Ilmu ma’rifat tarqatish savobli amaldir. Borliqdagi hamma narsa yaxshilikni o‘rgatuvchining haqiga duo qilib turadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: «Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va baliq odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salavot aytadilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Ustozning shogird ustidagi haqi benihoya katta va ulug‘dir. Ustoz shogirdini o‘z farzandidek ko‘radi. Balki unga farzandiga ko‘rsatmagan tavajjuh bilan yuzlanadi. Uning yupun va sovuq bo‘lgan ma’naviy olamini o‘zining qalb qo‘ri bilan isitadi. Zimiston dunyosini ilm quyoshining ziyosi bilan munavvar etadi. Sabr va mehr bilan parvarishlaydi. Dunyoyu oxiratda ulug‘lik, manfaat va najot keltiradigan yo‘lga yo‘llab qo‘yadi. Bunga qo‘shimcha ravishda shogirdining salohiyati uchun tunu kun duoda bo‘ladi. Natijada uning qo‘liga nihol bo‘lib kelgan o‘quvchi va talaba sovuq urmasdan, zulmatlarda abgor bo‘lmasdan unib-o‘sadi.
Imomi A’zam Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)dan bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar, albatta, ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. (Nafaqat u) Balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.
Ustoz deganda faqatgina diniy bilimlarni ta’lim bergan kishilarni emas, balki har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs nazarda tutilishini ham unutmasligimiz lozim. Chunki muqaddas dinimiz ‒ Islomda insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm ardoqlanadi.
Yurtimiz ta’lim muassasalarida yoshlarga turli sohalardan ta’lim berayotgan ustozlarni izzat-ikrom qilish burchimizdir.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa, arziydi.
Odiljon NARZULLAYEV,
Yangiyo‘l tumani “Jome’”
masjidi imom-xatibi
“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.
Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).
Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.