Avval, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Islom olami uyushmasi Oliy kengashining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgani haqida xabar qilgan edik.
Bugun 18 oktyabr, payshanba kuni Makkai mukarrama shahrida Uyushma Oliy kengashining 43-sessiyasi o‘z ishini boshladi.
An’anaga muvofiq, sessiya Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng Saudiya Arabistoni bosh muftiysi Shayx Abdulaziz ibn Abdulloh Oli Shayx anjuman ishtirokchilarini qutlab, Uyushmaning navbatdagi 43-sessiyasi ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Ushbu anjumanda dunyodagi nufuzli ulamolar, kengash a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ham ishtirok etmoqdalar. Bugun anjuman ishida Suriya, Iroq, Filippin davlatlarida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga oid masalalar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, Uyushma Oliy kengashining bir yillik hisoboti ham taqdim etiladi.
Anjumanda muhokama qilinayotgan masalalar haqida saytimizda batafsil yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Sergeli tuman hokimligi va Toshkent shahar Ma’rifiy targ‘ibot markazi hamkorligida Sergeli tumanidagi “Mudarris xalqaro maktab”ida poytaxtimizda joylashgan “Minor” jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh domla Sayfutdinov ishtirokida “Kengmakon” mahallasida istiqomat qiluvchi ota-onalar va aholi vakillari bilan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davomida farzand tarbiyasi, odob-axloq va ilm egallashning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ota-onaga hurmat, Vatanga sadoqat va ma’naviy poklik yoshlarni yot g‘oyalardan asrashda muhim vosita ekani ta’kidlandi. Shuningdek, oiladagi tarbiyaning kuchi, ota-onaning farzandga namuna bo‘lishi jamiyat barqarorligiga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati