Alloh taolo insonlarga cheksiz ne’matlarni in’om qilgan. Bu ne’matlarning ichida eng buyugi, afzali, nodir bo‘lgan ne’matlardan biri bu – til ya’ni so‘zlash va nutq ne’matidir. Berilgan ushbu ne’matni qanday ishlatish kerak, uni nimalar bilan mashg‘ul qilmoq kerak bu borada ham ko‘p tavsiyalar va ko‘rsatmalar berilgan. Demak, musulmon odobi ruknining bugungi mavzusi so‘zlashuv va muloqot odoblari haqida.
So‘z orqali foydaga erishadi yoki aksincha behuda gaplar bilan mashg‘ul bo‘ladi, shuningdek maqtov yoki tanqid eshitishi ham mumkin. Unutmang! So‘zlashuv va odamlar bilan muloqot, o‘zgalarda biz haqimizda qanday fikr shakllanishiga ham xizmat qiladi. Ota boblarmiz bejizga «tilingni ehtiyot qil, dilingdagini oshkor etadi» deyishmagan. So‘z qalbning tarjimoni va kaliti hisoblanadi. U inson bilimining hosilasi, u orqali banda yo savobga, yo gunohga nozil bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlar: «Jim turmoqdan suhbatlashish yaxshi, yomon suhbatdoshdan yolg‘izlik yaxshi».
Xo‘sh so‘zlayotganimizda nimalarga e’tibor qaratishimiz lozim?
Ibn Mas’ud (r.a.) rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.): «Mo‘min kishi ko‘p so‘kuvchi ham, ko‘p la’natlaguvchi ham, fahsh so‘zlarni aytuvchi ham, odobsiz ham bo‘lmaydi», deb marhamat qilganlar. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Nabiy (s.a.v.) “Musulmonni so‘kish fosiqlikdir. U bilan urishish kufrdir”, deb marhamat qilganlar. Ikki shayx va Imom Termiziy rivoyat qilganlar.
Anas (r.a.) rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.): “Fahsh narsa borki, u sharmandalik keltiradi. Hayo narsa borki, u ziynat keltiradi”, dedilar. Imom termiziy va Ibn Moja rivoyat qilganlar. Yana ul zoti bo barokat: Odamlarga qattiqqo‘llik qilib behayo so‘zlamanglar –deya takidlaganlar.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Insonning boshiga keladigan balosi, uning tilidan keladi” deganlar.
Yana bir xadisda Rasululloh (s.a.v.): “Gumondan saqlaning! Chunki gumon gaplarning yolg‘onrog‘idir – dedilar”. Shuningdek, payg‘ambar alayhissalom: “Kishining yomon ekanligigaga uning musulmon dindosh birodarini kamsitishi yetarlidir” – dedilar.
Demak yuqoridagi hadislardan shunday xulosa qilamiz: gapirayotganingizda so‘kinmang, so‘kinishni odat ham qilmang, la’natlamang, faxsh so‘zlarni ishlatmang, hech kimni kamsitmang, yolg‘on so‘zlamang, ovozingizni baland qilmang, odamlarning shaxsiyatiga tegmang, jaxl va qo‘pollik qilmang, maqtanmang, suhbatdoshingizni gapini bo‘lmang, suhbatlashayotganlarning gapiga taklif etmaguncha qo‘shilmang.
Yana bir foyodali maslahat, agar jamiyatda yaxshi nomga ega bo‘lmoqchi bo‘lsangiz: olimlar, fozillar, taqvodorlar, rostgo‘ylar, shirinsuhanlar va yaxshi insonlar suhbatida ko‘proq bo‘ling!
Alloh taolo o‘z kalomida: "Bandalarimga ayting, (shirk ahliga) go‘zal (so‘zlardan) so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur" (Isro, 53), deb ogohlantirgan. Chunki, insonlar orasidagi noxushliklar ko‘pincha qo‘pol so‘z oqibatida sodir bo‘ladi. Aksicha, ko‘pgina muvaffaqiyatlarning omili esa shirin so‘zdir.
Muhammad (alayhissalom): “Kim Alloh taologa va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, faqat yaxshi narsalarni gapirsin yoki jim tursin”, deya marhamat qiladilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Bandaning imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi, toki uning qalbi to‘g‘ri bo‘lmaguncha, shuningdek, qalbi to‘g‘ri bo‘lmaydi, toki uning tili to‘g‘ri bo‘lmaguncha”.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, nega bizning fikrimiz siznikidek fasohatli emas?” dedilar. Nabiy (alayhissalom): “Alloh taolo meni qo‘pol gapiruvchi qilib yaratmadi. Menga so‘zlarning yaxshisini ixtiyor etdi: u esa O‘zining Qur’on kitobidir”, dedilar (Sheroziy va Daylamiy rivoyati).
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga ikki oyog‘i orasidagi narsaning va ikki jag‘i orasidagi narsaning (yaxshilashni) kafolatini bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar.
Rasululloh (s.a.v.) dedilar: So‘zda sehr bor, she’rda esa hikmat. Yana ul zot (s.a.v.) Kishining go‘zalligi - uning tilidan bilinur. Sizlarning yaxshilaringiz - xushxulq, shirin suhbatlilaringizdir. Yomonlaringiz esa og‘zini to‘ldirib, ezmalik ila ko‘p gapiruvchilaringizdir. Odamlar bilan xushmuomala bo‘linglar – dedilar
Luqmon Hakim o‘g‘liga shunday vasiyat qilganlar: “Ey o‘g‘ilginam, kim yomonlik egasining suhbatida bo‘lsa, omon bo‘lmaydi, kim yomonlik kiradigan joyga kirsa, tuhmatlanadi va kim tiliga egalik qilmasa, pushaymon bo‘ladi”.
Hasan Basriy aytadilar: “Donishmandning tili yuragiging orqasida bo‘ladi. Agar gapirmoqchi bo‘lsa, yuragiga qaraydi, mabodo unda yaxshilik bo‘lsa, gapiradi. Agar birovning zarariga bo‘lsa, gapirmasdan sukut saqlaydi. Johilning yuragi tilining atrofida bo‘ladi. U yuragiga qaramaydi. Tiliga nima kelsa gapiraveradi” deganlar.
Demak, gapirganda faqat o‘ylab, tafakkur, tadabbur qilib, undan keyin manfaati bo‘lsa gapirmoqlik lozim. Agar manfaati bo‘lmasa, sukut saqlashingiz yaxshiroqdir.
Og‘ir-bosiqlik bilan shoshmasdan, dona-dona qilib, eshitayotganlarni zeriktirib qo‘ymasdan, imkon qadar chiroyli so‘zlar bilan gaplashing. Maqsadingizni aniq va ravshan qisqa va lo‘nda bayon eting, kam gapiring. Zero, Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Kimning gapi ko‘paysa, xatosi ham ko‘payadi”, deganlar.
O‘rni kelganda sukut saqlashlik siz uchun ulkan foyda va ziynatdir. Ulamolarsukutda ham 7 ta foyda bor deydi:
Hakimlar jim turishlik olim uchun ziynat, johil uchun satr (parda)dir, deb marhamat qilganlar. Luqmon Hakim farzandiga: “Ey o‘g‘ilcham, odamlar o‘zlarini ko‘p gapirishlari bilan faxrlansalar, siz esa kam gapirishingiz bilan faxr qiling” degan ekanlar.
Alloh taolo Baqara surasining 216 oyatida shunday marhamat qiladi: “...Shoyadki, yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo‘lsa. Va shoyadki, yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon bo‘lsa. Alloh biladir, siz bilmassiz”. Albatta biz qachon gapirishimiz biz uchun foydayu qachongisi zarar ekanligini bilmaymiz. Alloh va rasuli, sahobalar va ulamolar tavsiyasiga tayanib, tafakkur ila ish yuritgan va so‘zlagan insongina yaxshilik ustida bo‘ladi. Xulosa o‘zingizdan!
Saidabror UMAROV
O‘MI matbuot xizmati
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.