O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Tursunzoda tumanidagi “Bog‘i somon” dehqon xo‘jaligiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xo‘jalik rahbari Kamol hoji Madumarov asli oltiariqlik usta dehqon farzandi. U ota kasbini davom ettirib, qut-baraka, elda obro‘ topgan. Bugungi kunda xo‘jalik uzumzori 500 gektarga yetgan. O‘nga yaqin navdagi shirin va hosildor uzumlar dovrug‘i butun mintaqamizga taralgan.
Prezidentimiz uzumzor bog‘ va mahsulotlar omborini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev Kamol ota Madumarovga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Captiva avtomashinasini sovg‘a qildi.
Davlatimiz rahbari shu tumandagi «Vatan» dehqon xo‘jaligida ham bo‘lib, uning rahbari Ne’mat hoji Usmonovga yana bir avtomashina tuhfa etdi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati