Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz chin tavba qiling: “Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Chin tavba qanday bo‘ladi?
Chin tavba dildan pushaymon bo‘lish, til bilan mag‘firat so‘rash, gunohdan voz kechish va unga boshqa qaytmaslikka ahd qilish bilan bo‘ladi.
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashing: Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Nabiy alayhissalomga ergashish nima degani?
Nabiy alayhissalomga ergashish u zot keltirgan shariat ko‘rsatmalariga itoat etish deganidir.
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz taqvo qiling: “Aslida esa, kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo‘lsa, albatta, Alloh (bu kabi) taqvodorlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Taqvo nima?
Taqvo – tikanzorda yalang oyoq o‘zingizni tikandan saqlab yurganingizdek gunoh va ma’siyatlardan ham ehtiyot, uzoq bo‘lishingizdir.
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz ezgulik qiling: “Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).
Ezgulik nima?
Ezgulik bu yaxshilikdir. Har bir savobli ish – yaxshilik.
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz adolatli bo‘ling: “Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi” (Moida surasi, 42-oyat).
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz har bir ishni go‘zal tarzda bajaring: “(Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 195-oyat).
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz sabrli bo‘ling: “Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron surasi, 146-oyat).
Sabr nima?
- Toat-ibodatlarni ado etishda sabr.
- Gunohlardan tiyilishda sabr.
- Musibatga sabr.
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz tavakkul qiling: “(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Alloh taolo barchamizni O‘zining muhabbatiga olib boruvchi amallarga muvaffaq etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Ikkinchi o‘n kunligi boshlangan Ramazon oyining sakinati, fayz-barakasi, tarovati yurtimizning har go‘shasida sezilmoqda.
Xususan, masjidlarimiz har qachongidan gavjum bo‘lib, o‘qilayotgan taroveh namozlari, xatmi Qur’onlardan keyin mo‘min-musulmon xalqimiz jamoat bo‘lib qilayotgan duolar sharofatidan bahramand bo‘lyapmiz.
Ota-onaga yaxshilik qilish, isrofdan saqlanish, qo‘shnichilik haqlari, saxiylik kabi taroviholdi suhbatlari, xayr-saxovat tadbirlaridan dillar charag‘on bo‘lmoqda.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi muftiy o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda imom-domlalarimiz tomonidan yurtimizning barcha hududlarida, ko‘p masjidlarda o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati