Dinimizda insonlarga yaxshilik qilish, ularning ko‘nglini ko‘tarish ulkan savobli amallardan sanaladi.
Hadisi shariflardan birida “Farz amallardan keyin Alloh taologa eng mahbub amal musulmon kishining qalbiga shodlik kiritishdir” deyilgan.
Shu o‘rinda quyidagi rivoyatni eslash o‘rinli. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan xursand bo‘lib: “Ey Oisha, mendan xohlagan narsangni so‘ra”, – dedilar. Oisha roziyallohu anho juda ham ziyrak ayol edilar, bu fursatni qo‘ldan boy bermaslik uchun eng yaxshi narsani so‘rashni qasd qildilar va: – “Bu borada otam bilan maslahatlashsam”, – dedilar.
Shunday qilib, Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga borib voqeani bayon qildilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo u zotga sirlarni aytgan. O‘shalardan birini aytib berishlarini so‘ra”, – dedilar. Oisha onamiz roziyallohu anho o‘sha narsani so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– “Robbim menga me’roj kechasida: “Mening nazdimda mo‘minning darajasi shu darajada yuqoriki, qaysi bir mo‘min boshqa bir mo‘minning qalbiga xursandchilik solsa, albatta jannatiy bo‘ladi, dedi”, – dedilar.
Oisha roziyallohu anho xursand bo‘lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bu gapni yetkazgan vaqtlarida U zotning ko‘zlaridan yosh qalqidi. Bunga guvoh bo‘lib turgan Oisha roziyallohu anho: – “Nega yig‘laysiz otajon, axir bu xursandchilik xabar emasmi?”, dedilar. Abu Bakr: – “Bu, mo‘minning qalbi Alloh taoloning nazdida shu darajada qadrliki, kim unga ozor yetkazsa – do‘zaxiydir degani bo‘ladi» – deb javob qildilar.
Mazkur rivoyatdan bir insonni ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga xursandchilik kiritish naqadar savobli, shu bilan birga e’tiborli ish ekani namoyon bo‘lmoqda.
Yurtboshimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi ham dinimizning yuqoridagi ko‘rsatmalariga sodiq qolib, joylarda insonlar holidan xabar olib, ularning qalbiga xursandchilik olib kirishga harakat qilmoqdalar.
Jumladan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahar 7-sonli klinik shifoxonasiga 2 ta nogironlar aravachasi yetkazib berildi.
Kuz fasli ham o‘tib borib, kunlar soviy boshladi. Ha, qish eshik qoqmoqda. Sovuq ob-havoda kattalarku bir ilojini qilar, ammo bolalar shamollab qolishi, qiynalishi mumkin. Shuning uchun ularni qishki issiq kiyimlar bilan ta’minlash masalasi muhimdir.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan bu muammoni biroz yengillatish borasida bir qator amaliy ishlar qilib kelinmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati G‘azalkent tumanidagi 125-sonli ixtisoslashtirilgan imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatiga qishki issiq sport kostyumlari va anjomlari yetkazib berildi.
Bolalar ko‘zidagi quvonch, o‘ksik dillardagi surur, qalb to‘ridan otilib chiqqan duolar, Alloh nasib etsa, ijobat bo‘lajak va Fondning bu kabi muruvvat, oliyjanoblikka yo‘g‘rilgan ishlari yanada keng quloch yoyajak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz