Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qonunga ko‘ra fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat bilan endilikda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan bir qatorda xususiy bandlik agentliklari ham shug‘ullanishi mumkin.
Qonunda ish qidirayotgan shaxslarni chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga soluvchi normalar keltirilgan.
Xususan, xususiy bandlik agentliklari ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilarga kadrlar tanlash bo‘yicha, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.
Bunda chet elda ish bilan ta’minlash bo‘yicha faoliyat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Xususiy bandlik agentliklari xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun ellik ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida zaxira qilib qo‘yadi.
Mazkur mablag‘lar litsenziya tugatilgan yoki bekor qilingan taqdirda qaytarib beriladi.
Qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach yuridik kuchga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati