Oqshom. Dasturxon atrofida oilaning hamma a’zolari jamuljam. Hamma ishtaha bilan dasturxon ustidagi taomni tanovul qiladi. Uyning to‘rida televizor. Unda chet elning bizning qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan allaqanday seriali namoyish qilinyapti. Serialning ba’zi sahnalarini ko‘rib ba’zilarning yuzi qizaradi.
Ba’zilarga esa buning ahamiyati yo‘q. Qizig‘i serial tugashi bilan boshqasi boshlanadi. Ayniqsa xonadon honimlari seriallarsiz hayotlaridan ma’no qochadiganday orziqib kutishadi. O‘zlarining tashvishlari ozday serial qahramonlari hayoti bilan yashashadi, birga kulib, birga yig‘lashadi. Esiz havoga sovurilgan vaqt…
Ana shu payt ba’zan ayollarning “Farzandim birinchi sinfga chiqdi. Dars tayyorlatishga vaqt yetishmayapti. Ukasi hali kichkina, qo‘limni olyapti”, deb nolib qolishlari esga tushadi. Lekin serialga vaqt topiladi. Farzandchi, u nima qilsin? Ona uchun eng muhimi farzand va uning tarbiyasi emasmi?!
Ibn Umardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: “Barchangiz mas’uldirsiz va raiyatingizdan so‘ralursiz. Imom mas’uldir. U o‘z raiyatidan so‘ralur. Erkak kishi o‘z ahlida mas’uldir. Ayol kishi o‘z erining uyida mas’uldir. Xodim o‘z hojasi molida mas’uldir”, dedilar.
Ushbu hadisning sharhida ayolning eri uyidagi eng katta ma’suliyatlaridan biri farzand dunyoga keltirib chiroyli tarbiya berishi ekanligi ta’kidlanadi. Ayol kishi bu ma’suliyatni sharaf deb bilishi va sidqidildan ado etishi muhim hisoblanadi. Ota ham farzandlariga soliha ona tanlashi otaning farzand oldidagi burchlaridan biridir. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizni hurmatlang va ularning odobini go‘zal qiling”, dedilar.
Odobi, xulqi go‘zal farzand hammaning ko‘z quvonchi bo‘lgan. Arablarda “Har bir buyuk shaxsning ortida ayol bor” degan maqol bor. Darhaqiqat mashhur insonlardan onalari haqida so‘ralsa ular shu darajaga yetishlariga onalarini sababchi deb ko‘rsatadilar. Agar Anas ibn Molikning onalari Ummu Sulaym o‘g‘illarini Rasululloh salallohu alayhi vasallam xizmatlariga bermaganlarida u zot ilm dengiziga aylanmas edilar. Hazrati Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning onalari hazrat go‘daklik chog‘larida faqat tahorat bilan ko‘krak tutgan ekanlar.
Balki shu boisdan shunday ulug‘ shayx darajasiga erishgandirlar. Yozuvchi, shoirlarning bolaliklari haqida so‘ralsa yoshliklarida onalari ko‘p ertaklar aytib berganlari haqida gapiradilar.
Ayol zoti nozik hilqat qilib yaratilgan bo‘lsada uning sabri, irodasining mustahkamligi hatto ba’zi erkaklarni ham ortda qoldirishi mumkin. Tarixga nazar tashlasak olima, faqiha, shoira yozuvchi ayollarning matonat bilan erishgan ilmiy darajalariga guvoh bo‘lamiz.
Ularning hayotlarini o‘rganib ijodlari bilan tanishsak qanchadan qancha saboq olamiz. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ayollarining har biri bir maktab. Xadicha onamiz oqilalikda, sabrda, fidoiylikda butun dunyo ayollariga namuna bo‘ladilar. Oyisha onamiz ba’zi sahobalar topa olmagan diniy masalalarning javobini topganlar. Haqiqiy ilm dengizi bo‘lganlar.
Abu Muso (r.a) dan: Nabiy (s.a.v):“Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir dedilar. Bu Oisha onamizning fazllari yuksakligidan dalolat beradi. Oqila, solihalikda o‘rnak bo‘ladigan minglab ayollarni misol keltirish mumkin. Uzoqqa emas o‘zimizning o‘tmishga qarasak Vaqtimizni ma’no, mazmunsiz seriallar ko‘rib zoye qilmaylik. Imom Buxoriydek, Navoiy dek, Imom Moturidiydek buyuk zotlarni tarbiyalagan onalarning avlodlarimiz. Har bir ona farzandi yaxshi inson bo‘lishini xohlaydi. Shunga yarasha harakat qilaylik. Ma’nosiz seriallar ko‘rib o‘zimizni yerga urmaylik.
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o‘rta maxsus islom bilim
yurtining 2-kurs talabasi
Tojiboyeva Gulnora
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kecha imom Zahabiyning «Siyaru a’lomin nubalo» asarini o‘qiyotgan edim. U kitobdagi Abdulloh ibn Muborak rohimahullohning imom Molik rohimahulloh haqida aytgan gapi hali ham quloqlarim ostida jaranglamoqda:
«Molik ibn Anas kabi ko‘tarilgan kishini ko‘rmadim. U ko‘p ro‘za tutmas, ko‘p namoz o‘qimas edi. Ammo unda qalb bor edi!».
Do‘stim! Imom Molik rohimahulloh «Muvatto» asarini yozganida kishilar unga: «Hadis kitoblari ko‘p-ku! Kishilarning bunga nima ehtiyoji bor?!», deyishgan edi. Imom Molik rohimahulloh: «Alloh uchun bo‘lgani qoladi!», degan edi.
Imom Molikning butun borlig‘i Alloh uchun edi. Darhaqiqat, «Muvatto» qoldi.
Do‘stim! Alloh taolo bandasining xolis O‘zi uchun qilinadigan bittagina bo‘lsada yashirin ibodatini sevadi. U amalni hech kim ko‘rmasa, maqtamasa, hech kim eshitmasa, olqishlamasa, uni bajarganda maqsad faqat Allohning rizosi bo‘lsa, Uning huzurida hech narsa zoye bo‘lmasligiga ishonsa banda…
Kameralar tushura olmaydigan doimiy sadaqang bo‘lsa, kechalari namoz o‘qisang-u, uni oilang bilmasa, do‘konlarga borib birovlarning qarzlarini to‘lab kelsang-u, ular seni tanishmasa, sen ularni tanimasang, yetimlarni qaramog‘ingga olsang-u bu ishing faqat qiyomatda oshkor bo‘lsa….
Do‘stim! Imom Molikning «Alloh uchun bo‘lgani qoladi» degan gapini yodingga ol. Allohga muhabbat qilib, dinni himoya qilib ixlos bilan yozgan ikki qator jumlangni Alloh minglab insonlarga tarqatadi. So‘zlaring butun yer yuzi bo‘ylab aylanadi. Sen esa uyingda o‘tirgan bo‘lasan…
Allohning roziligini talab qilib yozgan kitobingni Alloh bir gunohkorning tavbasiga sabab qilsa, bir mahzun kishiga hamdard qilsa, bir adashganni to‘g‘ri yo‘lga solsa bundan ortiq baxt bormi?! Vafot qilganingda kitoblaring ortingda qolib kishilarni irshod qilib tursa…
Savob umidida bitta daraxt eksang, Alloh uni tog‘lar kabi sobit qilsa, kishilar undan soyalansa, mevalaridan yeyishsa bu ne baxt! Bir paytlar u kichkina niholcha edi. Bugun esa u Alloh uchun ekkaning sabab qiyomating uchun zaxira bo‘lmoqda…
Insonlar uchun Alloh rizosini istab suv chiqarib bersang ehtimol uning mukofoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llaridan suv ichish bo‘lar?! Allohdan ko‘ra vafodorroq zot yo‘q aslida…
Alloh uchun ilm olsang, birovga ilm bersang, Qur’on yodlasang va uni boshqalarga yodlatsang bularning ajrini farishtalar albatta sahifangga yozadi inshaalloh!
Alloh uchun bo‘lgani qoladi. Imom Navaviy rohimahullohning «Riyozus solihiyn» kitobini London va Parijda sotiladi deb o‘sha davrda kim o‘ylagan?! Ammo Alloh taolo Vallohu a’lam imom Navaviyning qalbiga boqib rozi bo‘lgan, shu sabab uning kitobini yashatgan…
Kishilar ibn Qoyyim rohimahullohning «Madorijus solikin» asariga bejizga yopishib olishmagan. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Kishilar bejizga ibnul Javziy rohimahullohning «Soydul xotir» asarini o‘qishmaydi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Imom Ahmad rohimahulloh doimo: «Yo Robbim! Meni o‘ldirganingda maxluqotlaringdan biror kishi meni tanimasin», degan edi. Alloh u zotning qalbida shuhratga havas yo‘qligini bildi. U zotni jumla jahonga mashhur qildi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Do‘stim! Alloh uchun bo‘lgani qoladi!
Abdulqodir Polvonov