Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
"Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsaniz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattikdir" (Ibrohim, 7).
Ne’matning salmog‘iga yarasha shukr lozimdir. Ba’zi ne’matlarning shukri tilda "alhamdu lillah" deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne’matlar ham borki, ularning shukrini ado etishda til bilan aytilgan hamdning o‘zi kifoya qilmaydi. Masalan, namoz, ro‘za kabi ibodatlarni ado qilish jism ne’matining shukri bo‘lsa, farzand ne’matining shukri ularni imon-e’tiqodli, pok vijdonli, vataniga sadoqatli qilib voyaga yetkazishdir.
O‘tgan payg‘ambarlardan biri Allohning amri bilan bir xonadonga tashrif buyurib, ularga o‘zini tanishtirdi. So‘ng ularga dedi: “Alloh taolo sizlarga bir xabarni yetkazishimni buyurdi. U sizlarning umringizni ikki qismga bo‘lib, birini rohat-farog‘at, sihat-salomatlik, iktisodiy kengchilikda, ikkinchisini esa qiyinchilik, mashaqqat, betoblikda o‘tkazishingizni taqdir kilibdi. Alloh taolo sizlarga tanlash ixtiyorini berdi. Qay birini avval bersin, kengchiliknimi yoki mashaqqatli hayotnimi?” Er-xotin kup o‘yladilar. Oila rahbari ayoliga ushbu fikrni aytdi: «Biz yosh va quvvatlimiz, hozir har qanday qiyinchilikni yengishimiz oson kechadi. Shuning uchun qiyinchilikni ixtiyor qilsak-da, keksayganimizda mashaqqatsiz rohatda hayot kechirsak!?» dedi. Ayoli buning aksini – avval yengil va farovon hayotni tanlashni taklif kildi. Ko‘p mulohazalardan keyin er-xotin bir qarorga kelib payg‘ambarga dedilar: «Alloh taolo bizga avval farovon hayotni in’om kilsin». Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdanok Alloh taolo xonadonlariga baraka berdi, iktisodiyotlari yuksalib rohatda yashay boshladilar. Er-xotin bu berilgan rohat-farog‘atning shukronasi o‘larok, kunduzlari ro‘zador, tunlari qoim, quni-qushnilar bilan go‘zal munosabatda, g‘ariblar holidan xabar olib, muhtojlarga yordam kursatib umr guzaronlik kildilar. Berilgan ne’matni isrof kilmay Alloh buyurgan o‘ringa sarf etdilar. Vaqt oliy hakam deganlaridek, payg‘ambar aytgan hayotning ikkinchi kismi, ya’ni qiyinchilik, mashaqqatli davr yetib kelgan edi. Oiladagilar «Endi bizning mashaqqatli hayotimiz boshlanadi» deya kuta boshladilar. Lekin, aytilgan muddat kelgan bo‘lsada, hanuzgacha farovon hayotlari tugamas edi. Belgilangan muddatdan ikki yil o‘tib yana o‘sha payg‘ambar tashrif buyurdi. Oila rahbari payg‘ambarga murojaat qilib: «Alloh taolo umrimizni ikki qism kilib quyganligi haqida xabar bergandingiz. Umrimizning bir kismi o‘tib, ikkinchi mashaqqatli hyotimiz boshlanishi kerak edi, lekin hanuz farovon hayot kechirmokdamiz. Ne sabab rohatdagi hayotimiz davom etmokda?» dedi. Payg‘ambar (a.s) «Haqiqatda Alloh taolo umringizni ikki kisim – farovon va mashaqqatga taqsimlagan edi. Sizlar Allohning bergan ne’matlarini isrof qilmasdan tug‘ri yulda sarf kilib, shukronalikda hayot kechirganingiz uchun mashaqqatli hayotingizni ham yana farovon hayotga aylantirib berdi» dedi.
Allox taolo oyatning davomida: «Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattikdir" deya ogohlantirdi. Alloh tarafidan berilgan har bir nematning shukri uni tug‘ri yo‘lga sarf qilish orqali amalga oshadi. Chunki ba’zi nodon kishilar Allohning bergan ne’matlarini johillik qilib inkor qiladilar. Shuning uchun o‘zlariga bino quyib «Men bu qulimdagi mol dunyoni, mansabni, obro‘ni o‘zimning aql zakovatimning zo‘rligidan, serharakatligim, uddabronligim evaziga qo‘lga kiritganman», deb o‘ylaydilar. Yo‘llarida uchragan, Alloh taolo qaytargan gunoh ma’siyatlarga bor budlarini sarf etadilar. Qarabsizki, dunyoni o‘zidayoq berilgan ne’matga shukr qilib, tug‘ri foydalana olmagani uchun undan mahrum buladi. Oxiratda esa uning javobi yanada og‘ir kechadi. Ushbu oyat tafsirida ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: «Ne’matga kufronalik qilgan bandasi uchun Allohning beradigan azobi ikki xildir. Biri noshukurligi sababidan dunyodayoq bergan ne’matini undan olib qo‘yadi. Ikkinchisi esa qiyomat kunida ne’matga kufronalik qilgani uchun uning uqubatini bardavom qilib qo‘yadi» deganlar.
Ne’matni Allohdan deb bilish kishini Allohga yana ham yaqinlashishga undaydi. Aksincha, shukri ado etilmagan ne’mat esa insonga ofat keltiradi.
"Ruhul-bayon" tafsirida shunday rivoyat keltiriladi: "Bir kuni Iso alayhissalom bir fosiq bilan safarga chiqdilar. Iso alayhissalom safarda yeyishga o‘zlari bilan uch burda qotgan non olib, ularni hamrohlariga berib qo‘yadilar. Yo‘lda u kishi Iso alayhissalomga bildirmay nonning bittasini yeb qo‘yadi. Bir daraxtning yoniga yetganlarida Iso alayhissalom nonushta qilib olishni taklif qilib, kishiga nonlarni xaltadan olishni buyuradilar. U ikki bo‘lak nonni chiqaradi. Buni ko‘rgan Iso alayxissalom undan qolgan bir bo‘lakni ham chiqarishni aytadilar. Fosiq kishi esa unda faqat mana shu ikkita bo‘lakdan boshqa yo‘q ekanini, Iso alayhissalom unga faqat ikkita non berganlarini aytib, har qancha talab qilsalar-da, yeb qo‘ygan nonidan tonadi.
Nonushtadan so‘ng yana yo‘lda davom etadilar. Safar davomida haligi kishi Alloh taoloning Iso alayhissalomga bergan bir nechta mo‘jizalarining guvohi bo‘ladi. Iso alayxissalom unga ko‘rgan mo‘jizalari haqqi-hurmati uchinchi nonni qayerga qo‘yganini aytishni so‘raydilar. U Allohning yagonaligiga, Uning qudratiga dalolat qiluvchi qanchadan-qancha mo‘jizalarni ko‘rgan bo‘lsada, baribir yolg‘on gapiradi, ya’ni unda faqat ikkita non bo‘lganiga qasam ichadi.
Ikki hamroh yo‘lda keta turib, tasodifan qum uyumi ostida yaltirab turgan narsaga ko‘zlari tushadi. Yaqiniga borib qarasalar, uch bo‘lak tillo quymasi ekan. Shunda Iso alayxissalom tillolarni taqsimlashni taklif qiladilar va bir bo‘lagi menga, ikkinchi bo‘lagi senga, uchinchi bo‘lagi esa uchinchi bo‘lak nonni olgan kishiga, deydilar. Mana shu vaqt fosiq tilloning uchinchi bo‘lagiga ham ega bo‘lish maqsadida nonning uchinchi bo‘lagini o‘zi yeganini tan oladi. Shunda Iso alayhissalom unga: “Allohning qanchadan qancha mo‘jizalarini ko‘ra turib tan olmagan narsangni, arzimas dunyo matosiga erishish uchun bo‘yningga olmoqdasan. Demak, sen Parvardigorning ne’mati qadrini bilmaydigan noshukr bandasan, endi sen bilan mening yo‘limiz boshqa-boshqa”, deb fosiqni tark etib ketdilar.
Iso alayhissalomdan ajragan kishi yolg‘iz ketayotganida nogahon oldidan uch nafar qaroqchi chiqib qoladi. Ular uni o‘ldirib, tillolarini bo‘lishib oladilar. Shundan so‘ng qaroqchilardan biri yegulik olib kelish uchun yaqin qishlokdarning biriga ketadi. Qolgan ikkitasi sheriklari yegulik olib kelgach, uni o‘ldirib, tillosini bo‘lib olish rejasini tuzib qo‘yadilar. Taom sotib olishga ketgan qaroqchi ham sheriklarining taomiga zahar solib, ular o‘lgach tillolarini o‘zlashtirib olishni rejalab qo‘ygan bo‘ladi. Shunday qilib, taom olib kelgan qaroqchini sheriklari o‘ldiradi va o‘zlari ham taomdan tatib, zaharlanib o‘ladilar.
Iso alayxissalom tasodifan haligi hamrohi va uchta qaroqchining murdasi ustidan chiqib qoladilar va Allohning bergan halol rizqiga qanoat qilmagan, berilgan ne’matlarning qadriga yetmagan, uning shukrini ado etmagan kishining holi shudur, deb yo‘llarida davom etadilar".
Manbalar asosida Davlatyorov Muhammadsafoxon tayyorladi.
"Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li" I Xalqaro islom forumi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Iroqdagi Imom A’zam No‘mon ibn Sobit universiteti doktori Fahmiy Ahmad Abdurahmon Qazzoz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga keldi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov mehmonni dastlab Imom Buxoriy muzeyi faoliyati, olim va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishtirib, allomaning ilmiy safarlari va bugungi kunda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan asarlarining nusxalari haqida so‘zlab berdi. Xususan, Imom Buxoriyning Bog‘dodda imtihon qilinishi aks etgan ekspozitsiya mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Markaz kutubxonasi bilan tanishuv davomida iroqlik olim o‘zining yillar davomida yozgan 20 ga yaqin kitobini Markaz fondiga taqdim etdi. Mavzulari rang-barang bo‘lgan bu asarlar fiqh, aqida va hadislarga bag‘ishlangan bo‘lib, ayrimlarida yot unsurlarning buzg‘unchi g‘oyalari asossizligi va faqat g‘arazli maqsadlar xizmat qilishi ochib berilgan.
Muloqot davomida hamkorlikda Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini tadqiq qilish, olimlarimiz izlanishlarining natijalarini o‘zbek va arab tillarida nashr etish, Markaz ilmiy xodimlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish hamda xalqaro seminarlar tashkil etish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz: doktor Fahmiy Ahmad Iroqda Zoom dasturi orqali minglab talabalarga hadis ilmlari va "Al-Jome' as-sahih" asari bo‘yicha "Xatmul kutub" asosida saboq berib keladi.
Uchrashuv yakunida mehmon Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Markaz rahbariyati tomonidan olimga Imom Buxoriyning o‘zbek tiliga tarjima qilingan "Xalqu af’olil ibod" asari tuhfa etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati