O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov 26 sentyabr kuni O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan uchrashuvlarda ishtirok etish uchun respublikada mehmon bo‘lib turgan Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi professori, yozuvchi, publitsist va tarjimon Stefan Dyuduanon bilan uchrashdi.
Tomonlar joriy yilning may oyida Islom sivilizatsiyasi markazi va Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish to‘g‘risida fikr almashdilar. Stefan Dyuduanon Cho‘lponnning “Kecha va kunduz” romanini fransuz tiliga tarjima qilgani, XX asr boshidagi o‘zbeklar hayotini ajoyib uslubda tasvirlagan yozuvchining mahoratidan hayratda ekanini, asar fransuz o‘quvchilari tomonidan iliq kutib olinganini aytdi. Mehmon shuningdek O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning suratlaridan hayratda ekanini, asrga tatigulik ishlar amalga oshirilayotganidan mamnun ekanini bildirdi.
Tomonlar Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan yaratilayotgan “Islom sivilizatsiyasi qomusiy lug‘ati”ning fransuzcha shaklini yaratish sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
S.Dyuduanon Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanining fransuzcha tarjimasini sovg‘a qildi.
Uchrashuvda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi V.Vilmor xonim ishtirok etdi.
ITSM Matbuot xizmati
“IQNA” saytining “Maspero” nashriga tayanib xabar berishicha, Misr milliy matbuot tashkiloti rahbari, yozuvchi Ahmad al-Muslimaniy Misrdagi taniqli qorilarining fotosuratlari, qo‘lyozmalari, shartnomalari, yozib olingan qiroatlari va ularga tegishli bo‘lgan ashyolarni o‘z ichiga olgan “Qur’on qorilari muzeyi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzey Qur’oni karim radio tarmog‘iga aloqador bo‘lib, unga “Maspero” radio va televideniye binosida maxsus joy ajratilgan.
Al-Muslimaniyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyga eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli Qur’on karim qorilarining oilalari bilan yangi muzey uchun qorilarga tegishli ashyolarni yig‘ish uchun munosabatlar o‘rnatilgan. Muzey taqdim etilgan ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilganidan keyin tartibga keltiriladi va ommaga tashkillashtirilgan tashriflar uchun faoliyatini boshlaydi.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi