20-21 sentyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov, Xalqaro islom akademiyasi rektori Sh.Yovqochev tarkibidagi delegatsiya Turkiyaning Istanbul shahrida faoliyat yuritayotgan Ibn Xoldun nomidagi universitetda o‘tkazilgan “XXI asr tahdidlari va islom ma’rifati g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishida ishtirok etdilar.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, Istanbuldagi Ibn Xoldun universiteti, Islom Hamkorligi Tashkiloti Islom madaniyati va tarixini tadqiq qilish markazi (IRSIKA) ishtirokida tashkil qilindi.
Hozirgi kunda musulmon olamini Allohning buyruqlariga zid ravishda qamrab olayotgan tafriqa, ya’ni firqalarga bo‘linish, uning natijasida islomning tinchlik, ezgulik, bunyodkorlik mohiyatiga zid qarashlarning yoyilishi konferensiya qatnashchilari tomonidan asr tahdidlari deya baholandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Jaholatga qarshi ma’rifat” tashabbusi, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, XXI asr vabosi deya nom olgan ekstremizm va terrorizmga qarshi islom ma’rifati yordamida kurash mavzularidagi ma’ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Konferensiya nihoyasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Turkiyaning Ibn Xoldun universtiteti qoshidagi Sivilizatsiyalarni qiyosiy o‘rganish instituti o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
O‘MI Matbuot xizmati
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV