Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:30
Bismillah
05 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Ma’rifat bog‘ining bog‘bonlari

28.09.2018   4141   5 min.
Ma’rifat  bog‘ining  bog‘bonlari

Ustozu muallimlar jamiyat binosining binokorlari, ongu tafakkur muhandislari va ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir.

Ma’lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o‘rni beqiyos. Bizning dono xalqimiz:  «Ustoz – otangdek  ulug‘» deb bejiz aytishmagan. Mana yangi o‘quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug‘ va muqaddas bo‘lmish ilm tarqatuvchi o‘quv dargohlariga qadam bosishdi.  Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg‘ayishida, ilm olib, bilimli bo‘lishlarida ko‘p jihatlariga  e’tiborimizni berishimizda yuqoridagi purma’noli, sermazmunli tarafini ham e’tiborga olishimiz lozim bo‘ladi.

Ustozning mavqei shunchalik ulug‘  darajaga ko‘tarilgan. “Ustoz” deganda faqat ma’lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o‘rgatuvchini biz ustoz deb tushunishimiz lozim. Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e’zozlab «Ustoz» deydi. Ustoz deganda, uning ma’naviy nuri va bu nurdan yuzlab ko‘ngillar bahra olayotganligini tasavvur qilamiz. 

Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm islomda ardoqlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida insoniyatni dunyoni obod qilish uchun yaratganini bayon qilgan va kishilarni borliq haqida tafakkur qilishga, uni o‘rganishga targ‘ib qilgan. Zero, Alloh ilm qadrini baland qildi va uning orqasidan  ilmli kishilar va ustoz, murabbiylarning  ham qadrini yuksak qilib qo‘ydi. Va: “Sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan kimsalarni Alloh baland daraja (martaba)larga ko‘tarur”, dedi” (Mujodala surasi).

Alloh hurmatlagan va darajasini baland qilgan narsalarni e’zozlash va ulug‘lash qalbdagi taqvodan dalolat ekanligi Qur’oni karimda juda ko‘p o‘rinlarda ta’kidlanadi.

Mazkur oyati karimada Alloh taolo ilm egallagan va uni boshqalarga yetkazishda xolis jiddiy sa’yi-xarakat qiladigan xolis ustozlarning obro‘-e’tiborlarini yanada yuqori ko‘tarib qo‘yishini va’da qilmoqda. Yosh avlodni teran bilimli va yetuk mutaxasis bo‘lib yetishishida ustoz va murubbiylarning  ishlarida beminnat xizmatlari ulkan. Ular hurmatga, e’zozga, xalq iltifotiga sazovor bo‘lishgan. Ularning birortasi haligacha shogirdiga «Men otangdan ulug‘man», degan aqidani aytmaganlar. Albatta  kamtarinlik ustozlarga xos odat. 

 Olimlik, ustozlik maqomi naqadar ulug‘ ekanligini  xaqida Janobi Payg‘ambarimiz shunday marxamat qiladilar: “Olimning, ya’ni uning boshqalardan ortiqligi oydin kechada oyning boshqa yulduzlardan ziyoda nurli ekaniga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamo-ustozlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir.”  (Imom Termiziy, Abu Dovud va Ibn Mojalar rivoyat qilishgan)

Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, xokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, ustozlar xaqida salafi solihinlar juda ko‘p ibratli so‘zlarni aytib o‘tganlar.

 Hazrati Ali roziyallohu anhu: "Men o‘zimga bir dona harf o‘rgatgan kishining quliman. Istasin, sotib yuborsin, istasin, qul qilib olsin!", degan ekanlar.   

Mazhabboshimiz  Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlari rivoyat qilinadi: "Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat ustozim balki, kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman".

 “Hidoya” muallifi, shayxulislom Burhoniddin Marg‘inoniy hikoya qiladilar: “Buxoroi sharifning ulug‘ olimlaridan birlari dars xalqasida edilar. Dars asnosida goho tashqari tomonga qarab o‘rinlaridan turib qo‘yar edilar. Ziyrak toliblar buning sababini so‘rashdi. U zot kamoli ehtirom bilan: “Mehribon ustozimning farzandlari ko‘chada bolalar bilan o‘ynab yuribdilar. Gohida o‘yin bilan mashg‘ul holda eshik oldiga kelsalar, ustozim hurmatidan darhol o‘rnimdan turyapman”, deb javob qildilar.

Manbalarda muallimlarga nisbatan rioya qilish lozim bo‘lgan odoblar sanalganda ayrim diqqatni tortadigan joylariga duch kelamiz: "O‘quvchi agar muallimini bir to‘da insonlar ichida uchratib qolsa, jamoaga salom bergach, muallimiga alohida salom berib, mulozamat qilishi kerak".  Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, tolibi ilm ustozining roziligini topishga intilishi va uni norozi qiladigan, xafa qiladigan, ko‘nglini og‘ritadigan ishlardan saqlanmog‘i lozim.   Chunonchi, Abdurahmon Jomiy aytganlaridek:

Jahonda bo‘lmasa muallim agar,

Xayot xam bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.   

Ustoz va muallim xayot bo‘stonidagi niholning daraxtga aylanishi uchun beminnat xizmat qiladilar. Yoshlarni ma’naviy yetuk va barkamol inson bo‘lib tarbiyalashda tabarruk ustoz va murabbiylarimizni o‘rni beqiyosdir. Ustozu muallimlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, qaysiki, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan omonlik qirg‘og‘iga yetishadilar. Faqat yaxshilik qilish va ilmning bebaholigini, odamiylikni har narsadan ustun qo‘yadilar. Bunday kishilar xalqning, Vatanning qalqonidirlar. Doimo  sizga ta’zimdamiz aziz ustozlar.

 

Rahmatillo Madaminov.

Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani, “Eshonguzar” masjidi imom-noibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rajab oyining ro‘zasini tutishni unutmang!

4.01.2025   11150   2 min.
Rajab oyining ro‘zasini tutishni unutmang!

HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

HADIS SHARHI

Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.

 

HAROM OYLARI TO‘RTTADIR

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).

 

BU OYDA RASULULLOH QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?

Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.

 

RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI

Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.

 

BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).

 

SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI

06 yanvar – dushanba

Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12

 

QANDAY NIYAT QILINADI?

Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.

 

Davron NURMUHAMMAD