Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

“DIL – BA YOR-U, DAST – BA KOR”LIK MOHIYATI yoxud “olim” bilan “orif”ning farqi

02.10.2018   5333   15 min.
“DIL – BA YOR-U, DAST – BA KOR”LIK MOHIYATI yoxud “olim” bilan “orif”ning farqi

Shu yil 21 sentyabr kuni Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazida “Naqshbandiya tariqati g‘oyalarining komil inson tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida 25-an’anaviy naqshbandxonlik respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahridan, Buxoro va Samarqand viloyatlaridan olim va mutaxassislar ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Bu chiqishlarda “Yetti pir va O‘zbekistonda ziyorat turizmi taraqqiyoti”, “Mustaqillik yillarida naqshbandshunoslik ravnaqi”, “Navoiy viloyatining muqaddas ziyoratgohlari”, “Naqshbandiya tariqati taraqqiyotida Jo‘ybor shayxlarining o‘rni va mavqei”, “Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida naqshbandiya g‘oyalari targ‘ibi”, “Avliyolar tazkirasi an’anasi: Attor – Jomiy – Navoiy”, “Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini bunyod etish jarayonlari”, “Navoiyning na’t g‘azallarida komil inson targ‘ibi”, “Muhammad Porsoning ilmiy-tasavvufiy merosi” mavzulari yoritildi. Tadbir so‘ngida shoirlar mushoirasi ham o‘tkazildi.

Xoja Bahouddin Naqshband – yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk zotlardan biri. Naqshbandiya taraqqiyotining asoschisi. Tasavvuf tarixida keskin burilish yasagan avliyo. 1318 yili Buxoro yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilib, 1389 yili shu yerda vafot etgan. Uning sharofati bilan bu qishloq keyinchalik Qasri Orifon deb nomlanadigan bo‘lgan. Chunki “orif” so‘zi “avliyo”, “shayx”, “so‘fiy” degan ma’nolarni anglatadi.

Mustaqillikka erishganimizdan keyin sho‘ro davrida hatto nomini tilga olish ham taqiqlangan ulug‘ zotlar tavvalludi to‘ylarini o‘tkazish, shu munosabat bilan ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish, merosini tadqiq etish, ular bilan bog‘liq ziyoratgohlarni obod qilish va yangilarini bunyod etish ishlari amalga oshirildi.

Diniy yo‘nalishdagi ulug‘larimizdan birinchi bo‘lib 1993 yil sentyabr oyining uchinchi jumasi kuni aynan Xoja Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi xalqaro miqyosda tantana qilindi. 1994 yildan buyon sentyabrning uchinchi jumasi har yili an’anaviy naqshbandxonlik respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazib kelinyapti.

Qisqa fursatda O‘zbekistonimizda yangi miqyosdagi naqshbandshunoslik fani shakllandi va rivojlandi.

O‘tgan asrlarda ilm ikkiga bo‘lib tasnif qilingan.

Birinchi ilm – “ilmi zohir”, ya’ni tashqi, yuzaki ilm hisoblangan. Bunda Xudoni aql yo‘li bilan bilish, boshqacha aytganda, Yaratganning asl kalomi bo‘lmish Qur’on ma’nolarini mantiqiy, ya’ni inson miyasi qabul qila oladigan isbot-dalillar bilan tushunish ko‘zda tutilgan. Qur’onga esa barcha bilimlarning haqiqiy manbasi sifatida qaralgan. G‘arbda bu “ratsional ilm”, deyiladi. Zohiriy ilm egasi “olim” deyilgan.

Ikkinchi ilm – “botiniy ilm”, ya’ni chuqur, yashirin ilm hisoblangan. Bunda Xudoni, ya’ni Qur’on ma’nolarini ruh bilan bilish ko‘zda tutilgan. G‘arbda bu “irratsional”, ya’ni ratsional bo‘lmagan ilm, deb qaraladi. Botiniy ilm sohiblari “orif”, deyilgan.

Shuning uchun eski tilimizdagi manbalarda “ma’rifat ahllari” degan ifoda uchrasa, uni tasavvuf shayxlari deb tushunish kerak. Botiniy ilm egasi “orif” deyilgan.

Tarixdan yaxshi bilamizki, xalqimiz ma’naviy hayotida tasavvufning ayricha o‘rni bor. Bu ta’limotda komil inson g‘oyasi bosh masala bo‘lgani uchun aholi tasavvuf vakillariga mukammallik timsoli sifatida qaragan. Bu borada, xususan, xojagon-naqshbandiya tariqatining o‘rni va mavqei juda baland bo‘lgan.

Ma’rifatparvarlik targ‘ibi bu tariqat g‘oyalarining ham mag‘zi-mag‘ziga singib ketgan. Birgina uning bosh g‘oyasi bo‘lmish “Dil – ba yor-u, dast – ba kor”, shiorini olib ko‘raylik. Bu o‘sha davr uchun juda katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega tub burilish edi. Bu shiorning ahamiyati bugun uchun ham aslo kamaygan emas.

Mazkur g‘oya amalda tasavvufni hayotga yaqinlashtirishga xizmat qilgan. Tasavvufning boshqa ayrim oqimlarida tarkidunyochilik kayfiyati ustunlik qilar, Haqqa yetish yo‘lida so‘fiy dunyo ishlaridan batamom qo‘l silkishga da’vat etilar edi. Ammo naqshbandiya tariqati ana shu bosh shior orqali masalani: “Bu dunyo deb u dunyoni, u dunyo deb bu dunyoni unutmaslik kerak”, degan mo‘tadil, ya’ni o‘rta yo‘lni tanladi va bu uning aholi turli qatlamlari o‘rtasida haddan tashqari keng yoyilib ketishiga olib keldi.

Boshqa tariqatlar, jumladan, yassaviyadan farqli o‘laroq, naqshbandiyada zohir va botin bir-biridan o‘zaro keskin tarzda ajratildi. Shu bilan birga, bu zid ikki jihat o‘zaro biriktirildi ham. “Zohir yuzidan xalq bilan, botin yuzidan Haq bilan”, degan qoida zamirida juda katta ma’no-mazmun yashirin. Bu so‘fiylikni xalq orasida oshkor etmaslik, pesh qilmaslik, boshqalardan ajralib turmaslik, xilvatga chekinmaslik, mehnat qilib kun ko‘rishdan voz kechmaslik, oila, bola-chaqa boqish mas’uliyatini bo‘yinga olish, boshqalar (qul va cho‘rilar) mehnatidan foydalanmaslik va hokazo kabi ezgu tartib-qoidalarga qat’iy amal qilishni talab etar edi. Biror kasb-kor bilan shug‘ullanish uchun ham avval uni puxta o‘rganib, barcha sir-asrorini o‘zlashtirish lozim. Shuning o‘zi ham ma’rifat talab qiladi.

Naqshbandiyada, eng avvalo, tasavvufda asosiy diqqat markazida turadigan masalalar ikkiga ajradi: axir, hamma narsaning ham suvrati, ham siyrati bor. Demak, bir narsaning o‘ziga ham zohiran va ham botinan qarash mumkin. Ana shu masalalarni tashqi va ichki jihatlarga ajratish ishni osonlashtirdi.

Naqshbandiya tariqatining bosh shiori yanglig‘ talqin etiladigan “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” aqidasiga ko‘ra, solik mohiyatda, ya’ni ichida hamisha Xudoga ko‘ngil ko‘yishi shart, ammo tashqi jihatdan qaraganda uning qo‘li ish bilan band bo‘laverishi lozim. Buning mohiyatga ziyoni yo‘q. Yoki mavjud o‘n bir aqidadan biri – “Xilvat dar anjuman”ga diqqat qilaylik. O‘zi-ku tasavvufda xilvat – bosh masalalardan biri. Chunki inson jamiyatdan uzilib, yolg‘iz holda Allohni o‘ylasa, naf’ ko‘proq – fikri chalg‘imaydi, boshqa hoyu havasga berilmaydi. Umuman, tasavvufda, Alloh bilan bo‘lish uchun boshqa odam bilan suhbatlashish ham xalaqit qiladi, degan kuchli qarash bor.

Naqshbandiya mohiyatan bu aqidalarni hech ham inkor etmaydi. Biroq tashqi tarafdan anjuman, ya’ni odamlar davrasida bo‘laverish kerak. Chunki haqiqiy Alloh yo‘liga kirgan solik ana shu jamiyat ichida ham xilvat qilaveradi. Sababi – xilvatga chekinish insonning qalbida kechaverishi mumkin hodisa-ku. Demak, masalalarni zohir va botinga bo‘lish naqshbandiyaga Allohga intilish yo‘lining ko‘ngilda kechadigan jihatlarini birlamchi qilib qo‘yish imkonini berdi. Bora-bora naqshbandiyada hatto solikning ochiq-oshkor, ya’ni namoyishkorona xilvatga chekinishining o‘ziga ham e’tiroz paydo bo‘ldi. Axir, oshkora xilvat ham solikning o‘zini ko‘z-ko‘z qilishi, ya’ni shu tariqa boshqalardan ustundek bo‘lib turishdek tuyulmaydimi?

Shariat qonun-qoidalariga amal qilish hammaning, avomning ham vazifasi. Tasavvuf esa – xos, shunga iqtidoriyu iste’dodi bor, ayrim tanlangan kishilar yo‘li. Lekin naqshbandiya – ana shu tanlangan kishilar o‘zining tasavvufga kirganini avomdan ajratib ko‘rsatishiga tamoman qarshi.

Naqshbandiya tariqatining eng asosiy tarbiya usuli – suhbat. Chunki naqshbandiylar, suhbatning foydasi – ko‘p, suhbat orqali inson qalbiga kirib borish mumkin, deb hisoblashgan. Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband so‘zlaridan keltirib, shunday yozadi: “Va der ermishlarki, bizing tariqimiz suhbatdur va xilvatda shuhratdur va shuhratda ofat, xayriyat jam’iyatdadur va jam’iyat suhbatda, bu shart bilaki, bir-biriga nafy bo‘lulg‘ay va ulcha ul buzurg buyurubturki: “Kel, bir soat iymon keltiraylik”. Ishorat angadurki, agar jam’i bu yo‘l soliklari bir-biri bila suhbat tutsalar, anda ko‘p xayru barakatdur”.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, naqshbandiya tariqatida suhbat – muhim shartlardan. Shuni ham unutmaslik lozimki, xojagon-naqshbandiya tariqati har qanday anjumandagi suhbatni targ‘ib qilavergan emas. Shahobiddinning “Maqomoti Mir Kulol”ida o‘qiymiz: “Bilingki, nodonlar suhbati sizni Alloh taolodan yiroq etur. Raqqoslar majlisiga hozir bo‘lmang (tarona bilan soxta zikr tushuvchi kishilar nazarda tutilyapti), ular suhbatiga yaqinlashmang, chunki bu toyifadagilar yurakni o‘ldiradi, yana ular ahli hol emas (sun’iy jazavaga tushadi). Sohibi hol uldurki, badaniga pichoq sanchsalar ham, bundan unga pashsha chaqqanchalik ta’sir qilmas. Mana bunday odamlarnigina sohibi hol desa bo‘lur”.

Bahouddin Naqshband nazdida xilvatda shuhrat bor. Ya’ni xilvatga chekingan odam eldan ajraladi, so‘fiyligini elga oshkora ko‘z-ko‘z qiladi, uning boshqalardan o‘zgacha yo‘lda ekani haqidagi gap hammaga ayon bo‘ladi. Shunday qilib, u shuhrat qozonadi. Shuhrat qozonilgan yerda esa ofat bor. Buni hayot deyarli har kuni isbotlab turibdi.

Demak, jamiyat, ya’ni ko‘pchilik ichida xayriyat, ya’ni xayru baraka bor. Jamiyat esa suhbat orqali paydo qilinadi. Ammo Abdurahmon Jomiy keltirgan va Alisher Navoiy o‘zbekchaga tarjima qilgan bu matnda bir shart haqida ham gap boradi. Bu – suhbat chog‘ida soliklarning bir-biriga nafy bo‘lishi masalasi. “Nafy bo‘lish” degani bir-birining fikrini inkor etish, degan ma’noni beradi. Bu yerda shu tariqa so‘fiylar bir-birining xatosini tuzatishi ko‘zda tutilgan. Chunki bir ruhiy haqiqat shundaki, har qanday gurung oxir-oqibat suhbatdoshlarni bir-biridan uzoqlashtiradi ham. Axir, har kimning fikrlash tarzi, qarashida farq bor-ku. Shuning o‘zi ham, aslida botinan xilvat sari yaqinlashish emasmi? Mantiqan shuning o‘zi ham Allohga yavuqlashish sari yetaklamaydimi?

Aytmoqchi, ilgarigi so‘fiyona tariqatlarda ham xayolan Alloh bilan va bevosita xalq bilan suhbat masalalari bor edi. Ammo ularning har birida bu masala har turli hal etilgan. Masalan, Abu Bakr Saydaloniy shunday degan: “Haq bila suhbat tutung va agar tuta olmasangiz, ul kishi bila tutungki, ul Haq bila suhbat tutar, to aning suhbati barakoti sizni Haqqa yetkurgay”.

Shayx Abu Bakr Saydaloniyning bu aqidasi naqshbandiya shioriga yaqin keladi. Lekin jiddiy farq ham bor. Naqshbandiyada jamiyat bilan – el bilan suhbat ko‘zda tutilgan, Saydaloniyda esa faqat Alloh bilan suhbat tuta oladigan kishi bilan suhbatlashish targ‘ib etilgan. Chunki bu shayx Tangri bilan ko‘p bo‘lib, xalq bilan oz bo‘lish tarafdori. Holbuki, tasavvufdagi ko‘p qarashlar bo‘yicha, xilvat o‘ta muhim masalalardan. Abu Bakr Saydaloniy yana aytgan: “Tengri taolo bila ko‘p bo‘lung va xalq bila – oz”.

