Dunyoning go‘zalligi inson bilandir. Insonning go‘zalligi esa islom bilandir. Islom dini insonlarni faqat yaxshilikka da’vat etadigan, yomonlikdan qaytaradigan sof dindir. Nahl surasining 97-oyatida Alloh taolo “Erkakmi yo ayolmi – kimda kim mo‘min bo‘lgan holda biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal amallari barobaridagi mukofat bilan taqdirlaymiz” deb marhamat qilgan. Solih amallar qilib yashagan inson hayotlik davrda rohatu farog‘atda yashab, oxiratda esa ulkan mukofotlar sohibiga aylanadi. Dinimizga yot bo‘lgan amallar bilan mashg‘ul bo‘lganlar esa albatta jazosini oladi.
Sizu-bizga berilgan tiriklik ne’matidan oqilona foydalanib, go‘zallikka burkangan dunyoda savob zaxiralarimizni ko‘paytirib, kelajak avlodga namunali amallarimiz bilan, xulqlarimiz bilan o‘rnak bo‘ladigan darajada yashab o‘tsak eng katta baxtga sazovor bo‘lamiz.
Dunyoning tinchligini buzayotgan, odamlarning baxtli-saodatli yashashini ko‘rolmayotgan, o‘zgalarning baxtsizligi evaziga boy badavlat bo‘lib, go‘yoki shirin hayot kechirayotgan kimsalar ham bor. Ular giyohvand moddalarini tayyorlab insonlarning shirin hayotini qayg‘u g‘amlarga, alamu sitamlarga aylantirayotgan johil kishilardir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi halqaro hay’at tashkil etilgan. Ularning xabariga ko‘ra kundan-kunga giyohvandlik soni oshib bormoqda. Achinarlisi giyohvandlikka ilk bor qadam qo‘yayotganlar 11-17 yoshli yigit qizlar ekanligidir. Yoshlik gashtini suradigan, o‘ynab-kuladigan, ilmu-irfonga sho‘ng‘ib marifat cho‘qqisini ko‘zlaydigan davrda balo va ofatga duchor bo‘lib giyohvandlik botqog‘iga botishi jamiyatlarning eng katta yo‘qotishidir. Biron mamlakat aholisining yetti foizi giyovand moddalar istemoliga o‘tgan bo‘lsa, o‘sha mamlakatning kelajagi halokat yoqasida turishini olimlarimiz tasdiqlagan. Giyohvandlikning zarari shunchalik ko‘pki, hatto biz uni xayolimizga ham keltirmaymiz. Alloma Ibn Hojar al-Makkiyning “Fatavoi islomiya” asarida inson salomatligi va jamiyat hayotiga giyohvandlik illati yetkazadigan 120 xil jiddiy zarar sanab o‘tilgan.
Dinimiz ta’limotlarida ham inson hayoti, sog‘lig‘iga zarar beradigan, aql-hushini karaxt qiladigan har qanday kayf beruvchi moddani, u mast qiluvchi yoki kayf qiluvchi bo‘lishidan qat’i nazar, zararli deb biladi va uni iste’mol qilishdan mutlaqo qaytaradi. Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) har bir kayf beruvchi moddaning iste’molidan qaytarganlar.:
" نَهَى النبى صلعم عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ وَ مُفَتِّرٍ " (رواه أحمد و ابو داود)
ya’ni: “Payg‘ambar (sav) har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytirruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar”.
Ma’lumki, ulamolarimizning aytishlaricha, mazkur hadisi sharif har qanday turdagi giyohvandlik-bangilik shar’an harom ekanligiga dalolat qiladi. Shuning uchun ham ularni iste’mol qilish shar’an va qonunan joiz emas.
Ibn Ahmad va Ibn Mojja rivoyat qilgan hadisi sharifda “Islom dinida o‘ziga ham o‘zgalarga ham zarar keltirish yo‘q” deyilgan. Musulmon kishi qalbida imoni jo‘shib turgan kishi hadisga muvofiq o‘ziga ham o‘zgalarga ham zarar yetkazmasligi va harom bo‘lgan narsalarni iste’mol qilmasligi kerak. Ming afsuslar bo‘lsinki, giyohvandlik balosiga giriftor bo‘lgan mo‘min-musulmonlar ham yo‘q emas. Yashashdan maqsadimiz nafsoniy hislarni qondirish emas balki aqlimiz bilan fikr qilib jannat mukofotini olishdir.
Shukrlar bo‘lsinki hayotimiz farovon, zamonamiz tinch, farzandlarimiz sog‘lom, kelajagimiz buyukdir. Ona vatan bag‘rida erkalanib, shodlanib hayot kechirmoqdamiz. Barcha millat vakillar bir ota bir onaning farzandlaridek istiqomat qilmoqdamiz. Hatto qisqa muddat ichida dunyo ahli ibrat oladigan, o‘rnak oladigan jihatlarga ega bo‘ldik. Bizga havas qiladiganlar soni qancha ko‘p bo‘lsa, hasad ko‘zi bilan qaraydigan, gullab-yashnashimizni ko‘ra olmaydiganlar soni ham anchadir. Ularning quroli esa yoshlarimizni o‘ziga qaratib olib, ota-onasiga, o‘z xalqiga qarshi qo‘yishdir. Buning eng yaxshi yo‘li giyohvandlikdir. Farzandlarimizni har-xil yo‘llar bilan shu baloga yo‘liqtirsa boshimizga turli ofatlar yog‘dirishi aniqdir. Sergaklik davr talabidir. Biz o‘z farzandlarimizni yovuz kuchlarga berib qo‘ymaymiz. “Oqqan daryo oqaveradi” deganlaridek o‘g‘il-qizlarimiz bobolar yo‘lidan borib ilmu ma’rifatda dunyoga o‘rnak bo‘ladigan darajalarga erishadi inshaolloh. Faqat biz kattalar pandu nasihatdan charchamasligimiz, farzandlarimizga har tomonlama ko‘mak bera olishimiz kerak.
Janob Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislaridan birida: “Ey ummatlarim, agar sizlar, bir-birlaringizni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarib turishlikni tark etsalaringiz, boshingizga shunday bir balo va ofat keladiki, u yaxshi yomonga barobar fojia bo‘ladi” deb marhamat qilganlar.
Asrimiz vabosiga aylanib ulgurgan giyohvandlik balosidan farzandlarimizni, kelajak avlodimizni halos etish har birimizga farz va qarz bo‘lgan amaldir. Shunday ekan kishining bir farzandi bu illat bilan balolangan bo‘lsa o‘z farzandimizdek ko‘rib, unga tezlik bilan yordam ko‘rsatishimiz zarurdir. “Qovun qovundan ko‘rib rang oladi” deydi halqimiz. Bugun biz sergaklikni yo‘qotsak giyohvandlik balosi zarpechak misoli hamma joyga o‘rnashib oladi. Bunga imkon berish eng katta gunoh ekanligini unutmasligimiz kerak.
O‘MI Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi