O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 10 sentyabrdagi 01/A092-sonli buyrug‘iga asosan 20 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati vakilligi majlislar zalida «Eng ma’rifatli imom» ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov Qur’oni Karim tilovati bilan boshlandi. Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakili Habibulloh domla Zokirov joriy yilgi tanlovning ahamiyati va o‘tkazish tartiblari hamda hakamlar hay’ati bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.
Tafsir, tajvid, aqoid, fiqh ilmlaridan va imomlik faoliyatiga oid berilgan savollar orqali tanlov g‘oliblari aniqlandi. Unga ko‘ra birinchi o‘ringa Boyovut tumani «1-Boyovut» jome masjidi imom-xatibi Muxetdinov Islom, ikkinchi o‘ringa Xovos tumani «Hazrat» jome masjidi imom-xatibi Abrorov Fozilxon va uchinchi o‘ringa Oq oltin tumani «Abu Mansur Moturidiy» jome masjidi imom-xatibi Eshonov Mahmudjonlar loyiq deb topildi. G‘olib tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.
Shuningdek tadbirda “Eng targ‘ibotchi imom”, “Eng namunali tahoratxona” va “Eng mirishkor bog‘bon”, kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. «Eng targ‘ibotchi imom» nominatsiyasida Sirdaryo tumani «Yangi hayot» jome masjidi imom-xatibi Ismailov Aminjon domla g‘olib chiqdi. «Eng namunali tahoratxona» yo‘nalishida g‘oliblik Boyovut tumani «1-Boyovut» jome masjidi tahoratxonasiga nasib etgan bo‘lsa, «Eng mirishkor bog‘bon» nominatsiyasida Oq oltin tumani «Hoji Shayxuddinxo‘ja» jome masjidi g‘olib deb topildi.
G‘oliblar Sirdaryo viloyati vakilligining diplom va faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi