Xabaringiz bor, Saudiya Arabistonining Madina shahridagi Masjidun Nabaviyda 40 yildan beri ilk bor Qur’on hifzi, tilovati va tafsiri yo‘nalishlarida xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro Qur’on musobaqasida O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etdi.
Masjidul Harom imomlarining tilovatlariga taqlid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan norasmiy bellashuvda vakillarimizdan, “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi - 2018” tanlovining “Oliy o‘rin” sohibi, qirol Abdul Aziz xalqaro musobaqasining 30 porani yoddan o‘qish yo‘nalishi ishtirokchisi Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov ikkinchi o‘rinni oldi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qirol Abdul Aziz xalqaro tanlovi hijriy sana bo‘yicha muharram oyining 26 sanasidan safar oyining 1 kuniga qadar, milodiy sana bo‘yicha 6 oktyabrdan 11 oktyabrgacha o‘tkazilib, unda 82 davlatdan 115 kishi ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alhamdulillah, biz mo‘min-musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salavot aytishga buyurilganmiz. Agar bir marta salavot aytsak, bizga Alloh o‘n marta rahmat yo‘llaydi, o‘nta gunohimiz o‘chiriladi, martabamiz o‘n daraja ortadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta rahmat yo‘llaydi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi, martabasi o‘n daraja ko‘tariladi” (Imom Ahmad rivoyati). Manbalarda qisqa salavot sifatida quyidagi salavot beriladi:
اَللَّهُمَّ صل وَسَلِّمْ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّد
Allóhumma solli vasallim alá nabiyyiná Muhammad
Ma’nosi: “Ey, Alloh! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga rahmat va salom yo‘llagin!”
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi