Qozog‘iston Respublikasi hukumati Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahridagi Sulton Boybars masjidi rekonstruksiyasi uchun 4,5 million dollar ajratdi. Bu haqda “Interfaks-religiya” agentligi xabar bermoqdi.
Hozirgi Qozog‘iston hududida tug‘ilgan Boybars 1260-1277 yillarda Misr va Suriyaning sultoni bo‘lgan. Uning davrida Qohira musulmon dunyosining markazi va abbosiylar xalifaligining poytaxtiga aylandi.
Azon internet nashrining yozishicha, Qohiradagi Sulton Boybars masjidi shaharning ikkinchi eng yirik masjidi hisoblanadi.
Masjidni rekonstruksiya qilish jami 12 million dollarga tushadi va ishlarni 18 oyda tugatish rejalashtirilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Cavol: Vafot etib ketgan ota-onalarning zimmasida tutilmagan ro‘zalari qolgan bo‘lsa, uni qanday ado etish mumkin?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Mazhabimiz ulamolari nazdida vafot etgan kishilarning nomidan ro‘za tutib bo‘lmaydi, balki, valiylari tomonidan ularning ro‘za tutishdan ojiz bo‘lgan har bir kunlari uchun fidya (bir miskinning bir kunlik taomi yoki shu miqdoridagi mablag‘) beriladi.
Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Agar (bemor) tuzalib yoki (musofir) uyiga qaytib bir muddat yashab vafot etsa, merosxo‘rlari mayyitning yashagan kunlari uchun fidya beradilar” (“Muxtasarul viqoya”).
Agar Ramazon ro‘zasini kasallik yoki safarni uzoq davom etgani sababli tuta olmasa va vafot etsa unga qazosi vojib bo‘lmaydi, lekin merosxo‘rlariga vasiyat qilgan bo‘lsa vasiyati durust bo‘ladi va merosxo‘rlari (agarchi ro‘za tutish mayyitga vojib bo‘lmasada) molining uchdan biridan fidya beradilar.
Ammo, musofir muqim bo‘lsa va bemor sog‘aysa va bir muddat yashasa, ularga kasallik yoki safarda qazo qilgan kunlarini ro‘zani tutishi vojib bo‘ladi. Agar tuta olmasdan vafot etsa, vafotidan oldin merosxo‘rlariga fidyani vasiyat qilishi lozimdir (“Badoye’us sanoye’”, “Fatovoi Hindiya”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi