Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:26
Shom
17:10
Xufton
18:30
Bismillah
04 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Solih amal kushandasi

27.10.2018   3298   2 min.
Solih amal kushandasi

G‘iybat – misqollab yiqqan savoblarimizni lahzada yo‘qqa chiqaradigan ofatdir. Solih amallarsiz qolgan qalbni esa fasod egallaydi. Fasod egallagan qalbning ko‘zi ko‘r, oq bilan qorani ajrata olmaydigan bo‘lib qoladi, g‘animni do‘st biladi, do‘stlar orasiga nifoq urug‘ini soladi. Ayting, bugun g‘iybat oralamagan jamoat bormi?! Agar bo‘lsa, bilingki, ana o‘shalar haqiqiy najot egalari, ana o‘shalar azizlik timsolidir.

Ularning so‘zlari o‘tkir, qadamlari sobit, o‘zlari g‘ayratli, niyatlari yaxshi. Negaki, g‘iybatdan uzoq qalb solih amalning bitta yovuz kushandasidan ozod qalbdir.

Yaxshi amali ko‘p inson esa garchi soqov bo‘lsa ham haqiqiy biyrondir. Jismi zaif bo‘lsa ham, qalbi salimdir. Garchi cho‘loq bo‘lsa ham qadamlari sobitroq, garchi ko‘r bo‘lsa ham, ko‘zlari ravshanroqdir.

Aziz insonlar, ayting, qaysi do‘stlar davrasi bunday sog‘lom, baquvvat jamoani sog‘inmaydi, orzu qilmaydi?! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat nima bilasizlarmi?” – deya so‘radilar. “Alloh va Rasuli bilguvchiroqdir”, – deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringni uni xafa qiladigan so‘z bilan yodga olishing”, –dedilar. “Agar unda men aytgan sifatlar bo‘lsachi?” – deyildi. “Agar unda sen aytgan narsalar bo‘lsa, demak, sen birodaringni g‘iybat, agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgan bo‘lasan”, – dedilar (Imom Muslim).

Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Zinxor bir-biringizni g‘iybat qilmangiz. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir ayol haqida “Uning etagi uzun”, deb gapirdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tupur, tupurib tashla!» – dedilar. Tupurgan edim, og‘zimdan bir parcha go‘sht tushdi” (“At-Targ‘ib vat-tarhib”).

Hasan Basriy aytadi: “O‘zganing aybini aytish uch xil bo‘ladi: g‘iybat, bo‘hton va ifk (yolg‘on). Bu haqida ulug‘ va qudratli zotning kalomida aytilgan. G‘iybat – g‘iybat qilinayotgan odamda bor narsani, bo‘hton – unda yo‘q narsani, ifk – har xil eshitgan narsani aytmog‘ingdir”.

Demak, g‘iybat birodaringizni o‘zi yo‘q paytida, agar eshitsa, xafa bo‘ladigan so‘z bilan tilga olishingiz, xotirlashingizdir. Masalan, “Pakana, cho‘loq” deya jismoniy kamchiliklarini yoki “Otasi falon, onasi piston” kabi.

Bekobod tumani “Ulug‘bek” jome masjidi
imom-xatibi Xolboyev X.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bir kunmas bir kun o‘laman

4.01.2025   312   1 min.
Bir kunmas bir kun o‘laman

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Dunyoga muhabbatni ketkazish va oxirat g‘amini qalbda paydo qilishning yo‘li bor. Yigirma to‘rt soat ichidan ozgina vaqt ajrating, kechayu kunduzlarimiz g‘aflatda o‘tayotganini o‘ylang, o‘limni unutganimizni o‘ylang, hali Alloh taoloning huzurida hozir bo‘lishdan, buyuk hisob-kitobdan, jazo va mukofotdan g‘aflatda qolganimizni o‘ylang. Shu narsalar haqida o‘ylashga vaqt ajrating, bir kunmas bir kun o‘laman, keyin Alloh taoloning huzurida qanday qilib hisob beraman? So‘rovlariga nima deb javob qilaman?, deb o‘ylang. Shu o‘ylar har doim qalbda tirik tursin.

Agar kishi har kuni shu narsalarni fikrlab tursa, bor-yo‘g‘i bir necha haftada, inshaAlloh, dunyoga muhabbat qalbidan chiqib ketadi. Alloh taolo O‘zining rahmatidan barchamizga bu aytilganlarga amal qilish tavfiqini ato etsin, omin.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan