Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

Yaxshilik nima?

25.10.2018   9383   9 min.
Yaxshilik nima?

Alloh taolo O‘zining muborak Kalomida shunday marhamat qiladi: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz”. (Moida,2)

Bu oyatda Robbimiz barcha musulmonlarni ushbu ikki ish ya’ni, yaxshilik va taqvo yo‘lida birgalashib harakat qilishga buyurmoqda. Xo‘sh, yaxshilik nima o‘zi? Uning aniq bir mezoni bormi? Yoki har kim o‘z aqli va saviyasidan kelib chiqib belgilaydimi bu mezonni? Bu savollarning javobi esa quroni karimdagi boshqa bir oyatda keladi.

Islom dinida yaxshilik Alloh yaxshi degan narsalardir. Ularning nima ekani esa ushbu oyatida to‘liq ta’riflab berilgan.

Alloh taolo Baqara surasida:

“Yaxshilik yuzingizni Mashriq yoki Mag‘rib tomonga burishingizda emas”, deb, yaxshilik ma’lum bir harakat yoki gap-so‘zlarni o‘zicha qilish va aytish bilan bo‘lib qolmasligini ta’kidlamoqda. So‘ngra esa, yaxshilik nimaligini ta’riflashga o‘tib:

“Lekin yaxshilik, kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga Payg‘ambarlarga iymon keltirsa va yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilshga bersa namozni qoim qilsa, zakot bersa. Ahd qilganda ahdiga vafo qiliuvchilar, kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilarga, ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir”, demoqda.

Bu oyat karimada yaxshilik bir necha qismga bo‘linmoqda.

1.Iymon.

Kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg‘ambarlarga iymon keltirsa

       Allohga, uning borligiga, sifatlariga, ismlariga, yagonaligiga, tarbiyachi ekanligiga, ilohligiga iymon keltirish; Oxirat kuniga, ya’ni, qiyomat kuniga iymon keltirish; kitoblar, ya’ni, Alloh taolo tomonidan bandalarni hidoyatga boshlash uchun tushirilgan ilohiy-samoviy kitoblarga iymon keltirish; Alloh taolo yuborgan Payg‘ambarlarning birortasini ham qoldirmasdan  hammasiga iymon keltirish.

Ushbu iymon keltirishlar yaxshilikning boshi va asosidir. Chunki, kimning Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, Payg‘ambarlarga iymoni yo‘q bo‘lsa, undan yaxshilik chiqmaydi. Chiqsa ham, doimiy bo‘lmaydi. Biror sababga bog‘liq bo‘ladi. O‘sha sabab tugashi bilan yaxshiligi ham tugaydi.

  1. Molu dunyosidan nafaqa qilish.

Yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga bersa”.

Yaxshi ko‘rgan molidan qarindosh-urug‘lariga, boquvchisidan ajrab qolgan yetimlarga, ya’ni boquvchisiz qolgan, balog‘at yoshiga yetmagan yosh bolalarga; miskinlarga, ya’ni, yeb-ichish va yashash uchun yetarli  mablag‘i, daromadi yo‘q kishilarga; vatangadolarga, ya’ni, vatanidan uzoqda nafaqasiz qolgan odamlarga; tilanchilarga, ya’ni, yo‘qchilikdan boshqalardan moddiy  yordam so‘rashga majbur bo‘lganlarga;  qul ozod qilishga, ya’ni, xojasi bilan ma’lum  miqdor mablag‘ evaziga ozodlikki chiqishni kelishib qo‘ygan qullarga berish;

O‘zi yaxshi ko‘rgan molini birovlarga berishni odat qilgan odam, zaiflik, xirsu baxillik sirtmog‘idan ozod bo‘ladi. Mol-dunyoga qullikdan ozod bo‘ladi. Bu yuksak insoniy fazilatdir. Faqat yuksak insoniy fazilatlar sohibigina muhtojlar toifasidagi kishilarga xolis yordam beradi. Bu ishni qilgan inson haqiqiy yaxshilikni qilgan bo‘ladi.

  1. Namoz o‘qish.

“Namozni qoim qilsa”

Farz namozlarni  o‘z vaqtida, ruku’, sajda va boshqa arkonlarni joyiga qo‘yib, xushu’ va xuzu’ bilan yaxshilab o‘qish. Namozda inson ham sirti, ham ichi bilan ya’ni, butkul borlig‘i bilan Allohga yuzlanadi. Unda insonning jismi ham, aqli ham, ruhi ham harakatga keladi. Namoz o‘qimagan odam Alloh ta’riflagan yaxshilikni qilmagan bo‘ladi.

  1. Zakot berish.

“Zakot bersa”.

Musulmonlarning boy-badavlatlari mollaridan ma’lum miqdorini haqdor birodarlariga moliyaviy  ibodat sifatida beradilar. Bu  ish mol egasiga Alloh tomonidan farz qilingan. Shu farzni ado etadigan odam yaxshilik qiluvchidir.

  1. Ahdiga vafo qilish.

“Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar”.

Ahdiga vafodorlik musulmonlikning, iymonining ko‘ziga ko‘ringan belgilaridan bo‘lib, Qur’oni karimda qayta-qayta takrorlangandir. Kim ahdiga vafo qilsa, Alloh ta’riflagan yaxshilikdan nasibador bo‘ladi.

  1. Sabr qilish.

“Kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham  sabr qiluvchilar”.

Faqirlik, bechoralik paytida, bemorlik vaqtida, urish, dushmanlar bilan to‘qnashuv paytida inson mashaqqatlarga uchraydi. Shunday hollarda sabr qilish lozim.

Sabr  musulmon kishining alohida va zaruriy sifati hisoblanadi.  Demak, turli qiyin holatlarda sabr qiluvchilar Alloh ta’riflagan yaxshilik sohiblaridan bo‘lar ekan.

Oyatning oxirida mazkur  oliymaqom sifatlarga ega bo‘lganlarni:

“Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir” deb ta’riflamoqda.

Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhu  Payg‘ambarimizdan iymon nima, deb so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ushbu oyatni tilovat qilganlar. Keyin yana qayta so‘raganlarida yana shu oyatni tilovat qlganlar.

Shunday qilib, Alloh bitta oyatda e’tiqod asoslarini, jon va mol ibodatlarini birlashtirib, bir-biridan ajramaydigan qilib, ularning hammasiga “yaxshilik” deb nom qo‘ydi.

Shuning uchun ham ushbu nom ostiga kirib, unga amal qilganlarni Alloh taolo “Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir”, deb ta’riflamoqda.

Ana o‘shalar Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytgan taqvodorlardir.

Sufyoni Savriy ushbu oyatni o‘qib turib:

“Yaxshilikning barcha turi shu oyatdadir”, deganlar.

Ibn Kasir rahmatullohi alayhi:

“Kim shu oyat bilan sifatlansa, Islomning barcha soxalariga kirib, yaxshilikning boshidan tutgan bo‘ladi”, deganlar.

Demak, yaxshilik ba’zi bir ishlarga o‘zicha har hil sifatlar berib, ado etish bilan emas, balki taqvo asosida, ya’ni, Allohning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytish bilan xosil bo‘lar ekan.

Odam qaysi ish yaxshi va savobli ekanini bilmoqchi bo‘lsa farz, vojib, sunnat amallariga qarasin , agar unga o‘xshashini topsa yaxshi bo‘ladi. Aks holda esa garchi kishiga yaxshilikdek ko‘ringan amallar ham inson uchun befoyda, balki, gunohkor bo‘lib qolishiga yetarli asos bo‘lib qoladi.

Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo marhamat qiladi: 

"Kimki biror yomonlik qilsa, unga (oxiratda o‘sha yomonligi) barobaridagi jazo berilur. Erkakmi, ayolmi - kimki mo‘minlik holida biror yaxshilik qilsa, aynan o‘shalar jannatga doxil bo‘lurlar. U joyda ularga behisob rizq berilur". ("G‘ofir"surasi 40-oyat). 

An-Navvos ibn Sam’on al-Ansoriy roziallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollollohu alayhi vasallamdan yaxshilik va yomonlik haqida so‘radim. Shunda u zot: "Yaxshilik husni xulqdur. Yomonlik ko‘ksingda to‘qilgan va odamlar uni bilib qolishini yoqtirmagan narsangdir.", dedilar ".

(Muslim va Termiziy rivoyati) 

Sharh: Siz bilan bizga yaxshilik va yomonlik ma’nolarini chuqurroq anglab yetishimizda Vosila ibn Ma’bad roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif ham yordam beradi:

"Rasululloh sallolohu alayhi vasallamning xuzurlariga u zotdan yaxshilik nimaligini so‘rab bordim. Shunda u zot: "Yaxshilik haqida so‘ragani keldingmi ? " dedilar. "Ha", dedim. "Yaxshilik ko‘ngling to‘lgan va qalbing rozi bo‘lgan narsadir. Yomonlik ko‘nglingda to‘qilgan, ko‘ksingda taraddudlangan narsadir. Agar odamlar senga fatvo bersalar ham " dedilar.

Yaxshilik haqida keltirilgan ta’riflarning birida:

"Yaxshilik - farz va vojiblarni qilish. Xaromdan hazar qilish. Odamlarga ochiq yuz bilan qarab, ularga ehson qilish", deyilgan.

Yomonlik - uni qilishing xayolga kelganda ko‘ngli to‘lmaydigan va o‘sha ishni qilishini odamlar ko‘rib qolishini istamaydigan narsadir.

Darhaqiqat, razm solib muloxaza qiladigan bo‘lsak, yomonlarning o‘zi ham o‘zlari yomonlikni qilayotganda ko‘ngillari to‘lmaydi va odamlardan berkitadi.

Bu hadisi sharifda "Yaxshilik husni xulqdir" deyilmoqda. Albatta, bu gap husni xulqning naqadar katta narsa ekanini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, bu hadis sharifdan yaxshilik va yomonlikning turlari ko‘pligini bilib ham olamiz. Yomonlikning turlari qancha ko‘p bo‘lmasin biz yaxshilikka intilishimiz va xarakat qilishimiz kerak. Zero Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam:

"Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi beriladi", deganlar.

(Imom Buxoriy va Ahmad rivoyat qilishgan).

Shunday ekan har bir mo‘min musulmon uchun yaxshilik qilishlik lozim bo‘ladi.    

Alloh taolo barchalarimizni haqiqiy yaxshilik qiluvchilardan aylasin.

 

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Robbimga ishonchim bardavom, qalbim xotirjam

14.01.2025   3237   4 min.
Robbimga ishonchim bardavom, qalbim xotirjam

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duch kelgan musibatni ko‘rib, Rasulullohning hayotlaridagi eng og‘ir musibat shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan ekanlar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Eh Oisha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi”, dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kofirlar tufayli ko‘p qiyinchiliklarga, mahzunliklarga duch keldilar. Bu shu qadar og‘ir musibat bo‘lgan ekanki, hatto mushriklar sabab chekkan iztiroblarining birida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni yupatish uchun Jabroil alayhissalomning o‘zi kelgan ekan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam mushriklarning qilgan ishlari tufayli qip-qizil qonga belanib, mahzun bo‘lib o‘tirganlarida Jabroil alayhissalom kelib, «Yo Allohning Rasuli, sizga Allohning oyat-mo‘jizalaridan ko‘rsataymi?» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ha», dedilar. Jabroil alayhissalom ortlaridagi daraxtga ishora qilib, «Daraxtni yoningizga chaqiring», dedi. Rasululloh daraxtni chaqirgan edilar, u birdan harakatga kelib, u zotning qarshilariga kelib to‘xtadi. Jabroil alayhissalom Rasulullohga «Joyingga qayt deng», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurgan edilar, daraxt joyiga qaytib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bo‘ldi, kifoya!» dedilar».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bo‘ldi, mahzunligim aridi, Robbimga ishonchim bardavom, qalbim xotirjam bo‘ldi, demoqchi bo‘ldilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga hayotlaridagi eng og‘ir, eng qayg‘uli hodisa Aqaba kuni bo‘lganini aytdilar.

Bu – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Toifga borgan kunlaridir. Bu voqea ham mahzunlik yili bo‘lgan edi. Bundan oldin Makka mushriklari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni, sahobalarni Abu Tolibning mahallasida uch yil qamal qilib, ularga boradigan oziq-ovqatni, suvni to‘sib, ataylab ocharchilik bilan iskanjaga olishdi. Musulmonlar uch yillik qamaldan holdan toyib, endigina chiqqanlarida Rasulullohning himoyachilari bo‘lmish amakilari Abu Tolib, biroz o‘tib esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dardlariga darmon bo‘lib yashagan sirdoshlari, jufti halollari Xadicha roziyallohu anho vafot etib qoldilar.

Makka mushriklari fursatdan foydalanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, u zotning sahobalariga aziyatni kuchaytirib yuborishdi. Musulmonlarga yana qanchadan-qancha musibatlar yetdi, ularni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. O‘sha yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga juda ko‘plab qayg‘ular yetgani uchun bu yil «mahzunlik yili» deb ataldi.

Ana shunday og‘ir paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Islomni Makkadan boshqa joyda ham yetkazib ko‘rishni o‘ylay boshladilar. Bu joy o‘sha paytlarda har jihatdan Makkadan keyingi o‘rinda turadigan Toif shahri bo‘lib ko‘rindi. U zot Toifga borishga qaror qildilar.

Sarvari olam Muhammad sollallohu alayhi vasallam mavlolari (ozod qilgan qullari), tutingan farzandlari Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan birga Toif tomon yo‘lga tushar ekanlar, «shoyad Toifdan biror yorug‘lik chiqsa, mahzunlik arisa, da’vat ishlari yurishib ketsa», degan umidda edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Toifga yetib borib, u yerlik eng katta qabila – Saqif qabilasining a’yonlari bilan uchrashdilar, ularni Islomga da’vat qildilar. Ammo ularning javobi eng yomon javob bo‘ldi. Ular u zot alayhissalomni masxara qilishdi, o‘zlarining esipastlari, qullari va bebosh bolalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni so‘kishga, ortlaridan baqirib, masxara qilishga, hatto tosh otishga gijgijlashdi. Toifliklar yo‘lning ikki chetiga turib olib, u zot o‘tayotganlarida ayovsiz toshbo‘ron qilishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oyoqlaridagi shippak qonga, qalblari dardu alamga to‘ldi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qalblari iztirobga to‘lgan holda Toifdan chiqib ketdilar. Shu qadar mahzun edilarki, qayoqqa ketayotganlarini ham bilmay, yurib boraverdilar. O‘zlariga kelib qarasalar, Qornus-Sa’olibga[1] kelib qolibdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shuncha masofani piyoda bosib o‘tgan edilar. Qattiq mahzun bo‘lganlaridan Qornus-Sa’olibga kelgunlaricha atrofdagi biror narsani sezmabdilar ham.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.


[1] Qornus Sa’olib – Toifdan 40 km uzoqlikda joylashgan, sel suvlari to‘planadigan joy. Bu yerni Qarnul Manozil ham deyishgan. Najdliklar haj uchun shu joydan ehrom bog‘lashadi.