Ammo shaharlik kosib yo savdogar, qishloqlik dehqon bu aqidaga qanday amal qilsin? Ular xilvatda mashg‘ul bo‘lishi uchun kasbining bahridan o‘tishi kerakmi? Oxiri bu ta’limotni qabul qilmay qo‘yishi ham mumkin. Chunki tirikchilik masalasi ham bor-da. Demak, bunday kishilarga tasavvufni bevosita yassaviya yo‘li bilan singdirish juda qiyin. Shunday yo‘l izlash kerakki, har kuni ish bilan mashg‘ul odamlar ham, ya’ni deqhqonu kosibu tujjor ham tasavvuf shug‘liga boshlasin.

“Dil – ba yor-u, dast – ba kor” shiori tasavvufni ayni ana shunday ijtimoiy tabaqalar uchun ham mos bir tariqatga aylantiradi. Demak, xilvat masalasi ham naqshbandiyada boshqacha – xuddi shu “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” aqidasidan kelib chiqib hal qilindi. Xojagon jamoasida ilgaridan amal qilib kelingan bu shiorni Bahouddin Naqshband shunday tushuntiradi: “Yana (u kishidan. – S. O.) so‘rdilarki: “Sizing tariqingiz binosi ne ishgadur?” Dedilarki: “Anjumanda xilvat – zohir yuzidin xalq bila va botin tarafidin Haq subhonahu taolo bila”. Bu – zohiran, ya’ni yuzaki qaraganda, xalq bilan birga bo‘lish, uning yig‘inlari – to‘y-ma’rakasiga ham borish, lekin qalbida – botinan xilvat qilish, ya’ni hamisha ko‘ngilda Xudo bilan birga ekanlikni unutmaslik", degani. Ustaxonasida ishlayotgan kosibga ham, do‘konda o‘tirgan savdogarga ham, maktabda bolalarga ta’lim berayotgan muallimga ham mos keladigan aqida edi bu.

Naqshbandiyada mehnatga munosabat masalasi ham boshqacha hal etildi. Bahouddin Naqshbandning muridlikka kelgan har bir shogirddan avval: “Nima kasbu koring bor? Qo‘lingdan qanday ish keladi?”, deb so‘rashi, agar hech bir kasbi bo‘lmasa, tariqatga kirishdan avval borib biron kasbni o‘rganib kelishi uchun qaytarib yuborgani haqida hikoyatu rivoyatlar bor. Bu bejiz emas edi. Naqshbandiya dunyoviy ishlardan ajralmagan holda ham so‘fiy bo‘lishning yo‘lini tutgan tariqat edi.

Naqshbandiyaning boshqa ayrim shiorlari ham ana shunday tarkidunyochilik bo‘lib tuyulgan, ta’bir joiz bo‘lsa, tasavvufning o‘ta keskin yo‘llarini mo‘tadillashtirgani bilan dunyoviylik kasb etdi. Shu tariqa u tasavvufni hayotga yaqinlashtirdi, uni mehnat kishilari sharoitiga moslashtirdi.

Bu yil xojagon tariqati asoschisi Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludiga 915 yil, naqshbandiya tariqati asoschisi Xoja Bahouddin Naqshband tavalludiga 700 yil to‘ldi. Islom konferensiyasi tarkibidagi AYSЕSKO tashkiloti 2020 yilda Buxoro shahrini Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilish haqida qaror qabul qildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning taklifi asosida bu ikki sana ham birgalikda 2020 yili katta tantana bilan xalqaro miqyosda nishonlanadigan bo‘ldi.

Hozirgi paytda Buxoro viloyatda ana shu yirik to‘yga puxta tayyorgarlik olib borilyapti. Jumladan, viloyatdagi yetti pir – Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Anjirfag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Bobo Samosiy, Sayyid Mir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari obod qilinmoqda. Yetti pirga olib boradigan yo‘llarni zamon talablari asosida ta’mirlash rejalashtirilgan.

Naqshbandiya tariqati g‘oyalari bizga bugun ham juda kerak. Qisqa qilib aytganda, “dil – ba yor”lik ma’naviy, “dast – ba kor”lik esa iqtisodiy taraqqiyoyotimizni ta’minlaydi.

Sultonmurod OLIM,
“Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri (O‘zA)

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   3842   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA