, uning zikrini ko‘paytiradi. Allohning chin muxlislaridek Uning zikri ila mashg‘ul bo‘ling! Kim nimani ulug‘lasa, uning qadrini ko‘taradi. Orif bandalardek Allohni ulug‘lang!

Allohning zikri gunohkorlar uchun ziddi zahardir. Umrini Allohga bag‘ishlaganlar uchun ulfat, inonganlar uchun oziqa va Allohga oshiqlarning sharobidir. Kechayu kunduz, safaru hazarda, to‘qligu yo‘qlikda, bemorligu sog‘likda, pinhonu oshkorda Allohning zikri ila mashg‘ul bo‘ling. «Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va ertayu kech U Zotni poklab tasbeh aytinglar!»[3].

Hasan Basriy rahimahulloh shunday deydilar: “Iymon halovatini uch narsada qidiringlar: namoz, zikr va Qur’on tilovatida. Topsangiz topdingiz, aks holda, bu eshik sizlar uchun qulf ekanini biling!”. Mabodo siz yuqorida zikr qilingan uch amalda iymon halovatini his qilmasangiz, tun qorong‘usida – odamlar uyquda ekanida ikki rakat namoz o‘qib, duo va istig‘for orqali Allohga yaqinlashing.  

 

Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]   Imom Tabaroniy, Imom  Bayhaqiy rivoyati.
[2]   Imom Muslim  rivoyati.
[3]  Ahzob surasi, 41–42-oyatlar.