Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2025   |   15 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
19:59
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2025, 15 Zulhijja, 1446

Ta’zim sizga, aziz ustozlar

28.09.2018   30016   6 min.
Ta’zim  sizga, aziz  ustozlar

Ustoz – muallimsiz  qolganda  zamon,

Nodonlikdan   qaro  bo‘lardi  zamon.

Abdurahmon  JOMIY

Muallimlik – buyuk maqom. Chunki payg‘ambarlar muallim bo‘lganlar. “Muallim” so‘zining ma’nosi ilm beruvchi, ta’lim beruvchi, o‘rgatuvchi demakdir. Payg‘ambarlar insoniyatga ezgulikni o‘rgatganlar. Ana shuning o‘ziyoq ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanini ko‘rsatadi. 

Ilm – ruh ozig‘i. Insoniyat ilm bilan haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm ustozning sa’y-harakati bilan egallanadi. Ustozlar bejizga payg‘ambarlarning merosxo‘rlari deb e’zozlanmagan. Qur’oni karimda o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug‘ligi haqida bunday marhamat qilinadi: “...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni baland daraja (martaba) larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat). 

Ilmu ma’rifat ziyosini tarqatish savobli amal. Bu vazifaga mutasaddi bo‘lgan kishining darajasi ham mislsiz. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday marhamat qilganlar: "Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi   chumoli   va  hattoki   baliqgacha   odamlarga  yaxshilikni  ta’lim beruvchiga salavot aytadilar" (Imom Termiziy rivoyati).

Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir. Ustoz shogirdini o‘z farzandidek ko‘radi. Balki unga farzandiga ko‘rsatmagan tavajjuh bilan yuzlanadi. Uning yupun va sovuq bo‘lgan ma’naviy olamini o‘zining qalb ko‘zi bilan isitadi. Zimiston dunyosini ilm quyoshining mo‘jizakor ziyosi bilan munavvar etadi. Sabr va mehr bilan parvarishlaydi. Dunyoyu oxiratda ulug‘lik, manfaat va najot keltiradigan yo‘lga yo‘llab qo‘yadi. Bunga qo‘shimcha ravishda shogirdining salohiyati uchun tunu kun duoda bo‘ladi. Natijada uning qo‘liga nihol bo‘lib kelgan o‘quvchi va talaba sovuq urmasdan, zulmatlarda abgor bo‘lmasdan unib-o‘sadi va vaqti kelib bu nihol hayot bo‘stonidagi serbarg va muhtasham daraxtga aylanadi. Keyin u ham o‘z navbatida ma’naviyat bog‘iga o‘zining har xil mevalarini taqdim qiladi. 

Ustozlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan yorug‘likka yetishadilar.

Binobarin, ustozu muallimlarni risoladagidek hurmatlamay, haqlarini munosib ravishda ado qilmay turib, farzandlarimizdan el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyo uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslarni kutish mumkin emas.

Musulmonlar qadim-qadimdan ustoz va murabbiylarga misli ko‘rilmagan hurmat ko‘rsatib kelgan. Chunki farzandlarining kamolotga yetib, dunyoyu oxirat saodatiga erishishlari uchun ustozning o‘rni benazir ekanini yaxshi anglagan. Bunga quyidagi rivoyatlarni keltirib o‘tish foydadan xoli bo‘lmas:

Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy rahimahulloh bir muddat Makkai mukarramada dars berganlar. Bir ziyoratchi Imom hazratlariga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda Imom Buxoriy ziyoratchining ustozlar yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib kutib olganlar va cheksiz ehtirom ko‘rsatib mehmon qilganlar. Undan salom xabarini eshitganlarida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olganlar va tabarrukona maktubni ikki qo‘llab olib, ehtirom bilan tanishib chiqqanlar.

Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: "Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman". 

Ustoz deganda faqat diniy bilmlarni ta’lim bergan kishilar emas, balki har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs nazarda tutilishini unutmaslik lozim. Chunki muqaddas dinimizda ilmlar diniy yoki dunyoviyga ajratilmaydi. Balki foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi.

Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan yaxshi ibora bor. Darhaqiqat, ota insonning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsa, ustoz unga hayotda yashashni ta’lim beradi. Shuning uchun ham mo‘min-musulmonlar namozlarining so‘ngida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salavot aytganlaridan keyin ota-onasi qatorida ustozlarining haklariga ham Allohdan mag‘firat so‘rab duo qiladilar.

O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir.

Yurtimizda har yili 1 oktyabr ustoz va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Albatta, bu bayram mustaqil Yurtimizda ustozlarga bo‘lgan hurmatning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida ustozlarga ehtirom ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan buyuk qadriyatlarimizdan sanaladi.

Ustozlarni qadrlash haqida so‘z borganda beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiyning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:

 

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

 

Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.

Jamiyat oldida katta mas’uliyat sohibi bo‘lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik tilab qolamiz.

Odiljon  NARZULLAYEV,

Zangiota  tumanidagi  "Imomi A’zam"  jome  masjidi  imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti

03.06.2025   7826   2 min.
Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti

1 iyun kuni Jidda shahrida butun dunyodan kelgan haj tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul idoralar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev ishtirok etdi.

 
 Muloqotda yildan-yilga haj mavsumida Alloh taoloning mehmonlariga munosib xizmat qilish takomillashib borayotgani, innovatsion loyihalar amaliyotga joriy etilayotgani, ziyoratchilarning salomatliklarini saqlash, transport xizmati ko‘rsatish, sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash va toatu ibodatlarni tartibli tashkil etishda yaxshi natijalarga erishilganini alohida qayd etildi.


Haj va umra vaziri yig‘ilish ishtirokchilaridan yaqinlashayotgan haj kunlarida ziyoratchilar belgilangan tartiblarga rioya etishlarini ta’minlash, ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarda hamkorlik qilishni so‘radi.


Anjuman doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vaziri, turli mamlakatlardan kelgan mo‘tabar ulamolar, martabali vazirlar, fazilatli muftiylar, jumladan, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Pokistonning Dorul ulum Karachi Islom universiteti professori Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy, Afg‘oniston Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Nur Muhammad Saqib bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr-mulohaza almashdilar.   


Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar Haj va umra sohasidagi ilmiy va amaliy hamkorlikni kuchaytirish, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va bu borada o‘zaro tajriba almashishni yanada takomillashtirishga kelishib oldilar.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti Haj tadbiriga mas’ul idoralar rahbarlari muloqoti
O'zbekiston yangiliklari