Azizlar, Islom dinimiz poklik dini hisoblanadi. Insonning tanasi ham, qalbi ham pok bo‘lishi lozim. Ibodat oldidan ham, taom yeyish oldidan ham, mehmonga borish oldidan ham, xullas, barcha o‘rinlarda poklikga targ‘ib etilgan.
Pok insonning tanasidan yoqimsiz hid kelmaydi. Atrofdagilar ham uni yaxshi ko‘radi. O‘sha odamning o‘zi ham xushnud kayfiyatda yuradi. Agar inson poklikka e’tibor bermasa, tanasi terlashi va yuvilmagani oqibatida zararli mikroblar ko‘payib, undan yomon hid kelishi va mikroblar turli kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Insonning deyarli barcha a’zolarida turli ko‘rinishda va kattalikda mikroblar bo‘lib, ular teri, quloq, burun, og‘iz, ko‘z va boshqa a’zolarda o‘rnashib oladi. Agar inson o‘sha a’zolarini muntazam yuvib tursa, mazkur mikroblarning ko‘pidan tezda xalos bo‘ladi.
Ushbu suratda inson terisida doimiy yashaydigan bakteriyalar ko‘rinib turibdi. Ular millionlab marta kattalashtirib ko‘rsatadigan elektron mikroskopda tasvirga olingan. Bular bakteriyalarning bir turi. Bundan tashqari yana boshqa turdagi bakteriyalar ham bor.
Inson terisida 500-1000 turdagi bakteriyalar yashaydi. Ajablanarlisi shuki, har bir insonda o‘sha insonning o‘ziga xos bo‘lgan bakteriyalar ham bor ekan. Bakteriolog va mikrobiolog olimlarning ta’kidlashlaricha, insonning o‘ziga xos bo‘lgan mikroblari uning ruhiy va fiziologik holatiga qarab rivojlanar va shaklini o‘zgartirar ekan.
Agar siz bir kunda bir necha bor qo‘lingizni yuvsangiz, qo‘lingizdagi millionlab zararli mikroblardan xalos bo‘lasiz. Quyidagi rasmda yuvilmagan qo‘ldagi mikroblarning mikroskop orqali olingan suratini ko‘rib turibsiz.
Shuningdek, bir kunda bir necha marta yuzingizni yuvsangiz, undagi millionlab xatarli bakteriyalardan qutulasiz. Bu kabi tez-tez yuvish mazkur mikroblar sonining ortishini keskin pasaytiradi. Quyidagi rasmda yuz va boshqa a’zolar terisida bo‘ladigan bakteriyalarning mikroskopdagi tasvirini ko‘rib turibsiz.
Soha mutaxassislari “Albatta, har kuni og‘iz va burunni bir necha marta yuvib turish ko‘p sonli mikroblarning yo‘qolishiga hamda teri va nafas olish organlarining kasallanishidan saqlanishiga yordam beradi” deyishgan. Siz mana bu rasmda og‘iz bo‘shlig‘i, xususan, tildagi mikroblarning mikroskop orqali ko‘rinishini ko‘rib turibsiz.
Ha, azizlar, bu aytilgan gaplarga shuni qo‘shimcha qilamizki, tahorat va g‘usl turli teri-tanosil va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining oldini olishda eng samarali vositadir. Biz mo‘min-musulmonlar har kuni bir necha bor tahorat olamiz. Tahorat asnosida qo‘llarimizni, yuzlarimizni, bilaklarimizni, oyoqlarimizni, oyoq-qo‘l bo‘g‘imlarimizni hamda barmoqlarimiz orasini yuvamiz. Shu sababli bu kabi noqulayliklar bizni bezovta qilmaydi.
Dinimiz bizni nega poklikka buyurganining hikmatlaridan birini bilib oldik. Poklikning hali biz bilmagan sir-asrorlari, hikmatlari juda ham ko‘p. Shuning uchun biz Dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilib yashasak, Allohning rahmati bilan bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishamiz.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
إِنَّ اللّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ
“Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Islom ne’matini bergani uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!
Abduddoim Kahel maqolasi asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
#xabar #haj2025
Bugun kechqurun 15 ming o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkai mukarramadagi mehmonxonalardan haj ibodatining asosiy amallarini bajarish uchun Mino vodiysiga yo‘l oladilar.
Aytish joizki, bugungi kungacha O‘zbekiston ishchi guruhi vakillari tomonidan ziyoratchilarimiz ulug‘ ibodatni bekamu ko‘st ado etishlari uchun Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylarida barcha shart-sharoitlar to‘liq tayyor holatga keltirilgan.
Ayni maqsadda ishchi guruhi va shifokorlarning ma’lum a’zolari mazkur muborak vodiylarda bir muddat oldin borib, ziyoratchilarimizni kutib olishga shay bo‘lib turibdilar.
Xususan, bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Shuningdek, barcha sharoitlarga ega tibbiyot markazlari, 3 mahal issiq ovqat va 24 soat davomida choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi. Arafotda Muzdalifada foydalanish uchun hojilarga maxsus to‘shak va soyabonlar tarqatish rejalashtirilgan.
Ayni paytgacha soha rahbarlari tomonidan ishchi guruhi a’zolari, ellikboshilar va shifokorlar jamoasiga haj jarayonlarini namunali boshqarish, belgilangan tartiblarga rioya etish va shar’iy masalalar haqida batafsil tushuntirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati